G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil G‘azoning shimolida omon qolgan so‘nggi shifoxonani bombaladi. Kamol Advan shifoxonasi doktori Hussam Abu Safiya o‘z videomurojaatida so‘nggi haftalarda Isroil shifoxonani ayovsiz bombalayotganini ma’lum qildi.
31 oktyabr kuni boshlangan ilk zarbada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan yetkazilgan tibbiy zaxiralar yo‘q qilingan.
3 noyabr kungi hujumda shifoxonaning uchinchi qavati yo‘q qilingan.
Hujumlar natijasida shifoxonaning suv va elektr ta’minoti uzib qo‘yilgan, 6 kishi yaralangan, ulardan biri yaqinda operatsiya qilingan 13 yoshli qiz.
Shifoxona xodimlari yaralangan, shuningdek binoga yetkazilgan zarar tufayli bemorlarga yordam berish uchun bo‘limlar orasida o‘tib-qaytish imkonsiz bo‘lib qolgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, butun shimoliy G‘azoda 300 ga yaqin bemor shifoxonalarda qamalib turibdi, ularning oldiga biror tibbiyot brigadasi o‘tolmayapti. Kamol Advan shifoxonasi ham qamalda va kritik holatda.
Bu orada G‘azoda o‘ldirilgan insonlar soni 43,5 mingdan oshdi. Ularning 17,2 mingdan ziyodi yosh bolalar va 17,7 ming nafarini ayollar tashkil etadi. Bir yildan ziyod vaqt ichida yaralanganlar soni 102 ming 884 kishiga yetgan.
O‘ldirilgan insonlarning real soni 5 barobar yuqori, ya’ni 200 mingdan oshiq bo‘lishi mumkin. Juda ko‘p insonlarning jasadi vayronalar ostida qolib ketmoqda. Bu esa g‘azo aholisining qariyb 10 foizini tashkil etadi, deb yozadi nufuzli tibbiyot jurnali Lancet.
Livanga hujum
Isroil armiyasining so‘nggi kunlarda Livanning turli tumanlariga hujumlari natijasida 53 kishi halok bo‘ldi va 99 kishi yaralandi, deb xabar bermoqda Livan sog‘liqni saqlash vazirligi.
Livanning markaziy qismida joylashgan Jabal Livan aholi punktining Jubayl mavzesiga berilgan zarbalar natijasida 20 kishi o‘ldirilgan. Ularning uch nafari yosh bolalar.
Shuningdek, Bayretning shimoliy sharqidagi A’almat mavzesiga berilgan zarbalar natijasida kamida 20 kishi qurbon bo‘lgan va 6 kishi yaralangan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar bor.
Bir yildan ziyod vaqt ichida Isroil agressiyasi tufayli Livanda qurbon bo‘lgan insonlar soni 3189 nafarga yetgan. Yaradorlar soni esa 14 ming 78 kishi tashkil etmoqda.
Yamanga aviahujum
AQSh va Buyuk Britaniya Yaman bo‘ylab aviazarbalar uyushtirdi. Husiychilarning ma’lum qilishicha, uchta aviazarba poytaxt Sano shahriga to‘g‘ri kelgan.
Husiychilarga qarashli «Al-Masiyra» telekanalining xabar berishicha, poytaxt Sanodagi An-Nahdayn, Al-Hafa va As-Sabin tumanlariga aviazarbalar berilgan.
Hozircha qurbonlar to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berilmagan. «Voqeani o‘zi ko‘zlari bilan ko‘rganlar Sanoning turli tumanlari uzra intensiv parvozlar va portlashlarni eshitishgan», deyiladi xabarda.
Pentagon esa Adan qo‘ltig‘i va Qizil dengizda harakatlanayotgan harbiy va fuqarolik kemalariga hujum qilish uchun ishlatiladigan qurol-yarog‘lar saqlanayotgan obektlarga zarbalar berilganini ma’lum qilgan.
Sobiq vazirning iqrori
Isroilning ishdan bo‘shatilgan mudofaa vaziri Yoav Gallant G‘azoda garovda ushlab turilganlarning oilalariga Isroil armiyasi G‘azoda o‘z vazifasini uddalab bo‘lgani va «sektorda ortiq qiladigan ishi qolmagani»ni aytgan.
Gallant shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Isroil xavfsizlik xizmatlarining maslahatlariga ters o‘laroq, garovda ushlab turilganlarni almashish va tinchlikka erishish bo‘yicha bitimni rad etgan.
Gallant bu bayonotni Netanyahu uni G‘azoni okkupatsiya qilishga qarshi chiqqani uchun ishdan bo‘shatganidan so‘ng aytgan. U garovdagilarning oilasi oldida chiqish qilar ekan, «G‘azoda qiladigan ishimiz qolmadi», degan.
Sobiq mudofaa vaziri Netanyahuning G‘azoda qolaverish talabini tanqid qilib, bu askarlarning hayotiga o‘zini oqlamaydigan tahdid ekanini ta’kidlagan.
Netanyahu tan oldi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham jinoyatkorona qilmishlaridan biriga iqror bo‘ldi. U vazirlar devoni yig‘ilishida sentabr oyida «Hizbulloh» va unga aloqador insonlarning peyjyerlari va boshqa aloqa vositalarining portlatilishi ortida Isroil turganini tan oldi.
«Peyjyerlar va Hasan Nasrullohning o‘ldirilishi bilan bog‘liq operatsiya mudofaa idorasidagi hamda harbiy operatsiyalar uchun mas’ul siyosatchilarning qarshiligiga qaramasdan o‘tkazildi», — dedi Netanyahu, o‘zining ayblovlarida armiya va razvedka rahbarlari va yaqinda ishdan bo‘shatilgan mudofaa vaziri Yoav Gallantga shama qilib.
