Uy-joy bozorida vaziyat qanday? Mutaxassislar bilan suhbat
So‘nggi paytlarda ko‘chmas mulk bozorida narxlar arzonlagani haqida xabarlar keng tarqalmoqda. Kun.uz bu tendensiyalarni tahlil qilgan tashkilotlar vakillari va riyeltor bilan suhbatlashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda yuqori sur’atlarda o‘sgan uy-joy bozorida hozirga kelib sovish kuzatilmoqda, lekin narxlar tushib ketadi deb taxmin qilish uchun jiddiy asoslar yo‘q.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti vakili Xalilulloh Hamidovning aytishicha, bozorda eng qimmat narxlar o‘tgan 2023 yilning 4-choragiga to‘g‘ri kelgan. 2024 yil bahori oxiri, yoz boshidan uyga talabgorlar soni sezilarli kamaygan, bu esa narxlar arzonladi, degan gapning tarqalishiga sabab bo‘lgan. O‘tgan yilning yozi bilan taqqoslaganda narxlar tushmagan bo‘lsa ham, har holda narx o‘sishi jiddiy sekinlashganini kuzatish mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakili Akbarjon Nigmatovning fikricha, uy-joy narxlari kelgusi 5 yilda ham tushmaydi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab, taklif, qurilayotgan uylarning soni, tadbirkorlar faolligi, uy-joy sotib olishdagi takliflarning xilmaxilligi – bozor va undagi narx-navoni shakllantiradi.
Riyeltor Behzod Umarovga ko‘ra, ayni vaziyat kutilgan va tabiiy. Har yili yoz faslida uy-joyga bo‘lgan talab tushadi. Aholining puldor qatlami o‘z mablag‘larini boshqa maqsadlarga yo‘naltiradi, masalan, sayohat qilishga, dam olishga. Lekin kuz oylaridan yana ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab oshadi va narx yana oshishi mumkin, deydi u.
Riyeltorning qayd etishicha, bozorda narx arzonladi degan reklama va xabarlar ortidan birdan sotuvlar faollashsa, ajiotaj ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni odamlar hozir o‘z mablag‘larini saqlab turibdi, bunday vaziyatda pul zarur bo‘lgan 1-2 quruvchi kompaniya uylarni tannarxidan ham arzonga sotsa, ularning reklamasiga uchib, hamma birdan uy-joy sotib olishni boshlashi mumkin. Bu esa narxni o‘ynatib yuboradi, deydi mutaxassis.
Tadqiqot instituti 5,5 ming kishi o‘rtasida odamlarga qaysi usulda uy sotib olish qulay, degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazib, ijtimoiy fikrni o‘rgangan. Unga ko‘ra, 75 foiz respondent ipoteka va subsidiya orqali uy sotib olish ular uchun ma’qul kelishini bildirgan. Riyeltor Umarovga ko‘ra, ikki usul ham aslida noqulay. Ipoteka kreditlarining foizi juda baland, subsidiya olish esa qiyin. Olinganda ham subsidiyaga sotiladigan uylarni topish nihoyatda mushkul.
Uysizlik – dunyoning aksariyat davlatlarida bor katta ijtimoiy muammo. O‘zbekiston ham shu muammo bilan yuzlashishi mumkinmi? Ekspertlar fikricha, uy-joy qurilish siyosatining noto‘g‘ri olib borilishi – uysizlik muammosini keltirib chiqaradi. Har holda, bizda odamlarning uyi bo‘lmasa ham, tomi bor, bir nechta oila bir xo‘jalik bo‘lib yashaydi, deydi suhbatdoshlar.
Xo‘sh, bozorda vaziyat aniq, narxlarning o‘sishi avvalgi yillardagidek emas, bunday vaziyatda ko‘chmas mulkka investitsiya o‘zini oqlaydimi? Rivojlangan davlatlarda fuqarolar o‘z mablag‘larini kapital bozoriga investitsiya qilsa, yurtdoshlarimiz yoki uy, yoki mashinaga tikadi. Mashina varianti borgan sari o‘zini oqlamayapti. Demak, uy-joy olish – mablag‘larni to‘g‘ri yo‘naltirish usuliga aylangan. Biroq ekspertlar fikricha, ayni vaziyatda pulni uy-joyga investitsiya qilish ham avvalgidek katta foyda keltirmaydi. Investitsiya emas, yashash uchun uy olish esa – boshqa masala, birlamchi ehtiyojini qondirish uchun uy olish to‘g‘ri qadam hisoblanadi.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:31
Poytaxt IIB O‘zbekiston–Eron o‘yiniga kelmoqchi bo‘lgan muxlislarga murojaat qildi
21:40 / 09.10.2024
Toshkent havosining iflosligi yiliga 3 ming kishining bevaqt o‘limiga olib keladi - hisobot
20:45 / 09.10.2024
Toshkent shahri Bosh rejaga ko‘ra 3 ta zonaga ajratiladi
15:55 / 09.10.2024