Keçikkan Hindistondan şu yöldagi Özbekiston uçun saboqlar (2-qism, Mumbay)
|22:26 / 09.03.202431 15114 min
Mumbay – aholisi 20 milliondan oşadigan, avtoulovlari ham bir neça million, aksar hind millionerlari yaşaydigan, qaşşoqlari soni ham milliondan oşadigan kam sonli dunyo şaharlaridan biri, atrof-muhitga millionlab tonna çiqindi çiqaradigan megapolis. Kun.uz'ning Hindiston ekologiyasi böyiça mustaqil örganişlari Dehlidan keyin, yana bir havosi ifloslangan şahar – Mumbayda davom etadi.
Xaritalardagi Hindiston
Hind okeani bilan yarim qurşab olingan Hind yarimorolidagi Hindistonning aksar qismi xaritadan qaraganda yam-yaşil körinadi. Bombey ham xuddi şunday tabiat rangi tusida.
Endi dunyoning ekologik xaritasidan bu yarimorolga nazar solsak, ahvol buning teskarisi. Mumbay havosi buzilgan dunyo şaharlaridek qip-qizil rangga böyalgan. Bu tus esa yaşaş uçun xavfli darajaga işora.
Mumbay dengizning u qirğoğidagi Dubay, Abu-Dabi kabi şaharlardan deyarli farq qilmaydigan, ulardan qolişmaydigan darajada rivojlangan va port şahar ekanligi foydasiga pul aylanmasi ança katta.
Britaniya Hindistoni davridan qolgan salobatli arxitektura asarlaridan hozirgi zamonaviy osmonöpar binolargaça har bir detal mukammal uyğunlik kasb etadi. Dehliga nisbatan ança tartibli şahar barça zaruratlar uçun imkoniyatlar makoni, faqat toza havo masalasida istisnolar köp.
Xarobadagi Dharavi
Sabablarni izlarkanmiz, Mumbaydagi ekologik muvozanatning buzilişida hissadorlardan biri bölgan mavzu içidagi katta bir mavzudan gapni boşlamasak bölmaydi – Dharavi...
Şahar çetidagi xarobalar joylaşgan Dharavi turar joy dahasi dunyoning qaşşoqlari eng köp yaşaydigan va odamlar eng ziç joylaşgan hududlaridan biri – 200 gektardan sal oşadigan kiçik hududda taxminan 1 mln odam yaşaydi. Uylar asosan 1 xonali bölib, örtaça 15 kvadrat metrli xonadonlarda beşdan ön beş kişigaça odamlar istiqomat qiladi.
Mavzuga oid
Oqova tizimiga ulanmagan umumiy foydalanuvdagi hojatxonalar suv havzalari qirğoqlari va oçiq maydonlarda qurilgan. Kanalizatsiya vazifasini bajarayotgan kanaldagi oqova suvlarining yurmasligi, kamiga bu suvlar ustidagi yarim metrgaça taşlangan çiqindilardan çiqadigan zahar ekologiya uçun katta bir xatar. Qiş körmaydigan Mumbay uçun esa bu gazlar hududda uzluksiz ravişda öz-özidan işlab çiqarilaveradi.
Ziç joylaşgan aholi ovqat pişiriş va boşqa maqsadlar uçun kerosin, kömir yoki ötindan foydalanadi. Antisanitar holat misli körilmagan darajada yuqoriligi va odamlarning bir-biriga öta yaqin joylaşuvi turli yuqumli kasalliklarning ham tez tarqalişiga sabab böladi.
Dharaviliklar asosan juda kam maoşlar evaziga şu mavzedagi kiçik-kiçik, hatto bir xonali fabrikalarda tikuvçilik, kulolçilik, korxonalarda teri mahsulotlari işlab çiqariş yoki çiqindini qayta işlaş bilan şuğullanişadi. Bu turdagi faoliyatlarning köpligi tufayli ham atmosferada katta hajmda ifloslantiruvçi tutun va gaz emissiyalari kelib çiqadi. Havoning xavflilik darajasi oşaveradi.
Gapiray desangiz, Britaniya mustamlakaçiligi tomonidan 1884 yilda teri zavodlari va kambağal aholining Mumbay markazidan haydab çiqarilişi evaziga Dharavi xarobalarining paydo bölgani, temiryöl yoqasida joylaşgan qulaylik ortidan boşqa ştatlardan ham işçilarning mavzega kelib joylaşib qolişgani, mustaqil Hindiston davrida ham haligaça bu hududdagi infratuzilma öz holiga taşlab qöyilgani va odamlarning özlari imkon qadar özlari uçun şaroit qilib kelişayotgani katta bir tarix.
