Jahon | 20:39 / 08.02.2024
13720
11 daqiqa o‘qiladi

Barbod bo‘lgan kelishuv, Bag‘doddagi portlash va Ukrainaga yordamni bloklagan AQSh Senati - kun dayjesti

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestda tanishtirishda davom etamiz.

G‘AZODAGI VAZIYaT

G‘azodagi Isroil agressiyasi qurbonlari soni 27 ming 708 nafarga yetgan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaradorlar soni 67 ming kishidan oshgan.

BMT Bolalar fondi — UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil G‘azo sektoriga aviazarbalarni bera boshlaganidan buyon 17 ming bola yetim qolgan. 7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilgan 27 ming falastinliklardan 40 foizi yosh bolalardir.

«Halokatli gumanitar vaziyat davom etayotgan ommaviy qirg‘inlar, tanlab o‘tirmasdan bombardimon qilish, joydagi qotilliklar tufayli tobora og‘irlashmoqda», — degan HAMAS yetakchisi Usoma Hamdan.

Usoma Hamdan Isroil ochgan urush xalqaro hamjamiyatning ojizligi va ikki tomonlama standart bo‘yicha ish ko‘rinishini ko‘rsatib qo‘ygan. Unga ko‘ra, G‘azo sektorida agressiyasini to‘xtatish va Falastin xalqining huquqlarini tan olish — mintaqadagi barqarorlikning yagona sharti.

Isroil HAMAS tomonidan garovga olinganlarning 31 nafari halok bo‘lganini tasdiqladi. Garovda yana 80 nafar isroillik qolgani taxmin qilinmoqda, degan TsAHAL spikeri Daniel Hagari.

The New York Times nashri Isroil razvedkasiga tayanib, garovga olingan 32 nafar isroillikning o‘limi haqida yozgan edi. Ularning 30 nafari 7 oktyabrda boshlangan HAMAS va Isroil o‘rtasidagi urush paytida, 2 nafari esa 2014 yilda, avvalgi mojaro paytida halok bo‘lgan va shundan beri ularning jasadi G‘azo sektorida saqlanmoqda. 

BARBOD BO‘LGAN KeLIShUV

HAMAS Isroil bilan 135 kunlik yarashuv rejasini taklif qilgan edi. Ammo bu sulh kelishuvi amalga oshmaydiganga o‘xshayapti.

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 45 kunlik uch bosqichli reja tayyorlangan. Nazarda tutilishicha, bu vaqt ichida garovda ushlab turilganlarning barchasi ozod qilinadi, Isroil o‘z qo‘shinlarini sektordan olib chiqadi, halok bo‘lganlarning jasadlari almashiladi.

Shundan so‘ng G‘azo sektorini qayta tiklash boshlanadi va nihoyat, urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishiladi.

Isroil HAMAS tomonidan taklif etilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga «hech qachon rozi bo‘lmaydi», — deb xabar bermoqda NBC Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatiga yaqin manbalariga asoslanib.

Bu orada Isroil armiyasi Misr va G‘azo sektori chegarasidagi Rafah shahridagi janglarga tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘ini olgan. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ta’kidlagan.

«Isroil HAMAS ishtirokidagi bitim bo‘yicha o‘z zimmasiga hech qanday majburiyat olgani yo‘q, qandaydir kelishuvlarga hali erta», — degan Netanyahu.

Netanyahuning aytishicha, HAMAS tomonidan igari surilgan, o‘t ochishni to‘xtatish va asirlarni almashish talablarini qabul qilish Isroilda yangi xunrezlik keltirib chiqaradi. Shu sababli u G‘azo janubidagi Rafah shahriga hujum qilishga buyruq bergan.

