11:17 / 02.02.2024
17659

Tog‘ cho‘qqisida echki boquvchi cho‘pon

Yordonlik Abdug‘ani Tillayev tong saharda qishloqdagi echkilarni bir joyga yig‘ib tog‘ga olib chiqib ketadi. 58 yoshli cho‘pon ancha tetik, tik qiyalikka qiynalmay ko‘tariladi. Qosh qorayganda esa pechkaga yoqish uchun bir quchoq o‘tinni yelkasiga ortib tushadi.

“Esing kirsa, echki boq, degan naql bor. Echki boqib, tirikchilik qilamiz. Yozda sutini sotamiz, qatiq ivitib, qurut tayyorlaymiz, qishda esa semirganlarini so‘yib yeymiz.

Tong sahardan qosh qoraygungacha cho‘qqida bo‘laman. 150 bosh echki bor. Bahorda bolalab yana ko‘payadi. Qo‘yga qaraganda echkini boqish ancha oson. Xashakni kamroq yeydi.

Havo sovidi deguncha cho‘qqida bo‘rilar paydo bo‘ladi. Ayniqsa havo ayniganda, tuman tushganida bo‘rilar hujumga o‘tishadi. Ko‘rmay qolsak, bo‘riga yedirib qo‘yamiz. Shunday voqealar ham bo‘ladi.

Yoshim 58 da. Ancha-munchasi bu tog‘ga chiqa olmaydi. 4-5 km tepalikka ko‘tarilishga to‘g‘ri keladi. Yoshligimizdan shu tog‘da yurib o‘rganib qolganmiz. Pechkaga yoqish uchun tog‘dan bir ko‘tarim o‘tin olib tushaman”, deydi cho‘pon.

Shomga yaqin echkilar pastlikka tushib, o‘z qo‘ralariga tarqalishadi. Ertasi kuni tongda Abdug‘ani cho‘pon ularni yana bir joyga to‘plab tog‘ga olib chiqib ketadi...

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Top