O‘zbekiston | 18:40 / 20.01.2024
5226
2 daqiqa o‘qiladi

Transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar belgilandi

Pulli to‘xtab turish joy egalari avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etishi, hududda yo‘l belgilari o‘rnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qo‘riqlashning boshqa texnik vositalari o‘rnatilishi va uzluksiz ishlashini ta’minlashi shart.

Foto: Shutterstock

«Yo‘l harakati to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonunga ko‘ra, transport vositalari uchun pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilaydi.

Bunda to‘lov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz, to‘lov tizimlaridan, shu jumladan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.

Pulli to‘xtab turish joylarining egalari ushbu joylardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilar hamda transportlarning ro‘yxatini belgilash huquqiga ega.

Ular, shuningdek:

- pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini joriy etishi;

- pulli to‘xtab turish joylari tashkil etilgan hududda yo‘l belgilari o‘rnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qo‘riqlashning boshqa texnik vositalari o‘rnatilishi va uzluksiz ishlashini ta’minlashi;

- to‘xtab turish joyining kirish yoki undan chiqish joyiga tutash bo‘lgan to‘xtab turish joylari orasidan nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan transport vositalari uchun joylar ajratilishini ta’minlashi shart.

Mavzuga oid