Dunyoda boylar uçun hamma narsa mujassam. Qimmatbaho kiyim-keçaklar, uylar, şaxsiy yaxtalar va samolyotlar deganday. Ular faqat pulini tölaşsa böldi.
Şu jumladan, asosiy avtokompaniyalardan farqli ölaroq faqat boylar uçun haşamatli avtomobillar işlab çiqaruvçi kompaniyalar ham bor.
Bunday avtokompaniyalarning ayrimlarini, masalan Ferrari, Lamborghini, Bugatti, Rolls-Royce, Mercedes-Benz kabilarni juda köpçilik biladi.
Faqat maxsus buyurtmalar bilan işlovçi va öta qimmat maşinalar işlab çiqaruvçi Pagani Automobili kompaniyasi haqida unça köp odam eşitmagan.
Pagani Automobili S.p.A. nisbatan yoş bölsa ham haşamatli avtomobillar işlab çiqariş böyiça dunyoning yetakçi kompaniyalari bilan munosib raqobatlaşmoqda.
Bu kompaniya asosçisi italiyalik bölmasa-da taniqli avtomobillar yaratuvçilari singari unda ham italiyaliklar qoni oqadi.

Kompaniya tarixi
Pagani Automobili S.p.A. kompaniyasi asosçisi Goratsio Pagani hisoblanadi. U 1955 yilda Argentinada italiyalik muhojirlar oilasida tuğiladi.
Goratsio yoşligidan sport avtomobillariga qiziqadi. U özining birinçi avtomobilini yoğoçdan tayyorlaganda hali 15 yoşga ham tölmagandi.
1976 yilda Goratsio 21 yoşda ekanida “Formula-3” avtopoygalari uçun sport avtomobili tayyorlaydi. Biroq maşina uçun kuçli dvigatel topiş muammo böladi.
Şunda Goratsio uni Renault Argentina kompaniyasi xodimlariga körsatiş uçun mamlakat poytaxti Buenos-Ayresga olib boradi. Kompaniya vakillari dvigatel berişga rozi bölişadi. Bu avtomobil 1977 yilda ötkazilgan poygalarda qatnaşadi.
Şu joyda Goratsio tayyorlagan avtomobil 1950-yillarda beş marta “Formula-1” poygalarida ğolib çiqqan argentinalik Xuan Manuel Fangioning e’tiborini tortadi.

Foto: supercarclub.natemat.pl
U 22 yoşli Goratsio bilan tanişadi va unga Italiyaga borib Ferrari, Lamborghini yoki Alfa Romeo kompaniyalaridan biriga işga kirişni maslahat beradi.
Şu joyda maşhur poygaçi Goratsioga tavsiyanoma ham yozib beradi. U oradan beş yil ötib Italiyaga keladi va aynan Fangio yozib bergan tavsiyanoma bilan Lamborghini kompaniyasida iş boşlaydi.
Lamborghini kompaniyasi zavodlari Italiya markazida joylaşgan va “Motorlar vodiysi” deb atalgan hududda edi. Modena va Bolonya şaharlari joylaşgan bu hududda Lamborghini’dan taşqari dunyoga maşhur Ferrari, Maserati, Alfa Romeo, Ducati va Dallara kompaniyalarining ham zavodlari bor.
“Motorlar vodiysi”da Misano, Modena, Riccardo Paletti deb ataluvçi avtodromlar joylaşgan bölib, superavtomobillarning sinovlari ularda ötkaziladi.
Lamborghini’da iş boşlagan Goratsio avvaliga uning kuzov tayyorlaş bölimida oddiy işçi sifatida işlaydi. Keyinroq kompaniyaning kompozit materiallar tayyorlovçi bölimini boşqaradi. Söng Automobili Lamborghini S.p.A boş muhandisi böladi.

