O‘zbekiston | 22:11 / 20.02.2024
15797
5 daqiqa o‘qiladi

Pora olish, firibgarlik va adolatsiz qaror chiqarish – tergovga tortilgan sudyalar qanday jinoyatlarni sodir etgani aytildi

Oliy sudda o‘tgan tadbirda avvalroq pora bilan ushlanib, tergov natijasi noma’lumligicha qolgan sudyalar taqdiri nima bo‘lgani haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari Oliy sudning ikki nafar sudyasi ham arizasi asosidan ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi.  

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Pora olish va firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgan sobiq sudyalarning barchasiga sud hukmi bilan jazo berilgan. Bu haqda Oliy sudda 2023 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati hamda sud tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.  

Matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri sud tizimi mas’ullariga aksariyat hollarda pora bilan ushlangan sudyalarga qanday chora ko‘rilgani hamda tergov va sud natijalari nima bo‘lganidan jamoatchilik bexabar qolishi xususida savol bilan yuzlandi.

Jumladan, 2023 yilning 16 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi 4 ming dollar pora olayotganda, 2022 yil fevral oyida esa Yuqori Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi sherigi bilan birga 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Shuningdek, 2022 yilda Toshkentda noqonuniy egallangan yer uchastkalari bo‘yicha ishlarni manfaatdorlar foydasiga hal qilib berganlik uchun Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha ikki sudyasiga jinoiy ish ochilgan. Biroq ushbu sudyalarning keyingi taqdiri nima bo‘lgani jamoatchilikka ochiqlanmagan.

Savolga javob bergan Oliy sud raisi o‘rinbosar Ikrom Muslimovga ko‘ra, ushbu sudyalarning barchasiga jazo tayinlangan.

“Axborot berganmiz, yashirmaganmiz. Sudyalar borasida esa jamoatchilikda qiziqish bo‘lmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudyasi Bahriddin Ikromov 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va jazoni ijro etish joylarida jazo muddatini o‘tayapti. Yuqori Chirchiq tuman tumanlararo sudi sudyasi Toshpo‘latovga 2 yil axloq tuzatish ishlari tayinlangan. U firibgarlik jinoyati sodir qilgan deb topilib, zarar qoplangani uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berilgan. Shuningdek, Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha ikki sudyasiga ham Jinoyat kodeksining 231-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ozodlikdan cheklash jazosiga sudlangan”, deya ta’kidlagan Ikrom Muslimov  

Kun.uz jurnalistining Oliy sudning sobiq sudyalari Ergashev hamda Feruz Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqinligi haqidagi savoliga javoban Ikrom Muslimov bu gaplar yolg‘on ekanligini bildirgan.

“Oliy sud sudyalari Egashev va Tursunov ikkalasi ham arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan, ishdan olinmagan. Ergashev va Tursunov advokatlik bilan shug‘ullanishga harakat qilishayotgani xaqida eshitdim. Ularga nisbatan biror bir jinoya ishi qo‘zg‘atilgani haqida gap yo‘q. Yopiq yoki maxfiy ko‘rilgan ish bo‘lsagina oshkor qilinmaydi, qolgan barchasi bazamizda turibdi”, degan Oliy sud raisi o‘rinbosari.   

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 2023 yilda Oliy sudda kassatsiya instansiyasida shikoyat (protest) asosida jami 13 571 ta (5 130 ta jinoyat, 1 248 ta ma’muriy huquqbuzarlik, 1 644 ta ommaviy-huquqiy, 3 665 fuqarolik, 1 884 ta iqtisodiy) ish ko‘rib tamomlangan.

Ushbu instansiyada jinoyat ishlari bo‘yicha quyi sudlarning 1 143 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan bo‘lsa, 509 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 421 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarori bekor qilingan, 186 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgani o‘zgartirilgan. Ommaviy-huquqiy ishlar bo‘yicha 321 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha 486 ta hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha 485 ta sud qarori bekor qilingan.  

Takroriy kassatsiya instansiyasida jami 646 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 402 tasi jinoyat, 22 tasi ma’muriy huquqbuzarlik, 62 tasi ommaviy-huquqiy, 65 tasi fuqarolik va 95 tasi iqtisodiy ishlarga taalluqlidir. 

Mavzuga oid