O‘zbekiston | 19:00 / 16.03.2024
7459
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Farg‘ona davlat universitetida "Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash - bosh maqsadimiz" mavzusida Respublika o‘quv-seminari o‘tkazildi

Ma’lumki, 2023 yil 23 dekabrda davlat rahbari raisligida ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda muhim vazifalar belgilab olingan edi. Bugun oliy ta’lim muassasalarida ushbu topshiriqlar ijrosiga yangicha yondashuvlar asosida kirishilgani ijobiy natija bermoqda.

Jumladan, mazkur sohadagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Farg‘ona davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchun "Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash - bosh maqsadimiz" hamda Farg‘ona politexnika institutida "O‘zbekistonda ilg‘or muhandislik maktablari: konsepsiya va istiqbollari" mavzularida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Seminar avvalida Farg‘ona davlat universiteti Pedagogika va psixologiya fakulteti yangi o‘quv binosining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, respublikaning barcha davlat oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ilm ahli hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Aytish kerakki, seminarga mezbonlik qilayotgan Farg‘ona davlat universiteti o‘zining salkam bir asrlik mahorati bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda katta tajriba maktabini yaratgan. Buning samarasi - oliygohdan yetishib chiqayotgan respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari, ko‘plab davlat stipendiyalari sohiblari, chempion talabalar, davlat va jamiyat boshqaruvida munosib o‘ringa ega kadrlar, ilmiy tadqiqotlar yaratayotgan yoshlar natijalarida aks etmoqda.

Mehmonlar bu maskanda talabalarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ma’naviyat saroyi, zamonaviy auditoriyalar, anjumanlar zallari, o‘quv xonalari, ilmiy kafedralar, media markaz, kutubxona, ovqatlanish, dam olish, axborot-resurslari maskanlari bilan yaqindan tanishdilar.

Dunyo standartlariga mos ravishda qurilgan, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur o‘quv bino dizayniga innovatsion yondashilgani har bir detalda o‘z aksini topgan va bu ishtirokchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Shu bilan birga binoda milliy qadriyatlarimiz uyg‘unligi, millat qahramonlari, adabiyot namoyondalari, jadidchilik harakati yetakchilari siymosi aks etganligi - talaba-yoshlar qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, fidoiylik, jasorat, Vatanga muhabbat, ajdodlarga ehtirom tuyg‘ularini yanada oshiradi.

Tadbirning asosiy qismida yangi ma’naviyat va ma’rifat markazida viloyat hokimi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ishtirokida oliy ta’lim muasasalari rektorlari uchun Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov tomonidan “Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi" mavzusida taqdimot o‘tkazildi. Taqdimot yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usi, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani samarali amalga oshirishning strategik dasturi sifatida o‘quv-seminarning asosiy maqsadini namoyon etdi.

Taqdimotda Prezidentimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi, xususan, talaba-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishida vertikal tizimning asosiy vazifalari, ularni amalga oshirish mexanizmi ilgari surildi.

Shuningdek, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, yurt kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini yanada kuchaytirish bo‘yicha yangi takliflar bildirildi. Bunda ushbu yondashuv natijadorligi Farg‘ona davlat universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rsatib berildi.

Yig‘ilishdan so‘ng boshlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda asosiy e’tibor iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish masalalariga qaratildi. Pedagogika va psixologiya, San’atshunoslik fakultetlari kampusida tashkillanib, fakultet talabalari mahoratini aks ettirgan tasviriy san’at, kulolchilik, ilmiy-innovatsion ko‘rgazmalar namoyishi hammaning diqqat markazida bo‘ldi. Ko‘rgazma materiallari, talabalarning san’at asarlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti, professor Sultonali Mannopov boshchiligidagi maqom ansambli tomonidan tayyorlangan musiqali chiqishlar dillarga huzur bag‘ishladi. Bundan tashqari xalqimizning ming yillik qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan milliy va afsonaviy taom - sumalak sayli mehmonlarga bahoriy kayfiyat ulashdi. Shundan so‘ng tadbirlar oliygoh asosiy kampusida davom etdi. FarDU sport-sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘lgan ishtirokchilar futbol klubi faoliyati bilan tanishdilar. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887- sonli Farmoni ijrosi doirasida universitetda yoshlarni sportga keng ko‘lamda jalb qilish, xususan, futbolning ommaviyligini oshirish borasida istiqbolli loyihalar olib borilayotganligi amaliy o‘rganildi. "FarDU" futbol klubiga murabbiylik qilayotgan 5 karra O‘zbekiston chempioni, 1997-yilgi jahon terma jamoasi a’zosi, “Shuhrat medali” sohibi, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” – Sergey Lebedov tajribasi o‘zaro o‘rtoqlashildi. Ta’kidlash joizki, joriy yilda "FarDU" futbol klubi tarixda ilk bor Birinchi va Ikkinchi ligada ishtirok etdi.

Tadbir davomida mehmonlar Harbiy ta’lim fakultetida bo‘lajak Vatan himoyachilarini tarbiyalash tizimini vatanparvarlik va jangovar chiqishlar misolida ko‘rib, fakultet ish jarayoni bilan tanishdilar.

Universitetda tashkil etilgan Gimnastika zalida sportning yengil atletika turi bilan shug‘illanuvchi qizlarining ko‘rgazmali chiqishlari mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Shu bilan birga, bo‘lajak olimlar, ilmga chanqoq talabalarni qamrab olgan “Zakovat” intellektual jamoasi o‘yini ham mehmonlar guvohligida juda qizg‘in kechdi. Quvonarlisi, joriy yilda poytaxtda “Zakovat” o‘yinining respublika bosqichida FarDU akademik litseyi talabalari ishtirok etib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edilar.

Kun tartibidagi tadbirlar doirasida universitet qoshida tashkil etilgan “Qatag‘on qurbonlari” muzeyiga sayohat qilindi. Mazkur muzey Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Muzeyda jadidchilik harakati yetakchilari, farg‘onalik yurt fidoiylari, ma’rifat rahnamolari faoliyati, vodiyning haqiqiy vatanparvar o‘g‘lonlari tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar berildi.

Tadbir yakunlanar ekan, bo‘lib o‘tgan har bir jarayonlarga, namoyishlarga vatanparvarlik ruhining singdirilganligi qayd etildi. Mehmonlar o‘quv-seminari doirasida o‘tkazilgan tadbirlardan a’lo kayfiyat va yuqori taassurotlar bilan qaytdilar. Demak, ushbu vatanparvarlik harakati va ma’naviyat targ‘iboti endilikda yuzlab oliy ta’lim muassasalari rahbarlari boshchiligida mamlakat bo‘ylab davom etadi.

Mavzuga oid