O‘shanda — sentabr oyida Livan va Suriyaning ayrim hududlarida minglab peyjyerlar portlagan hujum uchun Isroil javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan edi.
Britaniyadan xafa Ukraina
Buyuk Britaniyada hukumat almashgach, Ukrainaga raketalar yetkazib berish to‘xtatib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Yozda Britaniyada hukumat tepasiga leyboristlar partiyasi kelgach, Kiyev va London o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan. Bu haqda Guardian nashriga yuqori martabali ukrain mulozimlari ma’lum qilishgan. Ular Britaniya uzoq masofaga ucha oluvchi qo‘shimcha raketalar yetkazishni bas qilganidan noroziligini bildirishgan.
Shuningdek, ular Britaniyaning yangi bosh vaziri Kir Starmer hanuzgacha Kiyevga kelmaganidan hayron.
Agar Starmer Storm Shadow raketalarining zaxirasini to‘ldirishni va’da qilmas ekan, uning Kiyevga ehtimolli tashrifidan ham ma’ni yo‘q, deyishgan ular.
«U turist sifatida kelishidan ma’ni yo‘q. Biz bir necha bor tashrifni muhokama qildik. Turli muddatlar taklif etildi. Birortasi amalga oshmadi. U bir necha bort tashrifni ortga tashladi», — degan Zelenskiy ma’muriyatidagi vakillardan biri.
Ukrainaga yordam
Britaniyadan farqli o‘laroq, Fransiya Ukrainani uzoq masofalarga ucha oluvchi raketalar bilan qurollantirishga jazm qilgan.
Fransiya mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu Ukraina uchun SCALP qanotli raketalarining yangi partiyasi tayyorlab qo‘yilganini ma’lum qilgan.
«Ukraina front chizig‘i bo‘ylab zarba berishi uchun Makron Zelenskiyga va’da qilganidek, so‘nggi kunlarda men o‘nta SCALP raketalarini topshirish uchun yangi qaror imzoladim», — degan vazir.
Lekornyuning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumati kelgusida siyosiy qarorlar qabul qila olishi uchun hamkorlar Ukrainani barqaror qo‘llab-quvvatlashlari kerak.
AQShning ketayotgan ma’muriyati Bayden muddati tugagunga qadar Kiyevga ma’qullangan yordamni berishga ulgurib qolmoqchi. Bu 6 mlrd dollarni tashkil etadi, degan Oq uy maslahatchisi Jyeyk Sallivan.
Sallivan shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalar Moskvaning Ukrainada urush olib borish imkoniyatiga to‘siq bo‘la olmaganini ham ta’kidlagan.
Bu orada Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 15-paketini ham tayyorlayotgani ma’lum qilindi.
Putinga qo‘ng‘iroq qilgan Tramp
Donald Tramp o‘tgan payshanba kuni Rossiya prezident Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgani ma’lum bo‘ldi. Washington Post gazetasining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Tramp Putinni Ukrainada mojaroni avj oldirmaslikka chaqirgan va AQShning Yevropadagi harbiy ishtirokini eslatib qo‘ygan.
Nashrning yozishicha, Tramp Ukrainani qo‘llab-quvvatlash Amerika soliq to‘lovchilari uchun qimmatga tushayotganidan tashvish bildirgan va tinchlikka erishish Ukrainadan ayrim hududlari, masalan Qrimdan voz kechishni talab qilishi mumkinligini taxmin qilgan.
Prezidentlar «Yevropa qit’asida tinchlikka erishish imkoniyatlarini muhokama qilishgan va Tramp Ukrainadagi urushni tezroq tugatishni muhokama qilish uchun kelgusi suhbatlardan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan», — degan nashrning bir necha manbalari.
Ukraina hukumati qo‘ng‘iroq to‘g‘risida ogohlantirilgan va ular e’tiroz bildirmagan. Ukraina rahbarlari «Tramp Ukraina masalasini diplomatik yo‘llar orqali hal qilish uchun Putin bilan yaqin aloqada bo‘lishini allaqachon tushunib yetishgan», demoqda manbalar.
Rossiyada neft giganti tayyorlanmoqda
Rossiya hukumati «Rosneft», «Gazprom neft» va «Lukoyl»ni birlashtirish imkonini ko‘rib chiqmoqda, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbalariga tayanib.
Xabar qilinishicha, ssenariylardan biriga ko‘ra, «Rosneft» qolgan ikkita kompaniyani yutib yuboradi va natijada Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft ishlab chiqaruvchi kompaniyasidan so‘ng jahonda ikkinchi o‘rinda turuvchi yana bir yirik neft kompaniyasi paydo bo‘ladi.
Bunday birlashuv Rossiyaga Hindiston va Xitoyga maqbul narxlarda neft yetkazib berish imkoniyatini yaratadi hamda sanksiyalardan himoyani kuchaytiradi. Bu holda jahon bo‘ylab neft savdosi «Lukoyl»ning Dubaydagi bo‘linmasi — Litasco orqali olib borilishi mumkin.
Mavzuga oid
13:19 / 03.12.2024
Suriyada davom etayotgan janglar, Sholsning Kiyevga tashrifi va Yevropada migrantlarga qarshi choralar - kun dayjesti
13:10 / 02.12.2024
Suriyadagi janglar, Ukrainaga Yevropadan yordam va BRIKSga tahdid qilgan Tramp - kun dayjesti
14:04 / 30.11.2024
Muxolifat qo‘liga o‘tgan Halab, yon berishga tayyor Zelenskiy va qora ro‘yxatdan chiqarilayotgan «Tolibon» - kun dayjesti
14:09 / 29.11.2024