08:10 / 23.05.2024
6220

O‘zbekiston Kaspiy dengizida gaz qazib olish bo‘yicha «Shohdengiz» loyihasiga qo‘shilishi mumkin 

«O‘zbekneftgaz» Ozarboyjonda gaz qazib olish loyihasiga qo‘shilishi mumkin, deya ma’lum qildi O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov. Gap Kaspiy dengizidagi «Shohdengiz» loyihasi haqida ketmoqda. 

Foto: trend.az

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi Kaspiy dengizining Ozarboyjon shelfidagi «Shohdengiz» gaz kondensati loyihasiga kirishi mumkin.

Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Gubada bo‘lib o‘tgan Ozarboyjon-O‘zbekiston mintaqalararo II forumi doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

«Biz SOCAR kompaniyasini taklif qilamiz va u bilan O‘zbekistondagi neft va gaz qazib olish loyihalarida ishtirok etishi haqida gaplashamiz. Ozarboyjonda mavjud «Shohdengiz» loyihasida ulush asosida ishtirok etish muzokaralar mavzusidir», - deya tushuntirdi u. 

Qudratov yaqin oylarda «O‘zbekneftgaz»ning «Shohdengiz»ga kirishi bo‘yicha hujjatlar imzolanishiga umid bildirdi. 

«Bizning ushbu loyihadagi ishtirokimiz chet ellik maslahatchi ishtirokida jiddiy moliyaviy va huquqiy ekspertiza talab qiladi», dedi u. 

«Shohdengiz» loyihasi 1996 yildan beri amalga oshirib kelinmoqda. 2013 yilda «Shohdengiz» konini o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv 2046 yilgacha uzaytirildi. 

Hozirgi vaqtda loyiha ishtirokchilari bp (ishlab chiqarish operatori - 29,99 foiz), Lukoil (19,99 foiz), TPAO (19 foiz), NİKO (10 foiz), SGC Upstream (Ozarboyjon manfaatlarini ifodalaydi, 21,02 foiz) hisoblanadi.

«Shohdengiz»ning zaxiralari 1,2 trillion kub metr gaz atrofida baholangan, hozirgacha ushbu manbaning 20 foizga yaqini qazib olindi.

Mavzuga oid
Top