15:29 / 01.06.2024
17100

G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari - fosh bo‘lgan KGB agenti nega o‘zini o‘ldirgandi?

1977 yil 21 iyun. Moskva shahridagi kvartiralardan biriga KGB xodimlari bostirib kirishadi. Shu paytda xonadon egasining mazasi qochadi. Zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Biroq shifokorlar yetib kelgancha u vafot etadi. Keyinchalik uy egasi zaharli kapsula ichib, joniga qasd qilgani ma’lum bo‘ladi. O‘lgan odam MRB bilan hamkorlik qilganlikda gumonlangan KGB josusi edi.

1977 yil yozda KGB xodimlari ikkita operatsiya o‘tkazishadi. Ularning birida AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlikda gumon qilinayotgan KGB josusi qo‘lga olinishi kerak edi.

KGB xodimlari josusning uyiga bostirib kirgan paytda u zahar ichib joniga qasd qiladi. Josus o‘lgach juda ko‘p ma’lumotlardan quruq qolgan KGB ikkinchi operatsiyani o‘tkazadi. Maqsad o‘lgan josusning hamkorini ushlash edi.

Operatsiyada qo‘lga olingan ayol AQShning SSSRdagi elchixonasi xodimi bo‘lib chiqadi. Daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgani uchun KGB ayoldan ham hech qanday ma’lumot ololmaydi va uni mamlakatdan chiqarib yuboradi. Shu tariqa ikkita operatsiya ham deyarli natijasiz tugaydi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bu urushgacha jahon siyosiy sahnasida uncha muhim rol o‘ynamagan SSSR sotsialistik qutb yetakchisi sifatida AQSh bilan raqobatlasha boshlaydi.

1950-yillar o‘rtalariga kelib sovetlar Sharqiy Yevropa, Xitoy, Shimoliy Koreya va Janubiy-Sharqiy Osiyoda joylashgan Vetnam hamda Laosda sotsialistik tuzum o‘rntishga muvaffaq bo‘lgan va jahonda katta ta’sir doirasiga ega davlat sifatida tanilgan edi.

O‘sha paytda sovetlar butun dunyo bo‘ylab “SSSRdagi baxtli va farovon hayot”ni targ‘ib qilishar, bunday yolg‘on targ‘ibotga uchgan ayrim mamlakatlarda davlat to‘ntarishlari uyushtirib, qo‘zg‘olonchilarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlayotgan edi.

Biroq 1953 yilda Stalin vafot etgach “zulm imperiyasi”ning juda ko‘p kirdikorlari oshkor bo‘ladi. Mislsiz qatag‘onlarga boshchilik qilgan Lavrentiy Beriya va uning yordamchilari jazolanadi. Mamlakatdagi qamoqxonalardan millionlab siyosiy mahbuslar ozod qilinadi.

Ana shundan so‘ng SSSRda sovet hukumatidan hafsalasi pir bo‘lgan odamlar paydo bo‘ladi. Bundaylar hatto KGB va Tashqi razvedka boshqarmasi xodimlari orasida ham yetarlicha bor edi.

Foto: dzen.ru

Bunday odamlar imkoniyat tug‘ilishi bilan G‘arb maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qila boshlaydi. Bu jarayon 1991 yil SSSR parchalanib ketgunicha davom etadi.

Sovet diplomati, aniqrog‘i xorijda sovet elchixonasi xodimi niqobi ostida ishlagan Aleksandr Ogorodnik ham MRB bilan hamkorlik qilganlardan biri edi.

Harbiy xizmatdan KGBga

Aleksandr Ogorodnik 1939 yilda Qrimda tug‘ilgan. U harbiy xizmatga chaqirilgan vaqtida KGB xodimlarining e’tiborini tortadi va armiyadan so‘ng 1959 yilda shu tashkilotga ishga kiradi. Unga “Staxanovchi” (mashhur zarbdor ishchi Staxanov nomidan olingan) laqabi beriladi.

KGBda ishlab yurgan Ogorodnik 1967 yilda Moskvadagi Xalqaro munosabatlar institutini bitiradi. 1970 yilda aspiranturani tugatadi va o‘sha yili ilmiy ishini himoya qilib, iqtisod fanlari nomzodi bo‘ladi.

