21:33 / 30.05.2024
3810

AQSh va Ukraina xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvni imzolaydi

Shartnoma AQSh Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashi, jumladan, ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash, razvedka ma’lumotlarini almashish va iqtisodiy yordam bo‘yicha majburiyatlarni belgilaydi. 

Foto: Global Look Press

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama shartnomani imzolashga tayyor. Bu haqda Financial Times xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar «ittifoqchilar o‘rtasida keskinlik kuchayishi» sababli Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha kelishuv taklif qilmoqchi. Bu haqda nashrga Bayden ma’muriyatidagi manbalar ma’lum qilgan. 

FT jurnalistlarining yozishicha, Amerika prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy iyun oyida Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammiti doirasida kelishuvga erishishi mumkin. 

«Keyingi oy imzolanadigan kelishuv Vashington bilan munosabatlar yomonlashganidan xavotirga tushgan Kiyev rasmiylarini tinchlantirishga qaratilgan», deb yozdi gazeta. 

Ta’kidlanishicha, bu kelishuv Ukraina va NATO a’zolari bilan tuzilgan xavfsizlik hujjatlari qatoridagi eng muhimi bo‘ladi. 

Shartnoma AQSh Ukrainani uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashi, jumladan, ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlash, razvedka ma’lumotlarini almashish va iqtisodiy yordam bo‘yicha majburiyatlarni belgilaydi. 

Avvalroq, Ukraina bir qancha davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Finlyandiya, Latviya, Ispaniya, Belgiya va Portugaliya bilan aynan shunday kelishuvni imzolagan edi.

 

Top