Trampning tashabbusi bilan ilgari surilgan G‘azoda tinchlik rejasining 2-bosqichi tashqi tomondan tinchlik va tiklanish va’dalariga boy ko‘rinadi. Ammo hujjat mazmuniga chuqurroq nazar tashlansa, TsAXAL va HAMAS borasida nomunosib yondashuv borligi aks etadi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar mazkur mavzu xususida so‘z yuritdi.

— Sulhning ikkinchi bosqichi qanday amalga oshiriladi?

Shavkat Ikromov: Ikkinchi bosqichda Falastin texnokratlar kengashi ish boshlaydi. Unga falastinlik mutaxassis Ali Shas rahbarlik qiladi, kengash 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. A’zolarning barchasi mintaqani chuqur biladigan, tajribali mutaxassislar sifatida taqdim etilmoqda. Trampning o‘ziga xos ritorikasiga ko‘ra, bu “dunyodagi eng yaxshi kengash” bo‘lishi kerak.

Endi asosiy savol bu kengashning real vakolatlari nimadan iborat? E’lon qilingan dastlabki hujjatlarga ko‘ra, uning vazifalari o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlash, qayta qurish jarayonlarini muvofiqlashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini tiklash hamda G‘azo hududining texnik infratuzilmasini qayta qurishni rag‘batlantirishdan iborat. Ikkinchi bosqichda Ali Shas boshchiligidagi texnokrat hukumat aynan shu yo‘nalishlarni nazorat qilishi va muvofiqlashtirib borishi kerak. Biroq bu yerda qator jiddiy savollar yuzaga keladi.

Rejaning eng bahsli jihatlaridan biri – G‘azo hududida qurol ko‘tarish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslarni qurolsizlantirish bandidir. Rejaning 20 banddan iborat asosiy qismiga ko‘ra, G‘azodagi HAMAS jangchilari qurolsizlantirilishi lozim. Shu bilan birga, Isroil askarlarida qurol olib yurish huquqi saqlab qolinadi. Amalda bu G‘azo hududida qurol ko‘tarishga faqat Isroil harbiylari vakolatli bo‘lib qolishini anglatadi. Bu holat esa mahalliy aholi uchun jiddiy muammolar tug‘diradi.

G‘azoda hozirgi vaqtda huquqiy tartibot to‘liq ishlamayapti, jinoyatchilik va nazoratsizlik kuchaygan. Bunday sharoitda o‘zini Isroil harbiylaridan yoki mahalliy qurolli guruhlardan himoya qilishga urinayotgan fuqarolarga ham qurol olib yurish taqiqlanishi adolatli savollarni keltirib chiqarmoqda. Shartnomaning umumiy mazmuni shunday taassurot uyg‘otadiki, go‘yo Isroilning G‘azodagi harbiy mavjudligi texnokrat boshqaruv yoki boshqa nomlar ostida huquqiy jihatdan rasmiylashtirilayotgandek. Ya’ni Isroil okkupatsiyasi bilvosita legitimlashtirilayotgandek ko‘rinadi.

“G‘azoni qayta qurish” tushunchasi ham asosan texnik yondashuv bilan cheklangan. Gap binolarni, yo‘llarni va infratuzilmani tiklash haqida bormoqda. Ammo siyosiy boshqaruv, fuqarolik institutlarini qayta shakllantirish yoki mahalliy boshqaruv organlarini yaratish masalalari rejaning markazida emas, ikkinchi darajaga surilgan.