Maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi: ixtisoslashtirilgan maktabda muhandislik dasturi joriy etiladi, «Fan kengashlari» tuziladi, «San’at» fani kiritiladi, davlat yakuniy attestatsiyasida o‘quvchilarning bilimi yagona nazorat materiallari asosida baholanadi.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda.
Qayd qilinishicha, O‘zbekistondagi 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktabdagi yo‘nalishlar takomillashtiriladi.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilgan. Bu dastur «Yangi O‘zbekiston» universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.
Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida «Fan kengashlari» tuziladi. Bu kengashlar ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.
Kelgusi o‘quv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, 2025-2026 yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.
Ijod maktablari bo‘yicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. O‘quvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yo‘lga qo‘yiladi. Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlar qo‘llab-quvvatlanadi.
O‘quvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga yetuk olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, o‘quvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi.
Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa yetakchisini rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashg‘ulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkaziladi.
Taqdimotda o‘quvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozir bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga ko‘ra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng bo‘lishi kerak.
Shu bois davlat yakuniy attestatsiyasida, ya’ni maktabni bitirish imtihonlarida o‘quvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga o‘tkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi.
Yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi.
Taqdimotda ta’lim va boshqa sohalarda madaniyatni keng yoyish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Yosh avlodda san’atga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda ijod maktablarida «Tasviriy san’at va chizmachilik» fani o‘rniga «San’at» fani kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Oliy o‘quv yurtlarida bu bo‘yicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bog‘lab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh yadroviy xavfsizlik boshqarmasining 500 nafar xodimi ishdan bo‘shatiladi
Jahon | 22:26
-
O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Xitoy bilan o‘yinda kambek qildi
Sport | 22:07
-
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46
-
Allergiya belgilarini yengillashtirishga yordam beradigan tabiiy modda aniqlandi
Jahon | 21:21
Mavzuga oid

21:14 / 02.04.2025
Rossiyada migrant bolalar uchun rus tili imtihoni shartlari kuchaytirildi

18:47 / 24.12.2024
Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etiladi, 162 ta bog‘cha quriladi

19:50 / 18.12.2024
Haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi

21:08 / 29.11.2024