Foto: iscfdem.blogspot.com
1988 yilda Goratsio Pagani Composite Research kompaniyasini taşkil etadi va unda avtomobillar uçun kompozit materiallar tayyorlab Lamborghini kompaniyasiga sota boşlaydi.
Pagani Composite Research kompaniyasi hanuzgaça öz faoliyatini davom ettirmoqda va Ferrari hamda Renault kabi kompaniyalarga sport avtomobillari uçun karbondan tayyorlangan detallarni yetkazib bermoqda.
Şu bilan birga, Goratsio Lamborghini kompaniyasida işlaşni davom ettiradi va boş muhandis sifatida Lamborghini Countach, Lamborghini P140 va Lamborghini Diablo kabi qimmat avtomobillar loyihasida iştirok etadi.
Goratsio Lamborghini kompaniyasi bilan hamkorlik qilar ekan, har doim öz avtokompaniyasini oçişni orzu qilardi. U özining ilk superavtomobili C8 loyihasini 1980-yillar oxirida tayyorlaydi.
Goratsio avvaliga C8 avtomobilining nomini özini Italiyaga taklif qilgan Xuan Fangio şarafiga Fangio F1 deb nomlaydi. 1991 yilda u Modena Design kompaniyasini taşkil etadi va Fangio F1 ustida işlay boşlaydi.
1992 yilda Goratsio Pagani Automobili S.p.A. avtomobilsozlik kompaniyasini taşkil etadi. Ilk avtomobil loyihasi ustidagi işlar davom ettiriladi.

Foto: worldcarfans.com
Birinçi avtomobil
1993 yilda Fangio F1 avtomobili dastlabki sinovlardan muvaffaqiyatli ötadi. 1994 yilda Goratsio öz loyihasiga Xaun Fangioning özini ham taklif etadi.
Fangio Mercedes-Benz rahbarlari bilan döstona aloqada edi. U nemis kompaniyasini Fangio F1 uçun dvigatel berişga köndiradi.
Köp ötmay Pagani Automobili S.p.A. kompaniyasi Mercedes-Benz bilan şartnoma imzolaydi. Nemislar Goratsio işlab çiqaradigan sport avtomobillari uçun V12 dvigatellarini yetkazib beriş majburiyatini oladi.
Goratsio sotiş uçun möljallangan Fangio F1 avtomobilining dastlabkisini 1995 yilda tayyorlaydi. Öşa yili Xuan Fangio vafot etadi. Şunda Pagani Fangio F1 nomidan voz keçadi va avtomobilini Pagani Zonda C12 deb nomlaydi.

Foto: gsmnet.ru
Zonda sözi Janubiy Amerikada joylaşgan And toğlarida esuvçi kuçli şamol nomi. Pagani Zonda C12 ilk bor 1999 yilda Jyeneva avtosalonida namoyiş etiladi. Şundan söng bu super avtomobilga buyurtmalar tuşa boşlaydi.
1999 yilda Pagani Zonda C12 avtomobilidan 5 dona tayyorlanadi. Uning bittasi kompaniya körgazmalar zaliga qöyiladi, qolgan törttasi sotiladi.
Pagani Zonda C12 avtomobili 6 litr hajmli 480 ot kuçiga ega Mercedes-Benz M120 V12 dvigateli bilan jihozlangan edi. Öşa paytda bu maşinaning eng oddiysi 400 ming dollar bölgan. Mijozlarning qöşimça talablariga qarab uning narxi oşib boravergan.
Öşa yildan boşlab kompaniya har yili 10-15 tadan Pagani Zonda C12 avtomobilini tayyorlab sotadi. 2012 yilga kelib kompaniya bu rusumni işlab çiqarişni töxtatadi.

Foto: Pinterest
Keyinçalik kompaniya faqat buyurtma asosida Pagani Zonda avtomobillarini tayyorlab berişda davom etadi. Bugungaça Pagani Automobili jami 209 ta Pagani Zonda C12 avtomobilini işlab çiqarib sotişga muvaffaq bölgan.
Maxsus buyurtma bilan tayyorlangan avtomobillarga alohida nomlar qöyiladi. Masalan, 2011 yilda tayyorlab berilgan avtomobilga buyurtmaçining istagi bilan Pagani Zonda Rak, 2015 yilda tayyorlanganiga Pagani Zonda ZoZo deb nom berilgan.
2009 yilda Goratsio Pagani Pagani Zonda Cinque giperkari işlab çiqarilişini e’lon qiladi. Bu avtomobildan bor-yöği 5 dona tayyorlanadi.
2010 yilda Jyeneva avtosalonida Pagani Zonda Tricolore nomli yangi avtomobil taqdimoti ötkaziladi. Uning boşlanğiç narxi 1,3 mln yevro edi. Bu avtomobildan birini taniqli futbolçi Messi 4,8 mln dollarga xarid qilgan.

