G‘azodagi harbiy jinoyatlar, NATOdan Ukrainaga yangi yordam va G‘arbni ochko‘zlikda ayblagan Putin - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azoda Isroil bombalashlaridan halok bo‘lgan 42 mingdan ziyod insonning 70 foizi ayollar va yosh bolalardir. Bu haqda BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi ma’lum qildi.
BMT boshqarmasi G‘azo sektorida tinch aholi vakillarining o‘ldirilishi va xalqaro huquqning poymol qilinishi bo‘yicha hisobot e’lon qildi. Hisobot 2023 yilning noyabridan 2024 yilning apreligacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Hisobotda qayd etilishicha, eksklavning fuqarolardan iborat tinch aholisiga keng ko‘lamli yoki tizimli hujumlar insoniyatga qarshi jinoyat deb topilishi mumkin.
BMT inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi G‘azo sektoridagi hujumlar, bombalashlar va boshqa agressiya harakatlari natijasida o‘ldirilganlarning shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqlagan.
«Biz bu o‘limlarning 70 foizi ayni paytda bolalar va ayollar ekaniga aniqlik kiritdik. Bunday vaziyat xalqaro humanitar huquqning asos bo‘lib xizmat qiluvchi prinsiplarining tizimli poymol qilinishi, diskriminatsiya va evazdan ziyod o‘ch olishni namoyon etadi. Qayd qilingan o‘limlarning 80 foizida falastinliklar turar joylarda yoki shu kabi manzillarda o‘ldirilgan. Ularning 44 foizi yosh bolalar va 26 foizi ayollardir», — deyiladi hisobotda.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk davlatlarni Isroilga qurol-yarog‘ sotish hamda moddiy-texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatishdan tiyilishga chaqirdi.
«Agar bu qo‘llov xalqaro huquqning jiddiy toptalishiga olib keladigan bo‘lsa, bas qilinishi kerak», — degan u.
Turk G‘azodagi hujumlar zudlik bilan to‘xtatilishi, hibsdagilar va ko‘chadan ushlangan falastinliklar ozod qilinishi, hamda eksklavga insonparvarlik yordami yetkazilishiga chaqirdi.
NATOdan Ukrainaga yangi yordam
NATO va osiyolik hamkorlar Shimoliy Koreya askarlarining Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushdagi ishtirokini keskin tanqid qilishdi.
«NATO ittifoqchilari Rossiya Federatsiyasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi davlat va hukumat rahbarlarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz harbiy agressiyasini xavfli kengaytirish to‘g‘risidagi qarorlarini keskin qoralaydi», deyiladi 8 noyabr, juma kuni NATOning 32 ta davlati qabul qilgan, shuningdek, Ukraina va Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya tomonidan imzolangan qo‘shma bayonotda.
KXDR harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi ishtiroki NATO tomonidan yevroatlantika xavfsizligi va Hind-Tinch okeani mintaqasiga keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy eskalatsiya sifatida baholanmoqda, deyiladi hujjatda.
Uning mualliflari, shuningdek, KXDR harbiylarni yuborishdan oldin ham Moskvaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berish orqali harbiy yordam ko‘rsatganini ta’kidlagan.
«Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kengaytirish BMT Xavfsizlik Kengashining ko‘plab rezolyutsiyalarini buzish hisoblanadi», — deya ta’kidlagan bayonot mualliflari. Ular Rossiya Federatsiyasining BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi maqomiga ishora qildilar.
«Biz Rossiyani ushbu rezolyutsiyalarga rioya qilishga qaytishga va xalqaro majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.
Mojaroning bunday rivojlanishi fonida NATO mudofaalanayotgan mamlakatga keyingi yordamni va’da qildi. «Ittifoqchilar Ukrainani g‘alaba qozonmaguncha, zarur bo‘lgan vaqtgacha qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladilar», deyiladi bayonotda.
Maqsad Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytirish, ular Rossiya agressiyasiga muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatishidir, deya ma’lum qildi NATO davlatlari va ularning hamkorlari.
Putin «Valday»da nimalar dedi?
«Valday» muloqot klubining navbatdagi yig‘ilishida chiqish qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb davlatlarini «geosiyosiy ochko‘zlik»da aybladi.
Putin g‘arb sivilizatsiyasini dushman sifatida qabul qilmasligini, biroq uning «monopoliya»si tugab borayotganini qayd etgan.
«Bu yerda illyuziyalarga o‘rin yo‘q. Monopoliya — doim zararli narsa bo‘lib kelgan, hattoki monopolistlarning o‘zlariga ham», — degan Putin.
Rossiya prezidenti G‘arbni «geosiyosiy ochko‘zlik»da ayblagan va barcha joriy mojarolarga ular aloqador ekanini pisanda qilgan.
«G‘arb dunyoni o‘ziga moslab o‘zgartirmoqchi bo‘lib kelayotgani, uning tiyiqsiz va misli ko‘rilmagan geosiyosiy ochko‘zligi — bizning tarixiy davrimizdagi mojarolarning asosiy manbasi bo‘lib kelmoqda», — degan u.
