22:09 / 03.06.2024
9030

Qishloq xo‘jaligi vazirligi «zararli pomidor» yuzasidan Qozog‘istonga so‘rov yubordi 

«Xavfli virus» sababli Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgani aytilgan 4 tonna pomidor bilan bog‘liq vaziyat o‘rganib chiqiladi. 

Foto: Getty Images

Qozog‘istonga yuborilgan va «xavfli virus» sababli O‘zbekistonga qaytarilgani aytilgan 4 tonna pomidor bilan bog‘liq vaziyat o‘rganib chiqiladi. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi holatga aniqlik kiritish maqsadida Qozog‘istonga so‘rov yuborganini ma’lum qildi. 

Qayd qilinishicha, yuz bergan holatga oydinlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv o‘tkazilgan. Unda mahsulot Toshkent viloyatining Qibray tumanida yetishtirilgani aniqlangan, uni Qozog‘istonga yetkazgan tadbirkor O‘zbekistonga qaytarilmaganini ma’lum qilgan. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ta’kidlashicha, meva-sabzavotlarni eksportga yo‘naltirishdan avval ichki fitosanitar sertifikat rasmiylashtiriladi. Pomidor eksportida asosiy talablardan biri mahsulotning zararli organizmlardan, jumladan «pomidorning jigarrang bujmayishi virusi»dan holi ekanligi hisoblanadi. 

Xabarga ko‘ra, Qozog‘istonga jo‘natilgan pomidordan ham namuna olingan va tegishli tartibga asosan laboratoriyada PZR usulida ekspertiza o‘tkazilgan. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, pomidorda «jigarrang bujmayish virusi» aniqlanmagan. 

Shu sababli, qozog‘istonlik hamkasblarga laboratoriya ekspertizasini o‘tkazish metodologiyasi, o‘tkazilgan tahlillarning praymerlari, video va fotosuratlari taqdim etilishi yuzasidan so‘rovnoma jo‘natilgan. 

Shuningdek, tekshiruv davomida yuklangan mahsulot bir dalada yetishtirilmagani va turli dehqon xo‘jaliklaridan yig‘ib olingani ma’lum bo‘lgan. Vaziyatni joyida o‘rganish maqsadida ishchi guruh shakllantirib, Toshkent viloyatining Qibray tumaniga jo‘natilgan. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ta’kidlashicha, «pomidorning jigarrang bujmayish virusi» (Tomato brown rugose fruit virus – ToBRFV) inson organizmi uchun xavfsiz bo‘lib, zararlangan pomidorni iste’mol qilganda ham inson organizmiga salbiy ta’sir qilmaydi.

Top