Namanganda sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlash uchun 20 ming dollar talab qilgan sud raisi ushlandi
DXX xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi, Chust shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa doktorant pora bilan qo‘lga olindi. Ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mingbuloq tumani sudi raisi hamda Namangan davlat universitetining 3-bosqich doktoranti DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan tumanida chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJga zamonaviy chorva kompleksi binosini qurish va mavjudlarini ta’mirlash maqsadida AT «Xalq banki»ning viloyat filiali tomonidan 5 mlrd 287,5 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan. Mazkur kredit mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish va rasmiy hujjatlarni kalbakilashtirish holatlari bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 167 va 228-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sud muhokamasida ko‘rib chiqish jarayonida Mingbuloq tuman sudi raisi sudlanuvchiga nisbatan yengilroq jazo tayinlash evaziga, uning otasidan 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudi raisi so‘ralgan puldan 2 ming AQSh dollarini o‘zining boshqaruvidagi Lacetti mashinasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Kredit bo‘yicha yetkazilgan zarar tergov davomida sudlanuvchi tomonidan to‘liq qoplangan bo‘lgan. Hozirda Mingbuloq tuman sudi raisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, juda ko‘p miqdorda pora olganligi holati bo‘yicha, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Boshqa holatda esa Namangan davlat universitetining 3-bosqich doktoranti tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan Chust tumanida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga mazkur tuman markazida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi balansidagi qo‘shimcha 2 qavatli binoni hokimiyat tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan Chust shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan puldan 10 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Oldinroq Samarqandda Milliy gvardiya xodimi va advokat pora bilan qo‘lga olingandi.
Mavzuga oid
07:34
40 mln so‘mlik pirotexnika buyumlarini sotayotgan shaxslar ushlandi
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
19:05 / 26.11.2024
Namanganda flyuorit toshini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi mumkin
12:38 / 25.11.2024