«HAMAS shartlarini qabul qilish Isroilni fojia tomon yetaklaydi. Biz HAMASni to‘liq yo‘q qilib, asirdagi fuqarolarimizni qaytarib, uzil-kesil g‘alaba qozonmoqchimiz. To‘liq g‘alaba va HAMASning yo‘q qilinishidan ortga yo‘l yo‘q», — degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

Isroil hukumatiga muxolifatda bo‘lgan kuchlar yetakchisi Yair Lapidning aytishicha, urush g‘ildiragini aylantirayotgan Netanyahu hukumati Isroil iqtisodiyotini barbod qilgan. Buning oqibatida juda ko‘plab tovarlarning narxlari keskin ko‘tarilgan. 

AQShNING YaQIN ShARQDAGI ZARBALARSI

Amerikaga tegishli pilotsiz parvoz qurilmasi Iroq poytaxti Bag‘dodda avtomobilni nishonga olgan. Hujum natijasida «Katoib Hizbulloh» qo‘mondonlaridan biri Abu Bakr as-Sa’diy o‘ldirilgan.

As-Sa’diy bilan mashinada birga ketayotgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan guruh jangarilari ham halok bo‘lishgan, deb xabar beradi Al Arabiya telekanali.

«Katoib Hizbulloh» kuchlari rahbarlarini yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya Amerikaning MQ9 pilotsiz parvoz qurilmasi yordamida amalga oshirilgan. Dron Ayn al-Asad harbiy bazasidan uchirilgani xabar qilinmoqda.

Hujumga javoban Iroqliklar Bag‘dodning yashil hududida joylashgan AQSh elchixonasiga hujum qilish uchun to‘planishgan. Iroq xavfsizlik kuchlari Amerika elchixonasiga eltuvchi yo‘llarni yopgan. AQShning Bag‘doddagi elchixonasi yuqori tayyorgarlik rejimiga o‘tkazilgan.

AQSh va Britaniya kuchlari kecha tunda Yamanga ham zarba berishgan. Mamlakat shimolidagi Sa’da viloyatining Al-Katinat tumanidagi husiychilarning obektlariga aviazarbalar yog‘dirilgan. Shuningdek, Hudayda portida ham portlash ro‘y bergan. 

MeDVeDeVNING TAHDIDLARI

Rossiyaning sobiq prezidenti, ayni damda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Dmitriy Medvedev NATO bilan oddiy urushda imkoniyat yo‘qligi shu sababli «yadroviy qiyomat» ro‘y berishi mumkinligini ta’kidlagan.

Rossiya NATO bilan oddiy jang vositalari bilan keng ko‘lamli urushga turib bera olmaydi, shuning uchun yadroviy quroldan foydalanishga majbur bo‘ladi, degan Medvedev.

U garchi rasmiy Moskva ko‘p marta «NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlariga qarshi urush qilish rejasi yo‘qligi»ni ta’kidlagan bo‘lsa-da, g‘arb davlatlari siyosatchilari va armiyalarining qo‘mondonlari so‘nggi vaqtlarda Rossiyaga qarshi urushga chaqirishayotganiga e’tibor qaratgan. Medvedev buni «xavfli g‘o‘ldirash» deb atagan va modomiki shunday urush ro‘y bersa, u Rossiya Ukraina uchun tanlagan ssenariy bo‘yicha bormasligini aytgan.

Medvedevning ta’kidlashicha, NATO — umumiy aholisi 1 mlrd kishi, harbiy budjeti 1,5 trln dollar bo‘lgan ulkan harbiy blok.

«Harbiy salohiyatlarimiz taqqoslab bo‘lmas darajada bo‘lgani uchun, bizda shunchaki tanlov qolmaydi. Javob assimetrik bo‘ladi. Mamlakatimiz hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun maxsus kallakli ballistik va qanotli raketalardan foydalanamiz. Bu o‘sha ko‘p gapirilgan Qiyomatning o‘zginasi bo‘ladi. Hammasi tugaydi», — degan Medvedev. 

UKRAINA YaNGILIKLARI

Ukrainada harbiy safarbarlikni qat’iylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Radada birinchi o‘qishdayoq qabul qilingan.