U institutda va aspiranturada o‘qib yurganida yoshlar tashkiloti qo‘mitasi a’zosi sifatida bir necha marta Kolumbiya, Kosta-Rika va Bolgariyaga safar qiladi.

1970-yillar boshlarida Ogorodnikni SSSRning Kolumbiyadagi elchixonasi xodimi niqobi ostida Bogota shahriga yuborishadi. U elchining ikkinchi kotibi sifatida ish boshlaydi.

Ogorodnik Janubiy Amerikada
Foto: elmundo.es

O‘sha paytlarda Janubiy Amerika davlatlarida AQShning ta’siri juda yuqori bo‘lgan. Shu sababli ular SSSR elchixonalarining faoliyatini, KGB josuslarining xatti-harakatlarini muntazam kuzatib borishgan.

MRB bilan hamkorlik

Ogorodnik Bogotada ish boshlagach MRB xodimlari uni o‘z tomonlariga og‘dirish payiga tushadi. Ogorodnik tabiatan ayollarga suyagi yo‘q odam edi. Bundan unumli foydalangan MRB o‘z xodimi bo‘lgan ayoldan foydalanishga qaror qiladi.

Ayol oddiy ispan qizi niqobi ostida Ogorodnik bilan tanishadi. Ko‘p o‘tmay o‘rtada ishqiy aloqalar boshlanadi. Bu orada ayol homilador bo‘lib qoladi.

1973 yil yanvarda Ogorodnikni MRB xodimlari tutib noma’lum maskanga olib borishadi. U yerda sovet josusiga ayol bilan ishqiy munosabatlari tasvirlangan kadrlarni ko‘rsatishadi.

So‘ng amerikaliklar Ogorodnikka ayol MRB xodimi ekanini, agar o‘zlari bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lmasa barcha ma’lumotlar Moskvaga yetkazilishini aytishadi. Shunda u MRB bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi.

Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda ayol Ogorodnikdan homilador bo‘lgach o‘zining MRB xodimi ekanini unga aytadi. Shunda sovet josusi o‘z ixtiyoriga ko‘ra MRB bilan hamkorlik qilishga rozilik bildiradi.

Ogorodnik va uni chuv tushirgan MRB xodimi bo‘lgan ayol
Foto: fishki.net

Ogorodnikovning MRBga bergan ilk jiddiy hujjatlari Sovet-Xitoy munosabatlaridagi ustuvor masalalar haqida bo‘lgan. Bu hujjatning qo‘lga kiritilishini o‘sha paytda kimsan AQSh davlat kotibi Genri Kissinjyer maqtagan edi.

1974 yil noyabr oyida Ogorodnik Moskvaga qaytib keladi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra uning Kolumbiyada MRB xodimlari bilan hamkorlik qilayotgani haqida Moskvaga xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng Ogorodnik Moskvaga chaqirib olingan.

Boshqa manbalarga ko‘ra, Ogorodnikning MRB xodimlari bilan hamkorligi haqida KGBdagilar bilmagan. Agar bilganida Ogorodnik Moskvaga yetib kelgandayoq hibsga olinardi.

Ogorodnik Moskvaga qaytgach uni SSSR tashqi ishlar vazirligi qoshidagi tashqi siyosat tadbirlarini rejalashtirish boshqarmasiga ishga o‘tkazishadi.

Ogorodnikning fosh bo‘lishi

Ogorodnik Moskvaga qaytgach ko‘p o‘tmay MRB SSSRga elchixona xodimi niqobi ostida Marta Peterson ism-sharifli ayolni jo‘natadi. Marta MRB tomonidan SSSRga yuborilgan birinchi josus ayol bo‘lgan.

Sobiq MRB xodimining bevasi bo‘lgan bu ayolga SSSRda Ogorodnik bilan aloqada bo‘lib turish va u bilan hamkorlikda ishlash topshirig‘i berilgan edi.