Şuni ham aytiş kerakki, Dharavi faol norasmiy iqtisodiyotga ega bölib, bu yerda katta mablağ aylanadi. Tadbirkorlik avjida. Hindistondagi eng savodli qaşşoqlar deya aytiladigan dharaviliklarning savodxonlik darajasi 69 foiz. Işbilarmonligi esa şu darajadaki, uşbu xarobalardagi oğir şaroitlarda işlab çiqariladigan “Dharavi” nomidagi teri mahsulotlari butun dunyo böylab eksport qilinadi va maşhur nomdor brend sifatida narxlari ham arzon emas.
Daha kino sanoati uçun jonli suratga oliş maydoni ham. Dastur avvalida aytilgan “Xarobadan çiqqan millioner” filmidan taşqari sönggi 50 yilda Dharavi xarobalarida 20 dan ortiq maşhur kinofilmlar suratga olingan.
Ekoinqirozning boşqa sabablari
Mumbay havosi ifloslanişining hissadorlari turli manbalarda turliça keltiriladi. Havodan zarar körayotgan jamoatçilik, kömir energiyasiga tayangan energetik hukumat va “davlat hamma aybni mening maşinalarimga yuklayapti” deb norozi bölayotgan transport lobbilari örtasidagi tuşunmovçiliklar tufayli yakuniy va aniq raqamlar topiş muşkul.
Masalan, “Hindustan Times”ning yozişiça, 2019 yilda Mumbaydagi umumiy emissiyasining 72 foizi uçun qariyb 17 mln tonna karbonad angidrid gazi bilan energiya sektori javobgar bölgan. Megapolisda iste’mol qilinadigan barça elektr energiyasining 95 foizi töliq kömirga asoslanganligini hisobga olsak, ekologiya buzilişidagi bunday zaharlanişdan ajablanmasa ham böladi. Bunda uluşdorlar sifatida 55 foizdan ortiq uy-joy xöjaliklari, 45 foizdan ortiq tijorat va institutsional manbalar hamda 4 foizdan köproq sanoat sektori ayblanadi.
Bundan keyin 4,5 mln tonna emissiya bilan transport sektori şaharning zaharlanişiga 20 foiz hissa qöşgan. Bu doirada 45 foiz aviatsiya, 44 foiz transport vositalari, 9 foiz temiryöllar va 2 foiz suv yöllari sababçi deb körsatiladi.
8 foizni taşkil qilgan çiqindi sektori esa deyarli 2 million tonna karbonad angidrid çiqargan.
Yana bir omil borki, xayolimizga ham kelmagan bu sabab ortidan ham ekologik zararlaniş statistikasi yuritilar ekan. Bu şovqin ifloslanişi. Bu haqda keyinroq batafsil töxtalamiz.
Tirbandlikdan zaharlaniş
Şahar tez sur’atlar bilan kengayib borayotgani, jamoat transportining şunga mutanosib taşkil etilmayotgani sababli transport vositasiga ega böliş nafaqat maqom belgisi, balki zaruratga aylangan. Davlat transport vazirliginining statistik ma’lumotlariga köra, Mumbayda har bir km yölga 430 ta maşina töğri keladi va bu miqdor 600 taga yetişi ham mumkin.
Sönggi yillarda şahar avtomobillari soni karrasiga oşgan va Mumbay yöllarining 85 foizini egallagan. Ammo bu davrda avtoulovlarga mos ravişda qöşimça yöllar qurilmasdan, umumiy uzunlik 2 ming kmligiça qolib ketgan. Natijada Mumbay Hindistondagi eng avtomobillari ziç, tirband şaharga aylangan. Biz yuqorida tilga olgan transport lobbilari esa bu raqamlarni “davlatning öz aybini xaspöşlaşi” deb hisoblaydi.
Metro qurilişimi yoki ekologiya?
Tirbandlikni yeçiş va ekologik vaziyatni önglaşda jamoat transportlariga ustunlik beriş yeçimlardan biri hisoblanadi. Şu sababli kölami kengayib borayotgan Mumbay şahridagi metro yölining törtinçi tarmoği qurilişi jadal sur’atda davom etyapti. Ma’lumotlariga köra, ötgan 2023 yilda Mumbayda 6000 ga yaqin quriliş maydonlari mavjud bölib, ularning aksariyati şaharning transport tarmoğini yangilaş zarurati bilan boğliq.
