11:17 / 13.02.2024
16813

Navoiyda sudya, Sirdaryoda Milliy gvardiya xodimi va Jizzaxda bosh hisobchi pora bilan ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan to‘rtta viloyatda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda ma’lum bir ishlarni hal qilib berish evaziga pul talab qilgan mansabdorlar qo‘lga olindi. 

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy va Sirdaryo viloyatida pul evaziga fuqarolarning ishini bitkazib bermoqchi bo‘lgan mansabdorlar ushlandi.

Ma’lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o‘rinbosari paxta-to‘qimachilik klasteriga tegishli bo‘lgan 21 ta suv nasos quduqlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” berish evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 3 ming AQSh dollari olgan. DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh muhandis o‘rinbosari qolgan 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 205- va 209-moddalari bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Jizzax viloyati “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbariga nisbatan sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilish, ya’ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan. U oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. Ushbu shaxs ham muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanganligiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo‘l urgan.

O‘zbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasining Navoiy viloyat vakolatxonasi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi sudyasi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumanida yashovchi fuqaroning muqaddam buxorolik xaridorlarga sotgan 250 bosh qo‘ylarining pullari berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal etib berish evaziga 1 000 AQSh dollari talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 500 AQSh dollari va 6 mln 250 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyat qo‘riqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘limi bosh inspektori Boyovut tumanida yashovchi fuqaroni qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilib, muqaddam 1 500 AQSh dollari olgan. U so‘ralgan pulning qolgan 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Guliston harbiy prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Samarqandda Milliy gvardiya xodimi va advokat, «Oqdaryotumangaz» bo‘lim boshlig‘i, Namanganda sud raisi pora bilan ushlangandi. 

Top