23:00 / 04.06.2024
5771

Davolovchi g‘or, Geraklning hikoyalari, “yorilgan” tog‘ hamda betakror dengiz sayohati – Alanyaning albatta borish kerak bo‘lgan 5 nuqtasi

Yozning jazirama issiq kunlarida ko‘pchilik dengiz sohillari va tabiati so‘lim tog‘li joylarga sayohatga oshiqadi. Bu borada o‘zbekistonliklar uchun eng qulay bo‘lgan lokatsiyalardan biri Turkiyaning Alanya o‘lkasi hisoblanadi. Asialuxe Travel turoperatori afsonaviy Alanyaga sayohat qilish uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda.

Alanya Turkiyaning eng go‘zal shaharlaridan biri hisoblanadi. O‘rtayer dengizi sohillari va Toros tog‘lari etaklarida joylashgan hudud takrorlanmas tabiat go‘zalligi, bir necha ming yillik tarixga ega qal’alari hamda barcha imkoniyatlarga ega mehmonxonalari bilan turistlarni o‘ziga jalb qilib keladi.

Uch qismli qal’a

Alanyaga sayohatni hududdagi yarimorolchada joylashgan Alanya qal’asi bilan tanishishdan boshlagan ma’qul. Negaki, bu yer, ya’ni qal’aga chiqish nuqtasi bo‘lgan Damlatash ko‘chasi Alanya shahri markazi hisoblanadi.

Alanya qal’asi uch qismdan — quyi qal’a, o‘rta qal’a va ichkari qal’adan iborat. Ma’lumotlarga ko‘ra, quyi qal’ada oddiy odamlar, o‘rta qal’ada saroyda ishlaydiganlar va ichkari qal’ada hukmdorlar yashagan. Qal’a ichkarisida hozirgi kunda ham mahalliy aholining yashash uylari bor.

Qal’a atrofini O‘rtayer dengizi to‘lqinlari yuvib turgan tepalikda qurilgan. Tarixi miloddan avvalgi bir necha yuz yillikka borib taqaluvchi qal’a 1221 yilda Saljuqiylar sultoni Alovuddin Kaykubod tomonidan zabt etilgan. Uning davrida qal’ada ko‘plab qurilishlar amalga oshirilgan.

Keyinchalik qal’a davlat ishlarini o‘rganishi uchun Alanyaga yuborilgan Usmoniylar shahzodalarining yozgi qarorgohi vazifasini ham o‘tagan. 

Qal’aga piyoda yoki istasangiz kanat yo‘li orqali ko‘tarilsangiz bo‘ladi. Qal’aning hukmdorlar yashagan eng yuqori qismida dengizning go‘zal manzaralarini hamda Kleopatra plyajini kuzatish mumkin.

“Yorilgan” tog‘ – Sapadere kanoni

Alanyaning navbatdagi go‘zal maskani Sapadere kanoni hisoblanadi. Uning uzunligi 750 metrni, balandligi 400 metrni tashkil qiladi.

Kanonning kirish qismidan 600 metr masofaga qadar maxsus yo‘lak qurilgan. Yo‘lakning pastki qismidan esa soy oqib, sharsharalar hosil qilib turibdi. Sapadere kanoniga borib, tabiatning betakror manzaralarini tomosha qilish, hattoki soy suvida cho‘milish mumkin.

Davolvochi g‘or

Alanyaga borganlar Dim va Damlatosh g‘orlarini ko‘rmasdan qaytmaydi. Negaki, mazkur g‘orlardagi shifobaxsh havo ko‘plab nafas yo‘llari kasalliklari uchun davo ekani aytiladi.

Dim g‘orining yoshi taxminan 1 mln yilga teng. Uning uzunligi 360 metrni, kengligi va balandligi 10-15 metrni tashkil qiladi. G‘or ichida turistlar qulay yurishi uchun maxsus yo‘lak qurilgan. 

Gerakl hikoyalari – Siyedra antik shahri

Alanyada ko‘rib hayratlanish mumkin bo‘lgan yana bir manzil shahar markazidan taxminan 20 km uzoqlikda, tog‘ ustida, mahalliy aholi tomonidan Asar Tepe deb nomlangan tepalikda joylashgan Siyedra antik shahridir.

Tarixi miloddan avvalgi VII-VI asrlarga borib taqaladigan Siyedra antik shahrida Rim hammomi, do‘konlar, teatr, uylar xarobalarini ko‘rish mumkin. Siyedrada 1800 yillik zinalar o‘z holida saqlanib qolgan.

Ayniqsa, antik shahardagi hammom alohida e’tiborni tortadi. Chunki hammomning pol qismiga mozayka ko‘rinishida afsonaviy qahramon Geraklning hikoyalari tasvirlangan. 

Siyedrada hozirgi kunda ham arxeologik qazishma ishlari davom ettirilmoqda. 

Ochiq dengizga sayohat

Tog‘lardagi qal’alarni ko‘rib qaytgach, ochiq dengizga sayohatga chiqish mumkin. Bu sayohatchi uchun hayajonli bo‘ladi. Negaki, O‘rtayer dengizidan turib Alanya manzaralarini tomosha qilish, dengizda cho‘milish sayohatchiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.

4-5 soatlik dengiz sayohati unutilmas lahzalarni hadya qiladi va bu manzillarga qaytib borish istagi tug‘iladi.

Bulardan tashqari, Alanyada qalin o‘rmon bilan qoplangan Toros tog‘lariga chiqib, bu yerlardagi turk milliy oshxonalarida nonushta qilish, shuningdek, shahar markazidagi xalq bozoriga tushib, baliq va dengiz mahsulotlaridan, turli xil mevalar hamda giyohlardan tayyorlanadigan turk choylaridan sotib olish mumkin.  

Yaqinda o‘zbekistonliklar uchun Alanyaga borish yanada qulay bo‘ladi. Asialuxe Travel turoperatori O‘zbekiston shaharlaridan Alanyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bungacha esa Asialuxe Travel turoperatorining to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslari orqali Antaliyaga uchib, so‘ngra mashinada Alanyaga borish mumkin.

Mavzuga oid
Top