Jahon | 08:35 / 18.01.2024
3839
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden Kongressni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi

Kongressning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora ko‘rmagani AQSh, NATO va qolgan erkin dunyoning milliy xavfsizligini xatar ostiga qo‘yadi, dedi Jo Bayden.

Foto: Shawn Thew / EPA / TASS

Kongressning Ukrainaga keyingi harbiy yordam bo‘yicha harakat qilmayotgani «AQSh, NATO ittifoqi va boshqa erkin dunyoning milliy xavfsizligini xatar ostiga qo‘yadi». Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressning bir qator qo‘mitalari rahbariyati bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar berdi 17 yanvar, chorshanba kuni Oq uy matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Bayden Vakillar palatasi va Senatdagi razvedka, qurolli kuchlar va moliyalashtirish bo‘yicha qo‘mitalar, shuningdek, Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasi va Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasi raislari va a’zolari bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligini muhokama qilgan. U Kongress Ukrainaga «Rossiya hujumidan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan resurslar, jumladan, havo hujumidan mudofaa va artilleriya» olishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. «Prezident Kongressni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun tezda qo‘shimcha mablag‘ ajratishga va AQShning qat’iyligi haqida kuchli signal berishga chaqirdi», deb ma’lumot berdi Oq uy. 

Shu bilan birga, Bayden Senatdagi ikki partiyali muzokaralar chog‘ida AQSh chegaralarini himoya qilish bo‘yicha erishilgan yutuqlar uni ruhlantirganini aytdi. Bir kun avval AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda uni Rossiyadan himoya qilish uchun mamlakatiga yordam berish davom etishiga ishontirdi. 

AQShning Ukrainaga harbiy yordami

7 yanvar AQSh Kongressidagi Demokratik va Respublikachilar partiyalari vakillari hukumatning 2024 yilgi budjeti bo‘yicha kelishib oldi. Amerika qonun chiqaruvchi organi har ikki palatasining tegishli qo‘mitalari tomonidan qabul qilingan mudofaa budjeti loyihasida Ukrainaga harbiy yordam sifatida 300 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qonunchilar, agar kerak bo‘lsa, 2025-moliya yilida ham xuddi shunday ehtiyojlar uchun 300 million ajratish niyatida. Umuman olganda, Kiyevga yordam 2026 yil oxirigacha uzaytirildi.

2023 yilda, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga umumiy qiymati 24 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 34 ta harbiy yordam paketini taqdim etgan. 

Mavzuga oid