13:37 / 25.05.2024
3239

Gurjiston AQShning yangi qonun tufayli sanksiyalar joriy etish qaroriga munosabat bildirdi

Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi AQShning chet el agentlari to‘g‘risidagi qonuni tufayli sanksiyalar joriy etish qaroriga javoban, mamlakat «suverenitet bilan savdolashmasligini» ta’kidladi. Avvalroq davlat kotibi Entoni Blinken AQSh qonun qabul qilinishiga javoban gurji siyosatchilarga nisbatan viza cheklovlari joriy etishini aytgan edi. 

Foto: Irakli Gedenidze / Reuters

Gurjistonning hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi siyosiy kengashi AQShning chet el agentlari haqidagi qonun tufayli sanksiyalar joriy etish qaroriga javoban, mamlakat «suverenitet bilan savdolashmasligini» bildirdi, deb yozadi Georgia Today nashri. 

«Biz mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligi bilan savdolashmoqchi emasmiz. Hech qanday shantaj bizni mamlakatimizga qarshi qadam tashlashga majbur qilmaydi. Bunday vaziyatda sanksiyalar faqat teskari samara beradi va ularni kiritganlarga zarar keltiradi», — deyiladi bayonotda. Hukmron partiyaga ko‘ra, «Entoni Blinken nomidan qilingan bayonot va viza cheklovlari bilan shantaj Gurjiston mustaqilligi va suverenitetini cheklashga qo‘pol urinishdan boshqa narsa emas», deb yozadi nashr. 

Avvalroq AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Gurjiston parlamenti tomonidan chet el agentlari to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganiga javoban AQSh gurji siyosatchilarga viza cheklovlari joriy etishini ma’lum qilgandi. «Oxirgi bir necha oy ichida hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi fikr erkinligini bostiruvchi, Gurjiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qoralaydigan va mustaqil matbuot faoliyatiga aralashadigan «xorijiy ta’sir» qonuni loyihasini ishlab chiqdi va qabul qildi», - deydi u. 

Gurjiston parlamenti 14 may kuni yakuniy, uchinchi o‘qishda chet el agentlari to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonunga ko‘ra, yillik daromadining 20 foizidan ko‘prog‘ini xorijiy manbalar tashkil etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari yiliga bir marta Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tishi va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shart. 

18 may kuni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili parlament tomonidan qabul qilingan qonunga veto qo‘ydi. U buni «Rossiya qonuni» deb atadi, bu «Gurjiston Konstitutsiyasi va barcha Yevropa standartlariga zid keladi va [Gurjiston] Yevropa yo‘liga to‘siq bo‘ladi», dedi. Shu bilan birga, Gurjiston qonunchiligiga ko‘ra, prezident vetosini endilikda «Gurjiston orzusi» deputatlaridan tashkil topgan parlamentning ko‘pchilik qismi chetlab o‘tishi mumkin.

24 may kuni ertalab Gurjiston parlamenti 27 maydan boshlab prezident Zurabishvilining vetosini bekor etish tartibini boshlashini ma’lum qildi. Agar qo‘mita vetoni bekor qilishni ma’qullasa, masala parlament yalpi majlisiga kiritiladi. 

Qonun loyihasini ko‘rib chiqish aprel oyining o‘rtalaridan boshlab davom etgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Tbilisida 30 aprel oqshomida boshlangan tashabbusga qarshi namoyishda 63 kishi hibsga olingan, olti politsiyachi og‘ir yaralangan. 1 may kuni Tbilisidagi namoyishlar chog‘ida kamida sakkiz kishi jarohatlangan, ularning barchasi kasalxonaga yotqizilgan, deb xabar berdi Gurjiston Sog‘liqni saqlash vazirligi. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, uch nafar politsiya xodimi ham jarohatlangan. 

Mavzuga oid
Top