10:35 / 22.05.2024
4520

Abdulla Aripov Turkmanistonga tashrif buyurishi kutilyapti

24 may kuni Ashxobod shahrida MDH hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

MDH ijroiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, majlis kun tartibi loyihasiga 12 ta masala kiritilgan. An’anaga ko‘ra, tor doirada kengash a’zolari Hamdo‘stlik mamlakatlaridagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb mavzulari bo‘yicha fikr almashadilar.

Energetika sohasida hamkorlik konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi loyihalari, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar hududlari orqali o‘tuvchi infratuzilmani optimallashtirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasini keng formatda muhokama qilish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, yig‘ilishda sog‘liqni saqlash, kimyo sanoati, xavfli chiqindilar bilan ishlash va intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikka oid qator hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Hukumat rahbarlari kengashi kun tartibidagi yana bir masala – Ashxobodni Hamdo‘stlikning yangi sport imkoniyatlari shahri deb e’lon qilish.

Majlis ishida O‘zbekistondan bosh vazir Abdulla Aripov hukumat rahbari sifatida ishtirok etishi kutilyapti.

Top