O‘zbekiston | 12:22 / 29.02.2024
3017
1 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga qiziqish bildiryapti

O‘zbekiston elchixonasida Ispaniya Senatining qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat bo‘yicha komissiyasining oziq-ovqat masalalari bo‘yicha spikeri Antonio Luengo hamda BioGreen Road kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Foto: «Dunyo» AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligida suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Senator Antonio Luengo Ispaniyaning qurg‘oqchil mintaqalaridan biri, yog‘ingarchilik kam, tuprog‘i toshloq bo‘lgan Mursiya provinsiyasi ham xuddi O‘zbekiston kabi ekinlarni sug‘orish uchun suv resurslari yetishmasligi muammosiga duch kelayotganini ma’lum qildi.

Suv tanqisligi kuzatilayotgan Mursiya provinsiyasida oddiy sug‘orish rejimida 1 gektar maydonni sug‘orish uchun suv sarfi o‘rtacha 5,5 ming kubometrni tashkil etadi. Tomchilatib sug‘orishdan foydalanganda suv sarfi 4 ming kubometrgacha, BioGreen Road texnologiyasidan foydalanganda esa 2 ming kubometrgacha kamayadi.

Uchrashuv yakunida yaqin vaqt ichida BioGreen Road kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid