— 19-asrda dunyoda yangi sub’yektlar paydo bo‘ldi, kuchli davlatlar shakllandi, xususan, AQSh shakllana boshladi. Bundan tashqari, Yevropada bir qancha markazlashgan davlatlar shakllandi, masalan, Prussiyaning birlashishi. Shu vaziyatda ular tomonidan butun dunyoni qayta bo‘lib olishi masalasi chiqdi va davlatlarning buyukligi dunyo xaritasidagi geografiyasi va siyosatiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Shundan keyin Yevropada bir qancha konsepsiyalar vujudga keldi va geosiyosat tushunchasi paydo bo‘ldi. Nemis geografi va etnografi Fridrix Ratsel Yevropa markazidan turib butun dunyoni qanday boshqarish mumkin, degan masalani kiritgan. Prussiyada german qabilalari birlashishi natijasida dunyoni qayta bo‘lib olishda biroz kechikkan Germaniya endi butun dunyoni qanday tashkil etamiz, qanday boshqaramiz, degan masalani qo‘ydi.

20-asr boshlarida Buyuk Britaniya bu masalada Yevropada ustunlikni boy bermaslik uchun turli konsepsiya, strategiyalar ishlab chiqa boshlagandi. Shu davrda geosiyosatga Hartlend tushunchasini kiritgan Jon Makkinder bo‘ladi, u Angliya qirolining maxfiy maslahatchisi hisoblangan. Shu tushunchaga asosan Britaniya 20-asr boshlarida o‘z tashqi siyosatini shakllantirdi.

Makkinderning oldiga biz dunyoni qanday nazorat qilsak bo‘ladi, tayanch nuqta qayerda, degan masala qo‘yildi. U butun Yevrosiyo mintaqasini “butun dunyo oroli” deb atab, uning markazidagi hududlarni Hartlend deb atadi, bunga Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa hududlari kiradi. Ya’ni mana shu sivilizatsiya o‘choqlari bo‘lgan hududlarni nazorat qilsak, butun dunyoni nazorat qilish mumkin degan konsepsiyani kiritdi.

Britaniya Birinchi jahon urushidan keyin ham shu konsepsiya bo‘yicha ish ko‘rdi. Bu orada Amerika qit’asida AQSh kuchayib kelib, yangi siyosiy kuch sifatida butun dunyoga da’vo qilishni boshladi. Natijada AQShda ham yangi konsepsiya ishlab chiqildi, bu Nikolas Spaykmen degan geograf, politolog olim tomonidan taklif etildi. Uning nazariyasiga ko‘ra, Hartlendni nazorat qilish muhim emas, uning atrofidagi dengiz bilan chegaradosh hududlarni nazorat qilish orqali butun dunyoni nazorat qilish mumkin. Va bu Rimlend nazariyasi deb ataldi.

Ikkinchi jahon urushidan oldin 30-40 yillarda AQSh konsepsiyasi shu asosda shakllandi. Nikolas Spaykmenning “Jahon siyosatida AQSh strategiyasi” asari bugungi kunda ham AQSh geosiyosatining konseptual asosi bo‘lib xizmat qiladi. Keyinchalik Rimlend konsepsiyasi asosida Hartlendni o‘rab oluvchi Anakonda strategiyasi ham ishlab chiqilgan.