Şaharsozlik norma qoidalariga amal qilinganda jamoatçilik bu mavzuni kötarişmasdi, balki. Oxiri yöq bu qurilişlardan havoga kötarilayotgan çang, yoğoç qipiği, sement, qum va boşqalardan aziyat çekayotgan xalq köziga metro körinarmidi, töğrimi?
Çiqindidan ifloslaniş
Hindiston şaharlari yiliga 100 million tonnadan ortiq qattiq maişiy çiqindilar hosil qiladi. Şaharlardagi çiqindilar 40 foizgaça yiğilmagança qolib ketadi. Umuman mamlakatda ularni qayta işlaş darajasi juda past – 17 foizgina xolos.
Hatto tibbiy çiqindilar ham muntazam ravişda şahar çiqindixonalariga taşlanadi. Ularning teng yarmi notöğri ravişda yöq qilinadi. Yirik şaharlar yaqinida betartib boşqariladigan poligonlaridagi zaharli gazlar bir yon bölsa, u yerlarning çivin, paşşa, suvarak, kalamuş va boşqa zararkunandalar kabi kasallik taşuvçilarni köpaytiradigan hududga aylanişi yana bir boşqa muammo.
Şovqin ifloslanişi
Kimlar uçun yangiça tuşunça kasb etadigan bu omilga şaharlarni notöğri taşkillaştiriş sabab böladi. Zavodlar va fabrikalarning aholi hududlariga juda yaqinligi, qurilişlarning rejasiz köpayişi, yöl infratuzilmasidagi xatoliklar sabab avtomobillar tirbandligining oşib ketişi natijasida şaharlarda şovqinlaniş darajasi insonning asab, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir qiladigan darajaga yetadi. Hindistonda esa bularga qöşimça doimiy ötkaziladigan festivallardagi baland musiqalar, otiladigan petardalar, haydovçilarning köçalarda sabab-besabab maşina signallarini bosaverişi yaxşigina asabingizga tegib, boşqaça aytganda sizni şovqin bilan ham zararlab qöyadi.
Kengayib borayotgan şaharlar va ular bilan mutanosib balandlaşayotgan şovqin bioxilmaxillikka ham ta’sir qilib, hududlardagi hayvonlarning boşqa joylarga qoçib ketişlariga, öljani tutiş, yirtqiçdan qoçiş kabi tabiiy jarayonlarning buzilişiga va hattoki ayrim turlarning baland ovozlardan nobud bölişiga ham olib kelişi mumkin.
Hindiston hukumati şahar va qişloq joylarida ruxsat etilgan şovqin darajasi normalarini 2010 yil yanvar oyida e’lon qilgan. Lekin unga amal qiladigan odam deyarli yöq.
Kunlardan bir kun...
Ötgan 2023 yilning 20 oktyabr kuni Mumbaydagi havo holati juda yomonlaşadi. Şaharda asfaltlanmagan yöllardan çiqadigan zarralardan taşqari ekologiyaning yana bir aşaddiy zararkunandasi – qurilişlardan çiqayotgan çanglarni tösiş uçun öşa kuni quriliş maydonlarini balandligi 11 metrli tösiq bilan qoplaş va çang uçişining oldini oliş uçun bunday hududlarda kuniga kamida 4-5 marta suv sepadigan purkagiçlarni örnatiş talab qilinadi.
Şahar ma’muriyati, agar çang va ifloslanişni nazorat qiliş çoralari körilmasa, quriliş hududlari yopib taşlanişi mumkinligi haqida ham ogohlantiradi.
Hatto tutun tarqatuvçi hamda çang zarralarini bostiruvçi maxsus maşinalar Mumbay köçalarida ilk marta havo ifloslanişiga qarşi “jangga çiqadi”. Bu turdagi texnikalar sönggi yillarda faqat Dehlida işlatilgan. Ammo bular vaqtinçalik kiçik çoralargina edi xolos.
Bunday şaroitda odamlardan ertalab va quyoş botgandan keyin zarurat bölmasa köçaga çiqmaslik, çiqilganda N-95 sifatli niqobda böliş, astma xuruji borlar dorilarini yonda saqlaşlari, imkon qadar uyda qoliş, havo tozalagiç va konditsionerlardan foydalaniş hamda eşik-derazalarni yopiq tutiş söraladi.
