Jamiyat | 20:23 / 11.01.2024
5801
6 daqiqa o‘qiladi

Gulchehra Nurullayevaning mustaqillik yillaridagi ilk she’riy to‘plami nashr etildi

Marhum shoira 90-yillarda taqiqda edi.

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G'aniyev

Marhum shoira Gulchehra Nurilloh qizining tanlangan she’rlaridan iborat uch tomlik she’riy to‘plami nashr etildi.

«Yurak bilan suhbat» nomli birinchi jildga bir paytlar kitoblariga kiritilgan she’rlar saralab olingan, «Martabasi baland quyoshning» nomli ikkinchi jildidan shoiraning 1987 yildan 2003 yilgacha yozilgan satrlari joy olgan. «Haqqa haqiqatga» nomli uchinchi jild esa shoira ijodining 2004 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrini qamrab olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ijodkorlar va muxlislar shoira hamda uning mazkur to‘plami to‘g‘risidagi iliq fikrlarini bildirib o‘tgan.

«Bugun O‘zbekiston butunlay boshqacha qiyofada bo‘lishi mumkin edi, yangi tariximiz ham boshqacha kechgan bo‘lardi, magaram peshonamizga Gulchehra Nurillohlardan biron o‘nta bitgan bo‘lganda. Ijodkor va Shaxs o‘z g‘oyalari yo‘lida hech nimaga chalg‘imasligi kam kuzatiladi. Odatda diqqat hammaslaklaring, yo‘ldosh ulug‘ shaxslar, manfaatlar uzra sochilib ketadi. Bosh maslakdan uzoqlashasan yoki ayro tushasan. Yaqin tariximizda bunga misollar juda ko‘p. Ammo Gulchehra opa hammadan voz kechib bo‘lsa ham, yakka o‘zi hammaga qarshi borib bo‘lsa ham oliy Maqsadi, bosh G‘oyasidan chalg‘imagan Shaxs o‘laroq gavdalandi ko‘z o‘ngimda. To‘plamlarini nashr etishga biroz hissam qo‘shilib qolganidan g‘oyat mamnunman», deydi to‘plamlar nashr etilgan «Akademnashr» nashriyoti rahbari Sanjar Nazar.

«Sevimli Erkin Vohidovning «Gul yonib, gulgun yonib, gulshan aro Gulchehralar» deb boshlanuvchi mashhur g‘azalidagi Gulchehralardan biri mana shu jo‘mard ayol edi. O‘smirligimda «Saodat» jurnalini Halima opam rahbar yillaridagi sonida «Men ona bo‘larman jo‘mard zotiga» sarlavhali bir turkum she’rlarini o‘qigandim. Mahliyo bo‘lgandim.

Vaqtlar o‘tib, shoiraning o‘zi va Vatani taqdiri bilan bog‘liq iztirobli, lekin ulug‘vor bir qat’iyat ruhidagi she’rlarini o‘qidik. Uzoq yillar xalqidan ayro qilingan shoiramiz ijodi bilan to‘liq tanishish imkoni bor endi. Bu kitobdagi ayrim she’rlarni o‘qib, odamzotga, ayniqsa, ulkan iste’dodlarga zulm qilish hech qachon yo‘lboshchilarga zeb bo‘lmasligini angladim», deydi shoira Guljamol Asqarova. 

«Yangi yil arafasida taomu dasturxonni o‘ylamay, she’r o‘qib o‘tirish ham bir baxt. Ayniqsa bu Gulchehra Nurillayevaning she’rlari bo‘lsa... Shoiraning so‘nggi kitobi 1988 yili chop etilgan ekan. Men 13 yosh bo‘lgan ekanman... Dahshat! Asarlari hali-beri kun ko‘rmasligini bilib turib ham shoira  yozavergan, ijodini to‘xtatmagan. Xalqimizning shunday qizlari bor!» deydi jurnalist Nazokat Azim.

«Kecha Gulchehra Nurullayevaning uch jildlik kitoblari chop etilganidan xabar topgan edim. Bugunoq ularni sotib oldik. Opaning shaxsiyati, ijodi bilan qisman tanish edim. Yutoqib o‘qishni boshladim. Men opani xayolimda doim Anna Axmatovaga o‘xshatib kelganman. She’riyatidagi jo‘shqinlik, shaxsiyatidagi jasorat tufaylidir balkim. Ayniqsa, kitoblarning ikkinchi va uchinchi jildiga shoiraning 32 yil mobaynida deyarli chop etilmagan she’rlari jamlangani, o‘ylaymanki, barcha muxlislariga opadan hassos badiiy xotira bo‘lsa ajab emas», deya fikrlarini bildirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Alisher Shoyimov.

***

Gulchehra Nurullayeva 1938 yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlog‘ida tug‘ilgan. 1956-1964 yillarda Toshkent universitetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan. 

U 1961–1967 yillarda «O‘zbekiston xotin-qizlari» jurnalida ishlagan. 1967–1969 yillarda esa Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursida o‘qigan.

Shoiraning birinchi she’riy to‘plami 1965 yilda «Quyosh tabassumi» nomi bilan chop etiladi. Keyinroq turli yillarda «Orzularim qoqadi qanot», «Tashnaman», «Ikkinchi bahor», «Lirika», «Bag‘ishlov», «Paxta hidi», «Nurli nuqtalar» nomli kitoblari ham nashrdan chiqqan.

Tanqidiy qarashlari tufayli mustaqillikning ilk yillarida ta’qibga uchragan shoira adabiy muhitdan chetda qolgan va hatto Yozuvchilar uyushmasidan chetlatilgan, kitoblari chop etilmagan – bungacha uning so‘nggi kitobi «Muhabbatning suvrati» (1988 yil) bo‘lib qolgandi. 

Foto: Kun.uz / Muhammadjon G'aniyev

U faqat O‘zbekistonning hozirgi prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davrida «oqlanadi» va 2018 yilda Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga ham tiklanadi, 2019 yil 9 may kuni O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni (oltin medali) bilan taqdirlanadi.

Shoira 2021 yil yanvarida 83 yoshida olamdan o‘tadi.

Ushbu kitobni Inobat Axatova (@I_A_95) bilan bog‘lanib xarid qilish mumkin.

Mavzuga oid