Marta Peterson
 Foto: npr.org

1976 yilda Uzoq Sharqdagi Naxodka shahrida Tinch okeani basseyni bo‘yicha hamkorlik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va unda Amerika delegatsiyasi ham qatnashadi.

Yig‘ilish davomida KGB xodimlari xorijlik mehmonlarning har bir xatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatishadi. Ana shu kuzatishlar paytida ular yig‘ilishga mas’ul bo‘lgan Ogorodnikning AQSh delegatsiyasi a’zolari bilan ko‘p muloqot qilayotganini payqab qolishadi. Bu ma’lumot zudlik bilan Moskvaga yuboriladi.

Shundan so‘ng KGB xodimlari Ogorodnik Naxodkadan qaytgunicha uning uyini yashirincha tintib ko‘rishadi. U yerdan fotoapparat plyonkalari va uyda saqlash mumkin bo‘lmagan boshqa bir nechta hujjatlar topiladi.

Shundan so‘ng Ogorodnikning uyiga yashirincha eshitish moslamasi o‘rnatiladi. Uning ortidan doimiy kuzata boshlashadi va amerikaliklar bilan hamkorlik qilayotgani aniqlanadi.

1977 yil 21 iyun kuni Ogorodnik uyda ekanida bir guruh KGB xodimlari bostirib kirib, uni qo‘lga olishadi. Shunda Ogorodnik amerikaliklar bilan hamkorlik qilib kelganini tan oladi va iqrorlik xati yozib berishini aytadi.

So‘ng o‘tirib stoli ustidagi ruchkalardan birini va qog‘oz olib yozishga urinadi. Shu paytda birdan uning mazasi qochadi. Zudlik bilan tez yordam mashinasi chaqiriladi.

Xodimlar u zaharli kapsula ichgan deb taxmin qiladi va Ogorodnikning og‘zini ochib tekshirib ko‘rishadi. Biroq hech narsa topa olishmaydi. Zahar o‘z ishini bajaradi, shifokorlar yetib kelguncha Ogorodnik vafot etadi.

Ogorodnik Janubiy Amerikada
Foto: 24smi.org

Keyinchalik, ekspertiza tekshiruvlarida Ogorodnik tanasiga bir zumda o‘ldiradigan zahar yuborgani oydinlashadi. Taxmin qilinganidek zahar kapsula ko‘rinishida bo‘lgan.

Ogorodnikni qo‘lga olish operatsiyasiga boshchilik qilgan KGB general-leytenanti Vitaliy Boyarov u ichgan zahar avtoruchkada bo‘lganini aytgan.

Shu sababli KGB xodimlari Ogorodnik iqrorlik xatini yozib berish uchun stoli ustidagi ruchkani olayotganda hech qanday shubhaga borishmaydi. Shunda u xodimlarning ko‘zini shamg‘alat qilib tanasiga zahar yuboradi.

Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, Ogorodnik qo‘lga olingan paytda o‘zini o‘ldirmagan. Balki uni KGB hibsxonasida, tergov paytida urib o‘ldirishgan. Biroq bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Marta Petersonning ushlanishi

Ogorodnik vafot etgani barchadan sir saqlanadi. Chunki u aloqa o‘rnatgan shaxs ushlanmagan edi. Ishni oxiriga yetkazish uchun “Setun” deb nomlangan operatsiya ishlab chiqiladi.

Unga ko‘ra KGB xodimlaridan biri soxta Ogorodnik bo‘lib, uning uyida yashay boshlaydi. Xodim Ogorodnikning kiyimlarini kiyib oladi, uning qora rangli Volga mashinasidan foydalanadi.

KGB Ogorodnikning xotini Olgani tashkilot bilan hamkorlik qilishga majburlaydi. U har kuni soxta Ogorodnik bilan ishga borib-kelib turadi.

1977 yil 10 iyul kuni Ogorodnik bilan hamkorlik qilayotgan xodimdan uchrashuv haqida signal keladi. Unga ko‘ra uchrashuv 15 iyul kuni Moskvadagi ko‘priklardan birida bo‘lishi aytilgandi.

