O‘zbekiston | 21:53 / 05.02.2024
11210
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklar, Zalujniyni bo‘shatmoqchi bo‘layotgan Zelenskiy va migrantlarga qarshi Tramp - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

HAMAS o‘tgan marta amalga oshirilgan «almashuv» sxemasiga o‘xshash bitimga rad javobini bergan.

Falastin harakatini garovdagilarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha potensial kelishuv shartlari qoniqtirmayapti, deb xabar bergan Al-Arabiya telekanali.

HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya bu borada «Islomiy jihod» harakati bosh kotibi Zihad an-Nahal bilan kelishuvni muhokama qilgan. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish tashabbusi bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazib, G‘azoda harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtatilishiga olib keluvchi bitimdan boshqasiga rozi bo‘lmasliklarini bildirishgan.

Bu orada Isroil hujumlari tufayli G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 27 ming 365 kishiga yetgan. 66 ming 630 kishi yarador bo‘lgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan 120 kundan buyon G‘azoga harbiy agressiya qilayotgan Isroil aslo xavfsizlikni ko‘zlamayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Isroil xavfsizlikni ko‘zlamayapti. Isroilga ko‘proq yer kerak. Isroil falastinliklarga o‘z davlatini qaytarib bergani kuniyoq xavfsizlikka erishadi», — degan Fidan. 

Isroildagi falastinlik mahbuslar

Isroil qamoqxonalarida 9 mingga yaqin falastinliklar saqlanmoqda. Ularning bir qismi G‘azo sektorida hisobga olingan, deb xabar beradi Isroilning «HaMoked» huquqbonlik guruhi.

Isroil huquqbonlik tashkilotining mamlakat rasmiy ma’lumotlariga asoslanib chiqargan bayonotiga ko‘ra, ayni damda Isroil qamoqxonalarida 8926 nafar falastinlik mahbus saqlanmoqda.

Qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinliklar orasida 2690 nafari sudlangan, 2752 nafari hali sud qarorini kutmoqda, 3484 nafari esa ayblovlarsiz va sud qarorisiz ma’muriy hibsda ushlab turilibdi.

«Isroilning mahbuslarga munosabati ularning tenglik, munosiblik, oilaviy hayoti, ta’lim olish va boshqa huquqlarini buzadi va bu xalqaro huquq normalariga ziddir», — demoqda «HaMoked» tashkilotidagilar.

Hibsdagi falastinliklarning aksariyati okkupatsiya qilingan Falastin yerlaridan ushlab keltirilgan, bu esa okkupatsiya ostidagi hududlardan mahbuslarni olib chiqishni taqiqlovchi 4-Jyeneva konvensiyasiga ziddir. 

AQShning Yaqin Sharqdagi zarbalari

AQSh va Buyuk Britaniya Yamanga yana hamkorlikdagi aviazarbalarni berishdi.

Mahalliy hukumatga qarshi isyon qilgan husiychilarning Yamanning 13 ta turli hududida joylashgan 36 ta obektiga aviazarbalar berilgani ma’lum qilinmoqda. Hujumlar asnosida qurol-yarog‘lar omborlari, aviatsiya, raketa komplekslari, radarlar, raketa va dron uchirish qurilmalari yo‘q qilingan, deyiladi AQSh Mudofaa vazirligi xabarida.

AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi ushbu hujum natijasida husiychilarning Qizil dengizdagi 6 ta kemalarga qarshi raketa tizimlari yo‘q qilinganini ham ta’kidlagan.

AQSh Iroq va Suriyadagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgan kuchlarning obektlari tomon berilgan aviazarbalar asnosida 85 ta nishondan 84 tasini yo‘q qilgan. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Eron o‘zining Yaqin Sharqdagi kemalariga hujum qilinsa AQShga urush tahdidi bilan ogohlantirish berdi, deb yozadi Associated Press.

Nashrning Oq uydagi manbalariga asoslanib xabar berishicha, Eronning Yaqin Sharq suvlarida suzib yurgan «Behshod» va «Saviz» kemalariga potensial zarbalar Eron hududiga qilingan zarbalar sifatida qabul qilinishi ta’kidlangan.

Eron tashqi ishlar vaziri ham AQSh va Buyuk Britaniyaga murojaat qildi.

«Biz AQSh va Buyuk Britaniyaning Yamanga hujumi, Iroq va Suriyaga agressiyasini keskin qoralaymiz. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron bilan uchrashuvda urushni davom ettirish yechim emasligini aniq qilib aytgan edim.

Mintaqaning g‘azabini sinamanglar, biz Iroq, Suriya, Yaman va Falastinning xavfsizligini mintaqaning xavfsizligi deb hisoblaymiz», — deb yozgan Hussayn Amir Abullohiyon X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Ukrainadagi iste’folar ehtimoli

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni iste’foga chiqarishni o‘ylab yurganini tasdiqladi.

