Tramp va Netanyahuning so‘nggi telefon muloqotida yuzaga chiqqan keskinlik Eron masalasida yondashuvlar bir xil emasligini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu tafovutlar asosan taktik darajada bo‘lib, har ikki tomonning Eron va “Hizbulloh” borasidagi tub pozitsiyasida bo‘linish yo‘q.

Mavzu yuzasidan Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov, Abror Fatxullayev va Jahongir Akramov so‘z yuritdi.

— Tramp va Netanyahuning telefon muloqotidan so‘ng Eron bo‘yicha pozitsiyalarda tafovut yuzaga keldimi?

Shavkat Ikromov: Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu so‘nggi 30 yil davomida AQShning bir necha prezidenti bilan keskin munozaralarga kirishgan va ayrim hollarda tanqidiy, hatto haqoratomuz dashnomlarni ham eshitgan. Shu bois Donald Trampning keskin bayonotlari u uchun yangilik emas.

Yaqinda Axios nashrida Trampning Netanyahu haqidagi fikrlari batafsil, hatto so‘zma-so‘z keltirildi (keyinroq Tramp bu xabarni shaxsan o‘zi tasdiqladi – tahr.). Unda Tramp Netanyahuni Isroil obro‘siga putur yetkazishda ayblab, agar u bo‘lmaganida Netanyahu allaqachon qamoqda bo‘lishi mumkinligini aytgani ta’kidlanadi.

Shunga qaramay, bunday keskin bayonotlardan ortiqcha xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. AQSh va Isroil o‘rtasida sovuqlashuv yuz berdi, degan fikrlar asossiz. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik saqlanib qolmoqda. Hatto yaqin kunlarda ular Eron bilan bog‘liq harakatlarda birgalikda qatnashgani bunga misol bo‘la oladi.

Aslida hozirgi vaziyatda Tramp va Netanyahuning maqsadlari ma’lum darajada farqlanadi. Donald Tramp ichki siyosiy omillar – saylovlar, AQShning 250 yilligi kabi muhim sanalar oldidan o‘zini g‘olib sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. Shu bilan birga, urushning iqtisodiy oqibatlari – yoqilg‘i narxlarining oshishi kabi omillar ham uning qarorlariga ta’sir qilmoqda.

Netanyahu uchun ham vaziyat murakkab. U ham siyosiy jihatdan muhim davrga kirib bormoqda va ijobiy natijalar bilan chiqishni istaydi. Shu bois, har ikki liderning ustuvor yo‘nalishlari hozir to‘liq mos kelmaydi. Eron masalasida ham ularning yondashuvi turlicha. Netanyahu uzoq yillardan beri AQSh prezidentlarini Eron yadroviy dasturini to‘liq to‘xtatishga ko‘ndirishga harakat qilib keladi. Bu boradagi eng muhim natija 2015 yilda Barak Obama davrida imzolangan yadroviy kelishuv bo‘ldi. Ushbu kelishuv doirasida Eron muayyan cheklovlarga rozi bo‘lgan edi.