O‘zbekiston | 21:51 / 12.02.2024
4887
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Senat va BMT Ayollar tashkiloti hamkorligida maslahatlashuv o‘tkazildi 

12 fevral kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senati va BMT Ayollar tashkiloti bilan hamkorlikda «Gender tenglikka erishishni tezlashtirish va kambag‘allikni bartaraf etish, institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash orqali barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» mavzusida maslahatlashuv o‘tkazildi. 

Foto: Oliy Majlis Senati

Tadbirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarboyjonning parlament a’zolari, fuqarolik jamiyati, yoshlar tashkilotlari va ilmiy doiralar vakillari, gender ekspertlar, BMT o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, hamda gender tengligi va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tarafdori bo‘lgan xususiy sektor vakillari ishtirok etdi. 

Oliy Majlis Senati raisi, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. 

«Bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlik va kamsitishning oldini olish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirokini ta’minlash borasida ulkan yutuqlarga erishdi. Mamlakatlarimizda gender tenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar natijasida zarur tajriba va amaliyot to‘plandi, xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotda to‘liq va teng huquqli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Biz davlatlarning barcha jabhalarida ayollar va erkaklar uchun teng sharoitlarni nazarda tutuvchi Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi maqsadlariga erishish sari bosqichma-bosqich bormoqdamiz. Shu maqsadda O‘zbekiston xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirish tarafdori», deb ta’kidladi Norboyeva. 

Shuningdek, maslahatlashuvlarda mintaqaviy organlar – BMT Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti va boshqalar ishtirok etdi. 

Maslahatlashuvlar davomida institutlar va genderga oid moliyalashtirishni mustahkamlash aspektlarini inobatga olgan holda kambag‘allik muammolarini hal qilishda tarmoqlararo hamkorlikni mujassamlashtirish hamda gender tenglikni va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni ta’minlash uchun moliyalashtirishdagi uzilishlarni bartaraf etish: gender tenglik siyosati va budjetlariga ta’sir ko‘rsatish uchun salohiyat va makonini kengaytirish kabi mavzularda muhokamalar tashkil etildi. 

Shuningdek, Oliy Majlis Senati raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan Butunjahon ijtimoiy adolat kuniga bag‘ishlab videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan «Yevropa va Markaziy Osiyoda har bir avlod uchun ijtimoiy adolatni ta’minlash» mazusidagi xalqaro vebinarda ishtirok etdi. 

Vebinarda Ijtimoiy adolatni har tomonlama ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoshlar uchun munosib mehnat, ta’lim olish, ishga joylashtirish borasida yaratilgan imkoniyatlar, tajribalar, shuningdek, sohada xalqaro hamjamiyat xususan, XMTga a’zo davlatlar oldida turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi, o‘zaro fikr almashildi. 

Anjuman ishtirokchilari, xususan Xalqaro mehnat tashkiloti hamda BMTning YUNISEF bolalar jamg‘armasi vakillari tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, inson huquqlarini, xususan, bola huquqlari va kafolatlarini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, ushbu sohalarga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi. 

Tadbir so‘ngida Xalqaro mehnat tashkiloti shafeligida bu kabi muloqot maydonlarini yanada kengaytirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish borasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish ishlarini kuchaytirishga kelishib olindi. 

Mavzuga oid