Italiyaning Rai1 telekanaliga intervyu berar ekan, Zelenskiy qayta yuklanish va yangidan ish boshlash zaruriyati haqida gapirgan.

«Bu haqda gapirar ekanman, men davlatning boshqaruvchi shaxslarini nazarda tutmoqdaman, bu nafaqat harbiy sohaga tegishli. Men Zalujniyni almashtirishni o‘ylab yuribman, bu haqiqat», — degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra «bir insonni almashtirish hoziroq yo‘lga chiqishni anglatmaydi». «Bu mamlakat mashinasini boshqarib borayotgan butun boshqaruv guruhiga taalluqli», degan Zelenskiy.

Zelenskiy Rossiyaning bortida o‘nlab ukrainalik harbiy asirlar bo‘lgani taxmin qilinayotgan Il-76 harbiy samolyotining urib tushirilishida mas’uliyatni Zalujniy gardaniga qo‘yib, uni ishdan bo‘shatishi mumkinligi haqida Politika nashri kolumnistlaridan biri fikr bildirgan. 

Ukrainaning Rossiyaga hujumlari

2024 yil boshidan buyon Ukraina Rossiyadagi yettinchi neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan.

Pilotsiz parvoz qurilmasi yordamida uyushtirilgan hujum natijasida Volgograd shahridagi yirik neftni qayta ishlash zavodining yiliga 3,5 mln tonna neftni dastlabki qayta ishlash qurilmasi ishdan chiqarilgan.

Zarba natijasida kuchli yong‘in kelib chiqqan, uskunaga zarar yetgan, yong‘in o‘chirilgan, hech kim jabrlanmagan. Endi ushbu neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish sikli nosozliklarni tuzatish davrida to‘xtatiladi.

LUKOYL korporatsiyasiga tegishli Volgograd neftni qayta ishlash zavodi Janubiy federal okrugdagi eng yirik neft mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi bo‘lib, uning quvvati yiliga 14,8 mln tonnaga teng.

Bu Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga birinchi zarbasi emas. 31 yanvar kuni Kstov shahridagi, 29 yanvarda Yaroslavl shahridagi, 24 yanvarda Tuapse shahridagi neftni qayta ishlash zavodlariga, 22 yanvarda esa Leningrad oblasti Ust-Luga portidagi neft terminaliga zarba berilgan edi.

Ekspertlarning fikricha, Ukraina pilotsiz parvoz qurilmalari uchib bora oladigan zonada ayni damda Rossiyaning 18 ta neftni qayta ishlash zavodlari joylashgan. Ularning yillik quvvati 170 mln tonna bo‘lib, Rossiyaning jami neftni qayta ishlash quvvatining teng yarmini tashkil etadi. 

Sanksiyalar ostidagi Rossiya

Rossiya aviatsiyasini tez orada qaqshatqich zarba kutmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal nashri. Bunga sabab — Rossiyaga aviatsion butlovchi qismlar yetkazib berishga joriy etilgan sanksiyalar.

Oliver Wyman maslahatchilari prognozlariga ko‘ra, 2026 yilga borib Rossiyadagi samolyotlar parki 2 barobarga qisqaradi va bu jahonda eng katta hududga ega bo‘lgan davlat uchun zarba bo‘ladi. Sanksiyalar natijasida Rossiya aviakompaniyalari ehtiyot qismlar ololmayapti, samolyotlarga tegishli texnik xizmat ko‘rsata olmayapti, dasturiy ta’minotni yangilay olmayapti.

Germaniyaning aviatsiya hodisalarini kuzatuvchi Jacdec ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyada samolyotlar nosozligi bilan bog‘liq 74 ta hodisa kuzatilgan. 2022 yilda bunday hodisalar soni 36 ta bo‘lgan.

Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning ogohlantirishlaricha, doimiy mexanik muammolar yo‘lovchilar xavfsizligiga katta tahdid yaratadi va pilotlarga yuklamani oshiradi. Bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Sanksiyalar oqibatlarini kuzatayotgan ekspertlarga ko‘ra, Rossiya aviakompaniyalariga shassi va tormozlar yetishmovchiligi ayniqsa kuchliroq bilinmoqda, ular samolyotlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun sanksiyalarga chap berish borasida tajribaga ega bo‘lgan Eronga jo‘natishga majbur bo‘lishmoqda. 

Migrantlarga qarshi Tramp

Agar Donald Tramp AQSh prezidentligiga qayta saylangudek bo‘lsa, birinchi navbatda Amerika chegarasini yopish va noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishni tashkil etish niyatida ekanini Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytgan.

Avvalroq Texas gubernatori Greg Ebbott ham jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida shtat chegaralarini noqonuniy muhojirlardan himoya qilish masalasida federal hukumat bilan ziddiyatga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Donald Tramp noqonuniy muhojirlar o‘tishining oldini olish uchun Meksika bilan chegarada zovur qazish va unga timsohlar joylashtirishni taklif qilgani ham ma’lum bo‘ldi. 

Mavzuga oid