Jahon | 21:19 / 31.01.2024
9726
10 daqiqa o‘qiladi

Nobelga ilgari surilgan Tramp, muzokaralarga kirishgan HAMAS va 14 yilga qamalgan sobiq bosh vazir - kun dayjesti

So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli yangiliklar, voqea-hodisalar va bayonotlarning qisqacha sharhi bilan kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

Isroil agressiyasi tufayli halok bo‘lgan falastinliklar soni oshishda davom etmoqda. Shu kungacha qurbon bo‘lgan aholi soni 26 ming 751 kishiga yetgan, deb xabar beradi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi.

65 ming 636 kishi turli darajada yarador bo‘lgan. So‘nggi bir sutka ichida Isroil kuchlari tomonidan 13 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazilgan va unda 114 kishi halok bo‘lgan, 249 kishi yaralangan.

Shu paytgacha halok bo‘lganlarning kamida 11 ming nafari yosh bolalar, 7,5 mingi esa ayollar ekani ma’lum qilinmoqda. 

Isroil-HAMAS muzokaralari

2023 yilning noyabr oyida bir haftalik otashkesim va asirlarni almashish haqidagi kelishuv barbod bo‘lgach, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi aloqalar uzilib qolgan edi.

Garchi jiddiy to‘sqinliklar mavjud bo‘lsa-da, muzokaralarni qayta tiklash to‘g‘risidagi gap-so‘zlar so‘nggi ikki hafta ichida yana jonlandi.

25 yanvar kuni Isroilning Haaretz nashri muzokara jarayoni bilan yaqin tanish manbasiga asoslanib, HAMAS va Isroil «kelishuvning katta qismi bo‘yicha bazaviy bitimlar»ga erishganini aytgan. Bu holatda yagona va muhim holat — o‘t ochishni to‘xtatish kelgusi muzokaralarga to‘siq bo‘lib turibdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, HAMAS delegatsiyasi garovda ushlab turilganlarni ozod etish bo‘yicha kelishuvni muhokama qilish uchun Misrga boradi. Falastin harakati delegatsiyasi Qohirada Misr rasmiy shaxslari bilan garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha takliflarni muhokama qiladi. 

AQSh–Eron tarangligi

AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika Yaqin Sharqda urushning kengayishini istamasligini aytgan. U Suriya va O‘rdun chegarasidagi Amerika harbiy bazasiga hujumga qanday javob qaytarilishi haqida gapira turib, AQSh bu mintaqada urushni avj oldirishni istamasligini aytgan.

So‘nggi ikki kun ichida AQSh Eron tomonga bir nechta murojaat yo‘llagan. Bu murojaatnomalarda Vashington Eron tomonidan harbiy harakatlarning kengaytirilishi AQSh tomonidan javob harakatlariga olib kelishi aytilgan, garchi Amerika total urushga intilmayotganiga urg‘u berilgan bo‘lsa ham.

Amerika tomonining tahdidlarini rad etar ekan, Tehron o‘z hududiga hujumni qizil chiziqning bosib o‘tilishi deb hisoblashi va bunday harakatlarga mos javob berilishini ta’kidlagan. Tehronning javobiga ko‘ra, Eron urush uchun sabab qidirmayapti, lekin Amerikaning har qanday provokatsiyasiga qarshi tura oladi.

Eslatib o‘tamiz, Amerikaning Suriya va O‘rdun chegarasidagi At-Tanf harbiy bazasiga dronlar hujumi natijasida amerikalik uch harbiy halok bo‘lgan. 40 dan ortiq askarlar yarador bo‘lgan.

So‘nggi bir oy ichida AQShning Suriyadagi harbiy bazalariga 83 marta hujum qilingan. AQSh bu harakalar ortida Eron turganini iddao qilmoqda. Eron tomoni esa bu ayblovlarni rad etib, Iroq va Suriyadagi qarshilik kuchlari amerikalik askarlarga hujum qilayotganini ta’kidlamoqda. 

Ukrainaga yordam

Ukraina bugundan boshlab AQShdan yangi GLSDB reaktiv snaryadlarini qabul qilib olishi mumkin, deb yozadi Politico nashri.

Bu yuqori aniqlikdagi, kichik diametrdagi reaktiv snaryadlar, ya’ni bombalar Boeing kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, Ukraina mudofaa kuchlariga yetkazilishi o‘tgan yiliyoq anons qilingan edi.

Muzokara jarayonlari bilan tanish AQSh rasmiylarining jurnalistlarga hikoya qilib berishicha, Pentagon uzoq masofaga ucha oluvchi yuqori aniqlikdagi bombalar sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Bunday snayardlar bugundan boshlab jang maydonlariga yetkazilishi kutilmoqda.

Bu snaryadlar bilan Ukraina qurolli kuchlari 160 km naridagi nishonni bexato urish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Agar AQSh Ukrainaga yordam berish liniyasini susaytirsa, Yevropa Kiyevga yordam miqdorini ko‘paytirishga tayyor turishi kerak, degan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron

«Biz o‘z harakatlarimizni shunday rejalashtirishimiz kerakki, AQSh suveren tanlov qilib yordamni to‘xtatsa yoki uning miqdorini kamaytirsa, bu Ukrainaga o‘z ta’sirini o‘tkazmasligi kerak. Garchi AQSh yordam berayotgan bo‘lsa ham, Ukraina eng avvalo bizning muammomiz», degan Fransiya yetakchisi

Makronga ko‘ra, 1 fevral kuni Bryusselda bo‘ladigan sammit chog‘ida budjet muammolari bilan bir qatorda Ukrainaga iqtisodiy va harbiy yordam masalalarini ham muhokama qilishlari kerak.

Fransiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kiyega yordam berish liniyasi jang maydonida “Rossiya g‘alaba qozonmasligi kerak”, degan yevropacha yondashuvga mos keladi. 

Vengriyaning sharti

Agar Yevropa Ittifoqi Ukrainaga ajratiladigan yordam miqdorini har yili tasdiqdan o‘tkazadigan bo‘lsa, Vengriya uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Vengriya bosh vaziri Ukrainaga Yevropa Ittifoqi budjetidan 50 mlrd yevrolik yordam puli uchun qarshi ovoz bermaslikka tayyor. Faqat bir shart bilan: bu pullar birvarakayiga emas, 4 yil davomida har yili yakdil ovoz berish yo‘li bilan ajratilishi kerak. Ya’ni Orban vaziyatga qarab o‘zining veton huquqidan foydalanishni saqlab qolmoqchi.

«Biz murosali yechim taklif qmlmoqchimiz. Biz budjet o‘zgartirilishiga qarshimiz. Biz birvarakayiga 50 mlrd yevrolik ulkan summa ajratilishiga qarshimiz. Uni birdan 4 yilga tasdiqlanishiga ham qarshimiz. Lekin Vengriya Yevropa Ittifoqining 27 davlati qatorida bunda ishtirok etishga rozi. Faqat pul ajratishda davom etishi kerak yoki yo‘qligi har yili tasdiqlanishi kerak», — degan Orban. 

Xitoy «Tolibon»ni tan oldi

Xitoy Xalq Respublikasi afg‘onistonlik diplomatga elchi sifatida akkreditatsiya bergan. XXR raisi Si Jinping Pekinda Afg‘oniston Islom Amirligi elchisi Bilol Karimiydan 41 ta davlat elchilari qatorida ishonch yorlig‘ini qabul qilib olgan.

Xitoy raisi Si Jinping va tashqi ishlar vaziri Vang I toliblarning vakili bo‘lgan diplomatning ishlariga muvaffaqiyat tilagan.

Avval Xitoyning Kobuldagi elchisi Jao Sing «Tolibon» bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Hasan Oxundga ishonch yorlig‘i topshirgan edi.

Qayd etib o‘tish kerak, so‘nggi ikki yil ichida jahonning birorta davlati «Tolibon»ni Afg‘onistonning hokimiyati sifatida rasman tan olmasdan kelayotgan edi. Garchi juda ko‘p davlatlar harakat bilan diplomatik munosabatlarni saqlab turgan bo‘lsa-da. 

Tramp — tinchlikparvar?

AQShning sobiq prezidenti va yangi prezidentlik saylovi kampaniyasida ishtirok etayotgan Donald Trampning nomzodi navbatdagi marta Nobel tinchlik mukofoti uchun ilgari surildi.

Bu tashabbusni Kongressning Nyu-York shtatidan saylangan a’zosi Klodiya Tenni ilgari surgan. Klodiya xonim Tramp ushbu mukofotni qo‘lga kiritishi uchun Isroil va bir qator arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga xizmat qilgan «Avraam kelishuvlari»ning imzolanishini asos qilib ko‘rsatgan.

Tennining so‘zlariga ko‘ra, AQShning sobiq prezidenti bu borada misli ko‘rilmagan sa’y-harakatlar qilgan va bu hol hanuzgacha Nobel qo‘mitasi tomonidan yetarli e’tiborga olinmagan. 

Ahvolimiz Rossiyadan yaxshiroq

Rossiya Transparency International tomonidan tuzilgan korrupsiyani his qilish indeksida 180 ta davlat ichida 141-o‘rinni egallagan. Bu pozitsiyada Uganda, Qirg‘iziston va Gvineya ham bor.

Bu reytingning dastlabki uchligidan Daniya, Finlandiya va Yangi Zelandiya o‘rin olgan. So‘nggi o‘rinlarga Suriya, Yaman, Janubiy Sudan, Belarus va Somali kabi davlatlar joylashtirilgan.

O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 121-o‘rinda. O‘tgan bir yil ichida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini 5 o‘ringa yaxshilay olgan. 

Sobiq bosh vazirga 14 yil

Korrupsiya borasida e’tiborga molik yana bir xabar. Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon korrupsiyada ayblanib, 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Uning rafiqasi ham shu muddatga qamalgan.

Pokiston so‘zi “Tahriqi Insof” partiyasi asoschisi, mamlakatning sobiq bosh vaziri hamda uning rafiqasiga bu jazo o‘tib chiqilganidan so‘ng 10 yil davomida davlat lavozimlarini egallashni ham taqiqlagan. Shuningdek, 787 mln pokiston rupiyasi — qariyb 9,4 mln AQSh dollari miqdorida jarima ham qo‘llangan.

Pokiston yuqorida aytib o‘tilgan korrupsiyani sezish reytingida 133-o‘rindan joy olgan.

Mavzuga oid