5 foizi öta qaşşoq yaşayotgan millionlab şahar aholisining havo tozalagiç, konditsionerga qodir bölmagan toifasi qiş bölmaydigan bu şaharda eşik va derazalarni yopiq holda saqlaşi mumkin emas. Ular uçun jaziramada dimiqqandan köra boy-u kambağalga xos bölgan doimiy befarqlikda davom etiş “eng töğri” va ilojsiz çora.
Bunga har bir jon mas’ul, lekin oğir hayot taşvişiga şönğigan odamlarga ming bong urilgani bilan bu gaplar qiziqmas. Aniqroği, muhim emas. Özaro suhbatlarda mavzu kötarilib qolsa, ular heç bölmasa “bu unçalik yomon holat emas”, “Dehlidagi holat yomonroq-ku” yoki “bu har bir taraqqiy etayotgan şaharning taqdiri yoki bahosi” deya şunçaki befarqlarça yelka qisişadi. Bu juda ayançli. Bizga ham taniş bunday holat esa barça ekologik inqirozga uçragan şahar va davlatlarning eng katta fojiasi aslida.
Işlamagan qonunlar va “işlayotgan” hukumat
Hindiston mustaqillikka erişganidan beri:
1974 yilda Suv ifloslanişining oldini oliş va nazorat qiliş töğrisidagi;
1980 yilda Örmonlarni qöriqlaş töğrisidagi;
1981 yilda Havo ifloslanişining oldini oliş va nazorat qiliş töğrisidagi;
1986 yilda Atrof-muhitni muhofaza qiliş töğrisidagi qonunlar;
2000 yilda Şovqinlarni tartibga soliş va nazorat qiliş qoidalarini qabul qildi.
Qaror, qonunlar imzolanavergani bilan ularning amalda işlamasligi bugungi Hindistonni ne holga olib kelganidan xulosa qilavering. Markaziy hukumat tomonidan turli huquqiy hujjatlar işlab çiqilgan yillarni öz içiga olgan 1947-1990 yillar orasida mamlakatdagi atrof-muhit holati aksiga olib ança yomonlaşdi. Bunday işlamaydigan qonunlar davlat mustaqilligigaça, ya’ni Britaniya Hindistoni davrida ham bölgan. Ularning foydasi esa yangi atrof-muhit qoidalari yaratilişida bir asos bölgan xolos.
Tobora köpayib borayotgan va qişloqlarning asosiy qismini taşkil qiladigan kambağal aholining qiyin şaroitda jon saqlab qolişdan boşqa iloji yöq edi. Tabiat bilan notöğri munosabat, uç mahal ovqat pişiriş uçun öçoqlardan foydalaniş, suv qizdiriş, sovuqdan isinişda işlatiladigan ötin, maxsus işlov berilgan sigir göngi, sifatsiz kömir, hosildan keyin ekin maydonlarini yoqiş, soxtalaştirilgan yonilğilar sababli atmosfera zaharli gazga bökadi, suvning ifloslanişi yomonlaşadi, örmonlar qoplami qisqaradi.
Mumbaydan xulosalar...
Mumbayning ham minbarlarda turib, baland ovozlarda bong urilayotgan kelajak rejalari yöq emas. Ularni sanab ötirmadik. Ular ham boşqa davlatlarning kelgusidagi ustuvor masalalaridan deyarli farq qilmaydi.
Lekin iqtisodiyotdan farqli ölaroq, ekologiya faqat davlat boşqaruvining gardaniga taşlab qöyiladigan mas’uliyat emas, axloqiy masala hamdir. Axir global isişga nafaqat hukumat, balki fuqarolarning harakatlari ham sabab bölmoqda. Butun jarayonga şunçaki tomoşabin bölib qolmaslik uçun şaxslar, oilalar va jamiyatlar – ya’ni hamma islohni özlaridan va hozirdan boşlaşlari lozim.
Keçikkan Hindistondan esa hali imkoni bor Özbekistonning oladigan saboqlari köp. Maqsad – şu holga tuşmaslik uçun ular qilgan xatolarni takrorlamaslik. Çunki oqibatlar bilan kuraşişdan köra sabablarni örganib, ularni bartaraf qiliş ança manfaatliroq. Oqibatlar bilan bir neça ön yildan beri kuraşib-kuraşolmay kelayotgan dunyoning yana bir havosi buzilgan şahari – Mumbaydagi ayançli vaziyatga guvoh böldingiz. Mavzu yakunlanmadi. Keyingi dasturimizda sizlar bilan Kalkutta ekologiyasini örganamiz. Kun.uzʼni kuzatişda davom eting!