Iqtisodiyot | 14:14 / 10.01.2024
5842
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 yilda 5,5 foizga o‘sdi

Jahon banki 2024 va 2025 yillarda ham O‘zbekiston YaIM o‘sishi bir xil – 5,5 foiz darajada saqlanib qolinishini prognoz qildi. Mutaxassislar Yaqin Sharqdagi va Ukrainadagi urushlar hamda Xitoyda iqtisodiy o‘sishning yanada sekinlashishi kabi omillarni Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun tahdidlar sifatida sanab o‘tdi.

Foto: Getty Images

Jahon banki “Jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollari” hisobotining navbatdagi sonini e’lon qildi.

Hisobotda qayd etilishicha, Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2022 yildagi 1,2 foizdan 2023 yilda 2,7 foizgacha oshgan. O‘sishning tezlashishiga ichki talabning kengayishi, mehnat bozoridagi barqaror vaziyat hamda Rossiya va Ukrainadagi yangilangan o‘sish sabab sifatida keltirilgan.

Biroq Rossiya, Ukraina va Turkiyani hisobga olmaganda, o‘tgan yilda YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 1,8 foiz darajasida sezilarli sekinlashgan. Xususan, sekinlashuv mintaqa iqtisodiyotlarining 78 foiziga ta’sir ko‘rsatgan.

Yevrohududdagi zaif tashqi talabning ta’siri sababli pasayish Markaziy Yevropa (o‘sish — 0,7 foiz) va G‘arbiy Bolqonda sezilarli darajada bo‘lgan. Shuningdek, iqtisodiy o‘sish Janubiy Kavkazda ham sekinlashgan, lekin Markaziy Osiyoda tezlashgan. Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonda talabni qo‘llab-quvvatlashda pul o‘tkazmalari oqimi muhim rol o‘ynagan.

Sharqiy Yevropada ham iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikaga qaytgan. Ukrainada o‘sish sur’ati 4,8 foizni tashkil etgan. Ammo mamlakatning 2023 yildagi ishlab chiqarish hajmi urushdan oldingi darajadan 30 foiz pastroq ko‘rsatkichda qolgan.

Mintaqada energiya va oziq-ovqat narxlari bosimining pasayishi ortidan inflatsiya sekinlashgan, ammo raqamlar aksariyat mamlakatlarda maqsadli ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Prognozlar

YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish 2024 yilda 2,4 foizgacha pasayishi, 2025 yilda esa 2,7 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy iste’molning oshishi va yevrohudud iqtisodiyotining bosqichma-bosqich tiklanishi asosiy omil o‘laroq keltirilgan.

Biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli yuzaga kelgan noaniqlik mintaqa istiqbollarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi. Bu ikki davlatni hisobga olmaganda, mintaqadagi o‘sish sur’ati joriy yilda 3,1 foizga, 2025 yilda esa 3,7 foizga tezlashishi mumkin.

Aksariyat YeMO mamlakatlari inflatsiyaning pasayishi sharoitida pul-kredit siyosatini yumshatishda davom etishi mumkin. Biroq bank tahlilchilarining ta’kidlashicha, kutilayotgan budjet konsolidatsiyasi bu istiqbollarni yopib ketadi.

Pandemiyaning davom etayotgan oqibatlari va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli mintaqadagi o‘sish pandemiyadan oldingi tendensiyalardan past bo‘lishi kutilmoqda. YeMO mintaqasida aholi jon boshiga daromad darajasining yaqinlashuv sur’ati sekin darajada prognoz qilinmoqda, shu jihatdan aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 2025 yilda Yevropa Ittifoqi ko‘rsatkichining atigi 24 foizini tashkil etadi.

Jahon banki iqtisodchilari 2024 va 2025 yillarda ham O‘zbekiston YaIM o‘sishini bir xil – 5,5 foiz darajada saqlanib qolishini kutishmoqda.

Xatarlar

Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi energiya narxi oshishiga, moliyalashtirish shartlarining keskinlashishiga olib kelishi va ishonch darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mintaqadagi geosiyosiy xatarlar, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan mojaroning kuchayishi yuqori darajada bo‘lib, u allaqachon og‘ir insoniy va iqtisodiy yo‘qotishlarni yanada oshirishi mumkin. Kutilgandan yuqori inflatsiya sharoitida qattiqlashtirilgan pul-kredit siyosati uzoq vaqt davomida saqlanib qolishi mumkin.

Mintaqaning asosiy savdo sherigi bo‘lgan yevrohududda iqtisodiy tiklanish kutilganidan sekinroq bo‘lishi mintaqadagi faollikka ham ta’sir qiladi. Bundan tashqari, Xitoyda iqtisodiy o‘sishning yanada sekinlashishi yoki Rossiyadan pul o‘tkazmalarining kutilganidan ko‘ra keskin qisqarishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari uchun salbiy tashqi ta’sirlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi yordam fondlarining kechikishi Markaziy Yevropada iqtisodiy o‘sishga ta’sir qiluvchi yana bir xatarni paydo qiladi.

Mavzuga oid