«O‘zining jazosizligiga ko‘r-ko‘rona ishonish, o‘zini alohida e’tirofga molik deb bilish xalqaro fojiaga aylanib ketishi mumkin», — degan Putin va yadroviy qurollarga ega bo‘lgan mamlakatlar klubi kengayayotganini qayd etgan.
Putin Rossiya g‘arb sivilizatsiyasini dushman sifatida qabul qilmasligi va «biz bilan bo‘lmasang, bizga qarshisan» siyosatini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan va Rossiya «bo‘y ko‘rsatayotgan turfa xillik»ni olqishlashini aytgan.
Rossiyada ishchilar yetishmovchiligi
Mamlakatda ko‘cha tozalovchi ishchilarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Shu sababli «dvornik»larning o‘rtacha ish haqi deyarli 30 foiz oshdi.
Rossiyaning onlayn ish qidirish xizmati tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida ko‘cha tozalovchi «dvornik»larga bo‘lgan talab o‘tgan yilga nisbatan 47 foizga oshgan.
Qayd qilinishicha, ularga eng katta talab yirik shaharlar — Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Novosibirsk va Omskda qayd etilgan.
Davlat Dumasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Svetlana Razvorotneva so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda «dvornik»larning yetishmasligi bu yil qishda ko‘proq seziladi, chunki ko‘pchilik serdaromadroq kuriyerlik kasbini afzal ko‘ra boshlagan.
Ish qidirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi takliflari 29 foizga oshib, to‘liq kun uchun oyiga 43020 rubl (yoki qariyb 450 dollar)ni tashkil etgan.
Sankt-Peterburgda «dvornik»ning o‘rtacha ish haqi 55403 rublni tashkil qiladi. Moskvada bunday ishchilar eng ko‘p maosh oladi — o‘rtacha 61 610 rubl.
Trampning dastlabki tayinlovi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Syuzi Uaylsni Oq uy ma’muriyati rahbari etib tayinladi. Syuzi Uayls Trampning saylovoldi kompaniyasida xizmat qilgan ikki menejerdan biri. Shunday qilib, Tramp saylovda unga g‘alaba qozonishga yordam bergan siyosiy strategga asosiy pozitsiyani ishonib topshirdi.
Bu 20 yanvarda Oq uyga qaytadigan Trampning kadrlar bilan bog‘liq qarorlari ichida birinchisi bo‘ldi.
Uayls Oq uy ma’muriyati rahbari lavozimiga o‘tirgan ilk ayol bo‘ladi.
«Syuzi Uayls hozirgina menga AQSh tarixidagi eng muhim siyosiy g‘alabaga yordam berdi; U 2016 yilda ham, 2020 yilda ham, hozir ham mening muvaffaqiyatli kampaniyaning ajralmas qismi bo‘ldi», — deyiladi Trampning bayonotida.
Oq uy ma’muriyati rahbari katta ta’sir doirasiga ega mulozim hisoblanadi. Bu inson Oq uy personalini boshqaradi, prezidentning ish jadvali va grafigini tuzadi, hukumatning boshqa departamentlari va qonun chiqaruvchilari bilan aloqalarni saqlab turadi.
Pokistonning iflos havosi
Pokiston sharqida qalin smog bilan havo ifloslanishi ortidan bog‘ va muzeylar yopilmoqda. Shuningdek, endi soat 20:00 dan keyin barcha bozorlar yopiladi. Yangi cheklovlar odamlar o‘z uylaridan ko‘chaga chiqmasliklari uchun qaratilgan.
Bundan avvalroq mamlakatdagi havoning keskin yomonlashgani tufayli maktablar va davlat muassasalari yopilgandi.
Yangi cheklovlar Panjob viloyatidagi 18 ta tumanda, jumladan, chang zarralari tufayli ko‘ruvchanlik 100 metrdan oshmayotgan Lahor shahrida o‘n kun davomida amalda bo‘ladi.
Qayd etilishicha, barcha jamoat bog‘lari, hayvonot bog‘lari va muzeylar, tarixiy qadamjolar va o‘yin maydonlari yopiladi. Maktablar va davlat muassasalari o‘z faoliyatini 17 noyabrdan qayta tiklaydi.
O‘tgan oydan beri Lohur shahri hamda Panjobning qator hududlarida kuchli smog kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillariga ko‘ra, havoning ifloslanishidan zarar ko‘rayotgan hududlardagi 30 mingdan ortiq odam respirator kasalliklardan davolanib chiqqan.
Lohur Pokistonning ikkinchi yirik shahri. Bu hududda 14 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shahar ko‘pincha havosi eng ifloslangan hududlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Mavzuga oid
13:35 / 12.11.2024
G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar, tergovdagi Netanyahu va saylovdan yutgan Ilon Mask - kun dayjesti
13:47 / 11.11.2024
G‘azo shimolidagi so‘nggi shifoxona, Yamanga aviahujum va jinoyatini tan olgan Netanyahu - kun dayjesti
15:34 / 08.11.2024
G‘azodagi kasalxonalarga hujum, husiychilarning ogohlantirishi va Trampdan umid qilayotgan Gurjiston - kun dayjesti
13:12 / 07.11.2024