Jahon | 22:00 / 20.01.2024
11615
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil Suriya poytaxtiga raketa zarbasini berdi, Eron harbiylari halok bo‘ldi

Damashqqa berilgan zarba oqibatida eronlik yuqori martabali harbiylar halok bo‘ldi.

Foto: SANA/Handout via REUTERS

Isroilning Suriya poytaxti Damashqqa bergan raketa zarbasi oqibatida Eronning elita harbiy-siyosiy tuzilmasi bo‘lmish Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) to‘rt nafar a’zosi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Isroil Damashq g‘arbidagi ko‘p qavatli uyga raketa bilan zarba bergan. Binodan Suriya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi eronlik maslahatchilar foydalangan. Zarba oqibatida uy butunlay vayron bo‘lgan.

Damashqdagi «Al-Muvasat» shifoxonasi direktori Imom Al-Amin Suriyaning «Al Vatan» gazetasiga ma’lum qilishicha, hujumdan so‘ng shifoxonaga bir kishining jasadi keltirilgan. Shuningdek, uch nafar yarador, jumladan bir ayol ham kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Falastinning «Islomiy jihod» harakati yetakchilaridan biri Akrom al-Ajuriy halok bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, biroq tashkilot vakili buni rad etadi. Uning Reuters agentligiga aytishicha, zarba oqibatida guruh a’zolaridan hech biri jabrlanmagan.

Isroil rasmiylari bu zarba bo‘yicha hozircha ma’lumot bermadi.

Isroil Suriyadagi Eron bilan bog‘liq nishonlarga muntazam ravishda zarba beradi. 2023 yil oktyabr oyida Falastin-Isroil mojarosi boshlanganidan beri, Isroil kuchlari Suriyadagi nishonlarga hujumlarni kuchaytirdi. Dekabr oyida isroilliklarning ikkita zarbasi oqibatida IIQK uch nafar a’zosi, jumladan Suriya va Eron o‘rtasidagi harbiy muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul maslahatchi halok bo‘lgan edi.

Mavzuga oid