Muxolifatdagilar qonunni qo‘llashmagan — Petro Porshenkoning «Yevropa birdamligi» va Yuliya Timoshenkoning «Ota Vatan» partiyasining biror a’zosi ovoz bermagan.

Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenko Zelenskiyning hukumatni yangilash tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytib, tozalashni «o‘zidan boshlashi» va prezident o‘z komandasida tozalash o‘tkazishi kerakligini pisanda qilgan.

Poroshenkoga ko‘ra, vazirlar mahkamasida ham qayta tayinlovlar zaruriyati bor, uni texnokratik hukumatga aylantirib, milliy birlik hukumati shakllantirilishi lozim. 

UKRAINAGA YoRDAM TO‘XTATILDI

Ukrainaga yordam puli ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yana AQSh Senatidan o‘tmadi. Ukrainaga va janubiy chegaralarga yordam puli ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasi senatorlarning zarur 60 ta ovozini to‘play olmagan. Senatdagi respublikachilar qonun loyihasini ko‘rib chiqishni bloklagan.

Bir necha oydan buyon ishlab chiqilayotgan, AQSh migratsiyasi siyosati va Ukraina, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ajratish bir-biriga bog‘langan qonun loyihasi avvaldan ma’qullanmasligi ma’lum edi. Donald Tramp atrofida birlashgan respublikachilar Kongressning har ikki palatasida chegara nazoratini qat’iylashtirish bo‘yicha ma’qullangan kelishuvlarga qarshi chiqishmoqda.

Ukrainaga 60 mlrd dollarlik, shuningdek, Isroil va Tayvanga harbiy yordam ko‘rsatish hamda migratsiya siyosati qat’iylashtirilishining birlashtirilishini kuzda konservativ respublikachilar talab qilib turib olishgan edi. Ular har ikkisi milliy xavfsizni ta’minlash bilan bog‘liq, deb tushuntirishgan edi. To‘rt oylik munozaralardan so‘ng har ikki partiyadan senatorlari tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi taqdim etilgan edi.

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson qonun loyihasini muvaffaqiyatsiz deb atagan va uning palata tomonidan ko‘rib chiqilishi shunchaki vaqtni yo‘qotish bo‘ladi, degan. 

SAUDIYaNING KeLAJAKKA INVeSTITsIYaSI

Saudiya Arabistoni yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda yetakchi davlatga aylanishi mumkin.

Buning uchun ALAT kompaniyasiga asos solingan. Unga 100 mlrd dollar mablag‘ ajratiladi va bu pulga zavodlar quriladi hamda texnologiyalar va asbob-uskunalar xarid qilinadi. Bu «Chiplar haqidagi qonun»ga ko‘ra AQSh sohaga investitsiya qilgan mablag‘dan ikki barobar ko‘pdir. Xitoy va Yevropa birgalikda ajratgan mablag‘lardan esa ancha ko‘p.

ALAT kompaniyasi direktorlar kengashini valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon boshqaradi. Kompaniya 20 fevraldan o‘z ishini boshlaydi. ALAT kompaniyasining bosh maqsadi — Saudiya Arabistonida jahon tasnifidagi elektron sanoat markazi yaratishdan iborat. 

ILHOM ALIYeVNING MUQARRAR G‘ALABASI

Ozarboyjonda muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida joriy prezident Ilhom Aliyev katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan.

Garchi hali Markaziy saylov komissiyasi rasmiy natijalarni e’lon qilmagan bo‘lsa-da, ekzit-pollarga ko‘ra Aliyev 92 foizdan ziyod ovoz to‘plagan.

Ozarboyjonliklar kecha tunda Ilhom Aliyevning qayta prezident etib saylanganini keng bayram qilib nishonlashdi. Boku ko‘chalarida mamlakat bayrog‘ini hilpirayotgan mashinalar, maydonlarda raqs tushayotgan aholini ko‘rishingiz mumkin.

Ilhom Aliyevni saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenko bilan birgalikda, shuningdek, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Si Jinping tabriklashgan.

Mavzuga oid