Jahon | 10:35
814
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Germaniya ishlab chiqarayotgan 600 ta raketaga buyurtma berdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Germaniyadan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 600 ta raketa sotib olish bo‘yicha yirik shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. U bu haqda «TSN. Nedelya» teleko‘rsatuviga bergan intervyusida aytdi.

Foto: REUTERS

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya mazkur raketalarni ishlab chiqarish uchun AQShdan tegishli litsenziyalarni olgan va ishlab chiqarish jarayonini boshlagan. Ukraina esa nemis ishlab chiqaruvchilari bilan yuzlab million dollarlik kelishuvni rasmiylashtirgan.

«Biz ular bilan katta miqdordagi mablag‘ni o‘z ichiga olgan shartnomani imzoladik. Gap 600 ta raketa haqida ketmoqda», — dedi Ukraina rahbari.

Ayni paytda Germaniya hukumati mazkur ma’lumot yuzasidan hali rasmiy izoh berganicha yo‘q.

Ukraina prezidenti Yevropa davlatlari, xususan Germaniyada Patriot tizimlari uchun raketalar ishlab chiqarish imkoniyatlari yetarli ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, kelajakda bunday ishlab chiqarish quvvatlari boshqa Yevropa mamlakatlarida ham kengaytirilishi mumkin.

Zelenskiy shuningdek, Fransiyada bo‘lib o‘tgan «Katta yettilik» (G7) sammiti doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, Vashington birinchi marta Ukrainaga raketa ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziyalar berish masalasida ijobiy munosabat bildirgan.

«Biz bu masalada shunday bosqichga yetdikki, endi faqat Donald Trampning shaxsiy roziligi talab etilmoqda. Qolgan barcha tomonlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda», — dedi Zelenskiy.

Fransiyaning Evian shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti yakunlariga ko‘ra, yetakchi davlatlar Ukrainaga havo hujumidan mudofaa vositalari, raketa tutuvchilar, uzoq masofali qurollar va boshqa harbiy texnika yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi.

Shuningdek, «Katta yettilik» mamlakatlari Ukraina hududida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish imkonini beruvchi litsenziyalarni taqdim etish masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan tashqari, G7 davlatlari Ukrainaga kelasi qish mavsumini barqaror o‘tkazish uchun energetika sohasida yordam berishni davom ettirishlarini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, «Katta yettilik» tarkibiga AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya va Kanada kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid