Jahon | 07:31 / 06.04.2024
3082
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Zaporijjyaga raketa zarbalari paytida 4 kishi halok bo‘ldi

OAV xabariga ko‘ra, birinchi raketa zarbasidan ko‘p o‘tmay, Rossiya armiyasi Zaporijjyaga ikkinchi zarbani berdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, o‘qqa tutish natijasida 20 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Foto: Reuters

5 aprel, juma kuni Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Zaporijjya shahriga beshta raketa uchirdi, deb xabar berdi Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i Ivan Fedorov. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, raketa zarbalari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 20 dan ortiq kishi, jumladan, 9 yoshli bola va ikki jurnalist yaralangan. To‘rt nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir.

Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Zaporijjyaga dastlab uchta raketa urilgan, keyin jurnalistlar, qutqaruvchilar va politsiya voqea joyida ish olib borganida, Rossiya armiyasi ikki raketa bilan ikkinchi zarbani bergan. Rossiya armiyasi bundan avval takroriy zarba berishning o‘xshash taktikasini qo‘llagan, xususan, Xarkivni o‘qqa tutish paytida, dedi Fedorov.

Zaporijjya shahar kengashi kotibi Anatoliy Kurtevning so‘zlariga ko‘ra, raketa zarbasi turar joy sektoriga kelib tushgan: uchta ko‘p qavatli turar joy, bitta xususiy uy, yotoqxona va do‘kon zarar ko‘rgan.

Shu bilan birga, Zaporijjya viloyati egallab olingan qismining Rossiya tomonidan tayinlangan «ma’muriyati» vakili Kirill Rogov ta’kidlashicha, zarba nishoni harbiy samolyotlar uchun dvigatellar yig‘iladigan va Ukraina qurolli kuchlari texnikasi ta’mirlanadigan «Motor Sich» korxonasi bo‘lgan.

Mavzuga oid