Uchrashuv belgilangan kun soxta Ogorodnik aytilgan joyga boradi va Volgani kelishilgan joyda to‘xtatadi. Uni KGB xodimlari kuzatib turadi. Shu paytda mashinaga bir ayol yaqinlashadi. U AQShning SSSRdagi elchixonasi xodimi niqobi ostida josuslik bilan shug‘ullanayotgan Marta Peterson edi.

Marta Peterson mashinaga yaqinlashganda unga ikki nafar KGB xodimi yaqinlashadi va ovoz chiqarmay o‘zlari bilan birga borishni buyuradi.

Biroq ayol ikki nafar jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va yakkama-yakka kurash turlaridan xabardor xodimlarni urib tashlaydi va rus tilida baqirib, atrofdagilardan yordam so‘ray boshlaydi.

Marta Petersonning qo‘lga olinishi
Foto: zvezdaweekly.ru

Shunda atrofdagi boshqa xodimlar ham ayolga tashlanadi va amallab uni ushlashadi. Keyinroq Martaning bir nechta jangovar kurash turlari bilan shug‘ullangani, taekvondo bo‘yicha yashil belbog‘ sohibi ekani oydinlashadi.

Marta Amerikaning Moskvadagi elchixonasi xodimi sifatida daxlsizlik huquqiga ega edi. Uni so‘roq qilishgach SSSRdan chiqarib yuborishadi. Marta MRBda 2003 yilgacha ishlaydi va keyin nafaqaga chiqadi.

Amerikaliklar Marta fosh etilganda Ogorodnikni hibsda deb o‘ylashadi. U haqdagi barcha hujjatlar maxfiy saqlangani uchun Ogorodnikning taqdiridan bexabar qolishadi.

Oradan yetti yil o‘tgach 1984 yilda sovet ekranlarida namoyish etilgan hujjatli filmdan so‘ng Ogorodnikning taqdiri qanday kechganini bilishadi.

“TASS xabar berganda...”

1970-yillar ikkinchi yarmida KGB rahbari Yuriy Andropov va Ichki ishlar vaziri Nikolay Shchyolokov o‘rtasida o‘zaro dushmanlik bor edi. Ular jurnalistlar va adiblarni yollashar, ulardan foydalanib badiiy asarlar yozdirishardi. Hujjatli hamda badiiy filmlar suratga oldirishardi.

O‘sha paytlarda yozuvchi Yuliy Semenov asosan KGB buyurtmasi bilan ishlaydigan adib edi. 1960-yillarning ikkinchi yarmida u josus Shtirlits haqida hikoya qiluvchi “Bahorning o‘n yetti lahzasi” romanini aynan KGB buyurtmasi bilan yozgandi.

Ko‘p o‘tmay ana shu roman asosida ko‘p qismli “Bahorning o‘n yetti lahzasi” filmi suratga olinadi. Film sobiq ittifoq televideniyesida muvaffaqiyat bilan namoyish etiladi.

1980-yillar boshlarida Yuliy Semenov KGB bosh idorasiga chaqiriladi. Unga MRB bilan hamkorlik qilgan Aleksandr Ogorodnik haqida hujjatli film suratga olish rejalashtirilayotganini aytishadi.

So‘ng adibga tegishli hujjatlar taqdim etiladi va shu mavzuda ssenariy yozish topshirig‘i beriladi. Yozuvchi topshiriqni kutilganidan a’lo qilib bajaradi.

1984 yil yozda sovet ekranlarida Semenov ssenariysi asosida suratga olingan “TASS xabar berganda....” deb nomlangan hujjatli film namoyish etiladi. Filmda Ogorodnik rolini aktyor Boris Klyuyev o‘ynagandi.

Katta yoshdagilar yaxshi eslashadi, bu hujjatli film namoyishi bir necha hafta davom etadi va unda KGB xodimlari juda ko‘klarga ko‘tariladi. Tomoshabinlarga sotqinlarning taqdiri ayanchli tugashi haqida uqtiriladi.

Biroq aynan film ekranlarga chiqarilgan paytda sovet armiyasining bir qancha zobitlari, KGB va Tashqi razvedka xizmati xodimlari MRB va MI bilan hamkorlik qilayotgandi. Bu endi boshqa tarix...

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Top