O‘zbekiston | 17:06 / 06.05.2024
9889
3 daqiqa o‘qiladi

5 yillik staji bor xotin-qizlarga OTMga kirishga tavsiyanoma berish uchun arizalar qabuli boshlandi

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining ma’lum qilishicha, talabgorlar 1 iyunga qadar tavsiyanoma olish uchun ariza topshirishi mumkin.

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida 500talik to‘lov-kontrakt asosidagi kvota belgilanadi.

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishlari lozim.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, talabgorlar 1 iyunga qadar ariza bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar bo‘limlari huzuridagi ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

  • Fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi.
  • Mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma.
  • O‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);

- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);

- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi (o‘rta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik bo‘yicha tugatgan bo‘lsa, shu mutaxassislik bo‘yicha kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak).

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda 1-7 iyun kunlari ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.

15 iyunga qadar tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi.

Ma’lumot uchun: tavsiyanoma berilgan kundan boshlab uch yil muddat davomida faqat bir marta oliy ta’lim muassasasiga qabul qilinishi uchun amal qiladi.

Tavsiyanoma berilgan talabgorlar ham kirish imtihonlarini topshiradi. Lekin ular alohida 500 ta kvota doirasida tanlovda qatnashadi.

2022 hamda 2023 yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy ta’lim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2024 yilda ham amal qiladi.

Mavzuga oid