Jahon | 14:09 / 25.01.2024
2284
3 daqiqa o‘qiladi

Shmixal: Slovakiya bosh vaziri Ukrainaning YeIga integratsiyasini qo‘llab-quvvatladi

Kremlparast pozitsiyasi bilan tanilgan Robert Fitso Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U Ukraina uchun 50 milliard yevro miqdoridagi Yevropa Ittifoqi transhiga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berdi, dedi Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal.

Foto: Telegram / Denys_Smyhal

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ukrainalik hamkasbi Denis Shmixal bilan uchrashuvda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatladi, ikki tomonlama munosabatlarni o‘zaro hurmat va ishonch asosida rivojlantirishga tayyorligini, shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga sodiqligini bildirdi. Bu haqda Shmixal 24 yanvar, chorshanba kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Ujgoroddagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi, u «o‘zaro ishonch va hurmat asosida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashi kerak», deb yozadi Ukraina bosh vaziri. 

Unga ko‘ra, Fitso Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy taklif qilgan tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlagan. Bu formula, boshqa narsalar qatori, barcha rus qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketish va Ukraina hududiy yaxlitligini tiklashni nazarda tutadi. Denis Shmixal xabar qilganidek, Robert Fitsoga Slovakiyaning Ukrainani tiklash va uning hududini minalardan tozalashda ishtirok etishi «muhimligi eslatib o‘tildi» va u, o‘z navbatida, Ukraina uchun Yevropa Ittifoqining 50 mlrd yevrolik transhiga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berdi. Fitso ilgari ushbu transhni «foydasiz» deb atagan.

Robert Fitsoning kremlparast pozitsiyasi

Kuni kecha kremlparast pozitsiyasi bilan tanilgan Robert Fitso televideniyega bergan intervyusida Ukrainaning NATOga a’zoligiga «veto qo‘yish va bloklash» niyatida ekanini aytdi, chunki bu, uning so‘zlariga ko‘ra, «uchinchi jahon urushi sari yo‘ldir». Shuningdek, u Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishdan oldin ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish uchun nomzodga qo‘yiladigan barcha talablarni bajarishi shartligini ta’kidladi.

Fitso Slovakiya davlat sifatida Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatishini aytdi, biroq ayni paytda «tijoriy qurol-yarog‘ yetkazib berishga» qarshi emasligini ta’kidladi.

Robert Fitso o‘zining «Kurs - slovak sotsial-demokratiyasi» partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin Slovakiya hukumati tepasiga keldi. Saylov kampaniyasi vaqtida u Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishga va’da bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid