10:17 / 19.05.2024
14220

Orzudagi uy - qishda issiq, yozda salqin. Bunga qanday erishish mumkin? 

Sizningcha, eng yaxshi uy qanday bo‘lishi kerak? Qishda issiq, yozda esa salqin bo‘lgan uyni barchamiz xohlaymiz, lekin ba’zida har qancha energoresurs va pul sarflamaylik, tashqi ta’sirlar tufayli bunga erisholmaymiz. BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) bu muammoga kamchiqim va oson erishish uchun nima qilish mumkinligi haqida yechimlarni taklif etadi.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, hayotimizdagi oddiy misollar ba’zida murakkab masalalarda yechimni topib beradi. Masalan, qishda sovuqqotganda issiq choy ichib ko‘rpa yopinib tanamizni isitamiz. Choy ichimizni isitganda ko‘rpa bu issiqlik tashqariga chiqib ketishining oldini oladi va tana isiydi. 

Issiqlik izolyatsiyasi – bu mavsum va iqlimga qarab issiqlik o‘tkazuvchanligini kamaytirish uchun binoni maxsus izolyatsion materiallar bilan ichki yoki tashqi tomondan qoplash hisoblanadi. Bu materiallar uyning pol qismi, devorlari, shifti, tomi, eshik-romlar atrofiga qoplanadi. Bu materiallarni to‘g‘ri tanlash va o‘rnatish uyning yozda salqin, qishda esa issiq saqlanishini ta’minlaydi. Izolyatsion materiallarni ko‘rpa deb tasavvur qilsak, uy ichidagi isitish texnologiyalarini issiq choy o‘rnida qabul qilishimiz mumkin. Va shu issiqlik izolyatsiyasi orqali uydagi mo‘’tadil haroratni saqlashning imkoni bor, ustiga ustak uy ichidagi isitish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirgan holda yuqori samarali isitishga ega bo‘lish mumkin.

Samarali issiqlik izolyatsiyalovchi materialni va uning qalinligini to‘g‘ri tanlash strukturaning issiqlik qarshiligini oshiradi va uyingizning issiqlik yo‘qotilishini kamaytiradi. Masalan, birinchi uy uchun 50 mm izolyatsiya qalinligi va ikkinchi uy uchun 150 mm izolyatsiya qalinligi bo‘lgan ikkita bir xil uyni solishtirganda, 150 mm izolyatsiyali uy uchun yillik isitish sarf-xarajatlari 50 mm izolyatsiya qilingan uyga nisbatan 2 baravar kamroq bo‘ladi.

Issiqlik izolyatsiyasi mahsulotlari orqali energiyani tejash va mablag‘ni qisqartirish mumkin. Bu mahsulotlar binolarning devorlari, tomlari va pollari orasiga o‘rnatilganida, issiqlik yo‘qotishini kamaytiradi va bu bino ichidagi haroratni uzoq vaqt barqaror ushlab turishga yordam beradi. Natijada, isitish va sovitish tizimlari kamroq energiya sarflaydi, bu esa energiya xarajatlarini keskin pasaytiradi. Issiqlik izolyatsiyasi o‘rnatish boshlang‘ich sarmoya talab etsa-da, uzoq muddatda katta iqtisodiy foyda keltiradi.

“Hozir qurilayotgan imoratlar asosan tashqi tomondan issiqlik izolyatsiyasi bilan qoplanyapti. Xona ichidagi 20-30% issiqlik tom qismidan chiqib ketadi. 15-20%i esa deraza-eshiklardan chiqib ketadi. Poldan ham 10-15% issiqlik chiqib ketadi. Shuning uchun asosiy kuchni lo‘mboz qismiga berish kerak. Toshkentning Eski shahar qismida qurilgan imoratlarni o‘rganganimizda asosan to‘sinlarning ustiga 30-40-50 santimetrli qamish bosilgan. Keyin tuproq bosilib, tomi yopilgan. O‘sha paytda bundan boshqa resurs bo‘lmagan, lekin qamish va tuproq bosimi harorat muvozanatini saqlashda yaxshi natija bergan. O‘sha sharoitda ota-bobolarimiz konditsionersiz mo‘’tadil haroratni yaratishgan”, deydi mutaxassis Sherzod Mahmudov.

Mutaxassislarga ko‘ra, izolyatsiya qilingan xonadon o‘rtacha 40%dan 70%gacha energiya tejaydi. Buni ikkita bir xil xonadon misolida solishtirish mumkin: izolyatsiya qilinmagan xonadon 1 yilda tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun o‘rtacha 5 mln so‘m sarflasa, izolyatsiya qilingan xonadon esa o‘rtacha 1,5 mln so‘mdan 3,5 mln so‘mgacha pul sarflaydi. Buni uyini shunday izolyatsion materiallar bilan jihozlagan fuqarolar misolida ko‘rish mumkin.

Izolyatsiya, shuningdek, tuzilmalarni nafaqat harorat o‘zgarishi ta’siridan, balki yozgi ish davrida quyosh nurlanishidan ham himoya qiladi.

Issiqlik izolyatsiyasidan tashqari, bu materiallar yana bir muhim vazifani bajaradi - ovoz shovqinidan himoya. Materiallardan foydalanish orqali tovush darajasini 48 dB ga kamaytirish mumkin, bu xonadagi akustik qulaylikni sezilarli darajada yaxshilaydi.

Kvars asosidagi mineral paxta yonmaydi va olov tarqalishiga to‘siq bo‘lib xizmat qiladi. Mineral paxta izolyatsiyasi yong‘in tarqalishini kechiktirish, yong‘inga to‘siq bo‘lib, yong‘in tarqalishini sekinlashtirish va favqulodda xizmatlarga binolarga yetib borish uchun qo‘shimcha vaqt berish orqali binolar xavfsizligini yaxshilashga yordam beradi.

Issiqlik izolyatsiyalovchi material inson salomatligi va atrof-muhit uchun mutlaqo xavfsizdir va hech qanday hidga ega emas. U gigroskopik emas (o‘zidan suvni qaytaradi), mog‘or va zamburug‘larga sezgir emas, chirimaydi va kemiruvchilar va hashoratlar uchun to‘siq bo‘lib xizmat qiladi.

Top