Foto: roadandtrack.com
Pagani Huayra
2010 yilda Goratsio Pagani Zonda C12 avtomobillari örnini bosiş uçun yangi Pagani Huayra giperkarni tayyorlaydi. Bu avtomobil ilk bor 2011 yilda Jyeneva avtosalonida namoyiş etiladi.
Kompaniya Pagani Huayra avtomobilidan yiliga 40 dona tayyorlaşni rejalaştiradi. Uning oddiy varianti 1 mln dollarga baholanardi. Bu avtomobil ham Mercedes-Benz kompaniyasining 6 litr hajmli 700 ot kuçiga ega bölgan V12 dvigatellari bilan jihozlanadi.
Pagani Huayra avtomobillari öşandan buyon hanuzgaça tayyorlanmoqda. 2016 yilda Jyeneva avtosalonida uning yangilangan Pagani Huayra BC rusumi namoyiş etiladi.

Foto: insparazzi.com
Köp ötmay Pagani Huayra Roadster rusumi ham işlab çiqariladi. Bu avtomobildan şu paytgaça 100 dona tayyorlangan va ularning barçasi 2,28 mln dollardan sotilgan.
Kompaniya 2022 yilda maxsus buyurtma bilan narxi 7 mln yevro turadigan Pagani Huayra Codalunga nomli avtomobilni tayyorlab beradi.
Maxsus rusumlar
2012 yilda Jyeneva avtosalonida Pagani Automobili tomonidan tayyorlangan Pagani Huayra Carbon Edition va Pagani Huayra White Edition avtomobillari namoyiş etiladi.
Oddiy Pagani Huayra’dan farqli ravişda Pagani Huayra Carbon Edition avtomobilining kuzovi qora rangli ugleplastik materialdan tayyorlangandi. Pagani Huayra White Edition esa oq rangli edi.

Foto: shutterstock.com
Şu avtomobilning Pagani Huayra La Monza Lisa nomi bilan tayyorlangani amerikalik avtomobil kolleksioneri Kris Sinx uçun maxsus işlab çiqarilgandi.
Kompaniya Pagani Huayra’ni Xitoy bozoriga Pagani Huayra Dinastia nomi bilan olib kiradi. Bu avtomobil kuzovi Xitoy mifologiyasidagi ajdarho surati bilan bezatilgan edi.
Pagani Huayra 730S – bu rusum ham maxsus buyurtma bilan tayyorlangan bölib, undagi 730 avtomobildagi ot kuçining miqdorini, S harfi esa buyurtma bergan odamning familiyasini anglatadi.
Bu avtomobilning dastlabki egasi Aleksandro Solomon bölgan. Keyinçalik u amerikalik milliarder Ferrari avtomobillari kolleksioneri Devid Liga ötgan. Devid avtomobil nomini Da Vinci deb özgartirgan.

Foto: inautonews.com
Pagani Utopia
2022 yilda Pagani Automobili kompaniyasi Pagani Utopia avtomobilini işlab çiqaradi. Avtomobil öşa yili Milandagi Liriko teatrida ommaga namoyiş etiladi.
Bu avtomobilga ham Mercedes-Benz kompaniyasining V12 dvigatellari örnatiladi. 964 ot kuçiga teng bölgan bu dvigatelning oğirligi qariyb 300 kilogrammni taşkil etadi.
Bu rusumni tayyorlaş uçun Goratsio Pagani 6 yil vaqt sarflagan. Kompaniya Pagani Utopia avtomobillaridan 99 dona tayyorlanib sotişni rejalaştirgan.
Hozirgaça barça avtomobillar mijozlarga sotib bölingan va ular navbati bilan yetkazib berilmoqda. Birinçi avtomobil 2023 yil oktyabr oyida buyurtmaçiga topşirilgan.

Foto: Auto-Modely.cz
Rasmiy ma’lumotlarga köra bugun Pagani Automobili S.p.A. korxonalarida işlovçilar soni 200 nafarga ham yetmaydi. Kompaniyaning aylanma mablaği ham juda kamtar – bor-yöği 150 mln dollar atrofida.
Şunday bölsa ham qimmat avtomobillar bozorida Pagani’ning öz buyurtmaçilari bor. Ular Pagani avtomobillarini Ferrari va Lamborghini avtomobillaridan afzal körişadi.
Ğayrat Yöldoş tayyorladi.












