09:56 / 20.05.2024
6863

Isroilda vazir Gans bosh vazirga ultimatum qo‘ydi

Beni Gans, agar bosh vazir Binyamin Netanyahu 8 iyungacha G‘azo sektori bo‘yicha rejani taqdim etmasa, iste’foga chiqish bilan tahdid qildi. Gansning takliflari orasida garovga olinganlarni qaytarish va HAMASni ag‘darish bor.

Beni Gans Foto: Abir Sultan/Pool/AP/picture alliance

Isroil mudofaa vaziri Beni Gans, agar bosh vazir Binyamin Netanyahu 8 iyungacha G‘azo sektorida harakat rejasini taqdim etmasa, iste’foga chiqishi bilan tahdid qildi. Siyosatchi bu ultimatumni 19 may, yakshanba kuni qo‘ydi. «Isroil askarlari frontda aqlbovar qilmaydigan jasorat ko‘rsatar ekan, ularni jangga jo‘natgan ba’zi odamlar qo‘rqoqlik va mas’uliyatsizlik bilan harakat qilishmoqda», — deya Gans so‘zlarini keltiradi The Times of Israel.

Vazirlar mahkamasi oltita strategik maqsadga erishish uchun shunga o‘xshash rejani ishlab chiqishi kerak, deya tushuntirdi Gans. Ular orasida - HAMAS harakati tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish, G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatini ag‘darish, uni demilitarizatsiya qilish va Isroil xavfsizlik nazoratini o‘rnatish, bu mintaqada AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda arab davlatlari va falastinliklar ishtirokida «fuqarolik boshqaruvi uchun xalqaro mexanizm» yaratish.

Bundan tashqari, 1 sentabrgacha Isroil shimoli aholisini o‘z uylariga qaytarish, Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirishga intilish, aholining barcha toifalariga taalluqli harbiy yoki milliy xizmat tuzilmasini rivojlantirish zarur, deya ta’kidladi Gans. Olti bosqichli reja «oson bo‘lmaydi», dedi u. Biroq, bunday g‘oya amalga oshishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi arab va dunyo yetakchilari bilan suhbatlarini keltirib. 

Bosh vazir tanqidi

Netanyahu vazirning pozitsiyasini tanqid qildi. Bunday talablar Isroilning mag‘lub bo‘lishini, G‘azo sektorida HAMAS hokimiyatni saqlab qolishini va Falastin davlatini yaratishni anglatadi, deyiladi bosh vazir idorasi tarqatgan bayonotda. Gans «HAMASga ultimatum qo‘yish o‘rniga bosh vazirga ultimatum taqdim etishga» qaror qildi, dedi Netanyahu. 

Beni Gans 2020 yildan 2022 yilgacha Isroil mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. Netanyahuning «Likud» partiyasi yetakchiligidagi koalitsiya g‘alaba qozongan saylov natijalaridan keyin u muxolifat safiga qo‘shildi. Bir necha oy oldin HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng Gans Netanyahu hukumatini qo‘llab-quvvatladi va harbiy kabinetga portfelsiz vazir sifatida kirdi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 35 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid
Top