09:24 / 20.05.2024
4423

Afg‘onistonda suv toshqinlari oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi

G‘or va Faryob viloyatlarida sodir bo‘lgan tabiiy ofatlar chorva mollari nobud bo‘lishiga, qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bosishiga va minglab uylarning vayron bo‘lishiga olib keldi.

Foto: AP/picture alliance

Afg‘onistonda kuchli yomg‘ir sabab bo‘lgan suv toshqini oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘ldi. Birgina shimoliy Faryob viloyatida 19 may, yakshanbaga o‘tar kechasi 66 kishi suvga cho‘kib halok bo‘ldi, deb xabar berdi mahalliy hokimiyat. Yana besh kishi jarohatlangan, sakkiz nafari bedarak yo‘qolgan.

Bundan tashqari, 1500 ta bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, keng qishloq xo‘jaligi yerlari zarar ko‘rgan, o‘nlab chorva mollari cho‘kib ketgan.

Tabiiy ofat mamlakatning markaziy qismidagi G‘or viloyatiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Mintaqa hukumati hisob-kitoblariga ko‘ra, 17 maydan beri suv toshqini oqibatida 55 kishi halok bo‘lgan, 3000 dan ortiq uy vayron bo‘lgan.

BMT qurbonlar sonini 300 dan ortiq deb baholamoqda

Bir hafta oldin Bag‘lon viloyatidagi suv toshqini 300 dan ortiq aholining hayotiga zomin bo‘ldi, deb xabar qildi BMT Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari. Jahon tashkilotining ta’kidlashicha, viloyat aksariyat hududlariga yuk mashinalari kirish imkoni bo‘lmagan.

Qirq yildan ko‘proq vaqt davomida urush davom etgan mamlakat tabiiy ofatlarga eng kam tayyor bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu yil bahorida Afg‘onistonda uzoq davom etgan qurg‘oqchilikdan so‘ng kuchli yomg‘ir yog‘di.

Top