Jahon | 07:32 / 16.05.2024
8467
3 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziri o‘rinbosari: Fitso operatsiya qilindi, uning hayoti xavf ostida emas

Slovakiya bosh vaziri operatsiya qilindi va uning hayoti xavf ostida emas, dedi Tomash Taraba BBC bilan suhbatda. Robert Fitso Gandlova shahrida o‘qdan yaralandi. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.

Foto: REUTERS / Radovan Stoklasa

Qurolli hujumda yaralangan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning hayoti xavf ostida emas. Bu haqda Slovakiya bosh vaziri o‘rinbosari Tomash Taraba 15 may, chorshanba kuni Britaniyaning BBC media-kompaniyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi. «Men bilishimcha, operatsiya yaxshi o‘tdi - va menimcha, u oxir-oqibat omon qoladi», deb ta’kidladi Taraba. 

TA3 telekanali va Dennik gazetasi xabariga ko‘ra, Fitso ko‘p soatlik operatsiyadan keyin kechga yaqin o‘ziga kelgan. 

Bir necha soat avval mamlakat mudofaa vaziri Robert Kalinyak Slovakiya vazirlar mahkamasi rahbarining ahvoli o‘ta og‘ir ekanini aytgan edi. Ichki ishlar vaziri Matush Shutay-Eshtok ham Fitsoning hayotiga tahdid solayotgan vaziyat haqida gapirdi. 

Slovakiya bosh vaziriga hujum 

Robert Fitsoga hujum mamlakatning markaziy qismidagi Gandlova shahrida sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining guvohlarga tayanib xabar berishicha, hukumat sayyor majlisidan so‘ng Slovakiya bosh vaziri mahalliy aholiga murojaat qilgan va shu vaqtda o‘q uzilgan. Siyosatchi qorni, qo‘li va oyog‘idan yaralangan, deya ta’kidladi Standard. Fitso vertolyotda Banska-Bistritsa shahriga olib ketilgan va u yerda operatsiya qilingan.

Hujum sodir etgan shaxs voqea joyida qo‘lga olindi. OAV xabariga ko‘ra, uning rafiqasi ham so‘roq qilingan. Ushlangan shaxs o‘g‘li Slovakiyaning aktuality.sk axborot portaliga otasi o‘qotar qurollarga qonuniy egalik qilganini aytdi. 

Hujumni Levitsa shahridan 71 yoshli yozuvchi Yuray Tsintula amalga oshirgan, deb yozadi OAV. Slovak Yozuvchilar uyushmasi Yuray Tsintula uning a’zolaridan biri ekanligini tasdiqladi. Agar erkakning hujumda ishtirok etgani tasdiqlansa, u adabiy birlashma safidan chiqarib yuboriladi, deya ishontirmoqda tashkilot.

Yevropa yetakchilari Robert Fitsoga qilingan hujumni qoraladi 

Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova hujumni keskin qoralab, 59 yoshli siyosatchiga kuch va tezroq tuzalib ketishini tiladi. Hukumat jinoyatda «siyosiy sabab» borligini bildirdi. Yevropaning boshqa davlat va hukumat rahbarlari, jumladan Germaniya kansleri Olaf Shols va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen ham Robert Fitsoga qilingan hujumni keskin qoralagan bayonotlar berishdi. 

Robert Fitso Slovakiya hukumati rahbari lavozimini 2023 yil oktyabr oyida o‘zining «Yo‘nalish – sotsial demokratiya» populistik partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng uchinchi marta egalladi. U bungacha 2006-2010 va 2012-2018 yillarda vazirlar mahkamasini boshqargan. Oxirgi kampaniya davomida va lavozimga saylanganidan keyin Fitso rossiyaparast pozitsiyani egalladi. 

Mavzuga oid