Rossiyada mudofaa vaziri lavozimiga iqtisodchining tayinlanishi – Vladimir Putin kollektiv g‘arb bilan Ukraina orqali va boshqa frontlarda uzoq muddatli urushga tayyorlanayotganini bildiradi. Budjet taqchilligi va korrupsiya oshib ketgani shuni taqozo qilgan, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Sergey Shoyguning RF mudofaa vazirligidan ketishi, uning o‘rniga iqtisodchining tayinlanishi, vazirlik rahbariyatidan ikki kishi qamoqqa olinishi butun dunyoda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz “Geosiyosat” loyihasida o‘zgarishlarni siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan tahlil qildi.
— Rossiya harbiy rahbariyatidagi kadr almashinuvlaridan ichki va tashqi dunyo qanday signallarni oldi?
— Rossiyalik ekspertlar, muxoliflar ham kutmagan o‘zgarishlar bo‘ldi. Putinning yangi prezidentlik davri boshlangach, Vazirlar Mahkamasini yangidan tuzish vakolati bor edi, ammo faqat kuchishlatar bloklarning ba’zi rahbarlari o‘zgartirildi. Bu shuni bildiradiki, Putin Ukrainadagi urush jarayonidan norozi, o‘zgarishlar orqali urush dinamikasini o‘zgartirishni niyat qilyapti.
Muxolifatchilar Shoygu ishdan ketishini kutmagandi, lekin bir yarim yildan beri bunday mish-mishlar bor edi. Rossiyaning armiyasi katta, ikkinchi harbiy qudrat deyilar edi, Rossiya uchun harbiy mashina davlatchilikning tabiatini va Rossiya geosiyosiy loyihalarining dinamikasini o‘zgartirib beruvchi yirik element. Shoygu Putinga yaqin shaxs, 12 yil mudofaa vaziri bo‘ldi. Oldingi yillarda Putin boshqalar bilan ancha masofa saqlagan bo‘lsa, Shoygu bilan tor doirada yaqin bo‘lar edi, ya’ni o‘ziga yaqin olishini ko‘rsatib kelgan. Shoygu mudofaa vazirligidan olindi, bu jamoatchilik uchun uzoq kutilgan, lekin hayratli o‘zgarish bo‘ldi.
— Shoyguning ketkazilishiga uning bir o‘rinbosari va vazirlik kadrlar bo‘limi boshlig‘i korrupsiyada ayblanib ushlangani va Prigojin voqealarini sabab qilish mumkinmi? Yoki bu Ukraina urushi bilan bog‘liqmi?
— Davlatda nomi ulug‘, suprasi quruq lavozimlar ham bo‘ladi. Hamma davlatda Xavfsizlik kengashi kotibi prezidentning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi degani. Mudofaa vazirligi esa katta vazirlik, ayniqsa, urush paytida bir necha mlrd mablag‘ aylanadi kuniga. Neft va gazdan tushayotgan foydaning hammasi mudofaa vazirligiga berilayotgan edi. Xavfsizlik kengashi esa kichkina apparat, katta budjet yo‘q, alohida ajratilgan muassasa mavjud emas, FVVning budjeti ham Xavfsizlik kengashi budjetidan ancha katta. Maqomga ko‘ra, ko‘tarilish yoki o‘zi darajasida turgandek, lekin aslida, katta tushish bu, real hokimiyat, resurslar nuqtai nazaridan. Hali buni Shoyguning o‘zi qanday qabul qilayotganini bilmaymiz, uning o‘zi urushdan charchagan bo‘lishi mumkin. Aslida, Shoygu professional harbiy emas, FVVdan chiqqan, Putin hokimiyatga kelayotganda uning reytingidan foydalangan hukumatini mustahkamlash uchun.














