O‘zbekiston | 23:39 / 03.06.2024
17147
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qishni bitirgach kimlarning 3 yil ishlab berishi ma’lum bo‘ldi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov Kun.uz’ga bergan intervyusida grant-kontrakt tizimi o‘zgarayotgani sabab qaysi toifadagi talabalar diplomini olish uchun 3 yil ishlab berishi kerak emasligi, kimlarda bu majburiyat saqlanib qolayotgani haqida ma’lumot berdi.

Abduvali Xoliqovning yangi tartib bo‘yicha ma’lumot berishicha, endi talabalarga beriladigan grant ijtimoiy rag‘batlantiruvchi va ta’lim granti turlariga ajratilmoqda.

Ijtimoiy rag‘batlantiruvchi ta’lim granti qonunchilikda belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi.

Ular bu grantni to o‘qishni tugatguncha saqlab qoladi. Ta’lim granti esa umumiy kvota doirasida talabalikka qabul qilinadigan yoshlarga 1 yilga beriladi, keyingi yildan yana bilimli talabalarning o‘zlashtirishiga qarab taqsimlanadi.

“Birinchi kursda grantga kirgan talaba keyingi yil kontraktda o‘qishi ham mumkin. Ular 4 yil to‘liq grantda o‘qimaganliklari sababli 3 yil ishlab berish majburiyati ham bekor bo‘ladi. Lekin maqsadli qabul asosida talaba bo‘lganlar, turli tashkilotlarning buyurtmasi asosida talaba bo‘ladigan toifadagi yoshlarning ko‘rsatilgan muddatda ishlab berish majburiyati saqlab qolinadi”, deb ma’lumot berdi Abduvali Xoliqov.

Shuningdek, intervyuda qayd etilishicha, 3 yil ishlab berish talabi bekor bo‘lishi 2024 yildan talabalikka qabul qilinadigan yoshlarga tegishli. Bu ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarga tegishli emas. Ularning bo‘ynida 3 yil ishlash talabi hali ham turibdi.

Mavzuga oid