Jahon | 22:56 / 04.06.2024
10274
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya xorijliklar uchun «rusiyzabon» maqomini bekor qilmoqchi

Chet el fuqarolarini rusiyzabon sifatida tan olish tartibi o‘tgan yili bekor qilingan, biroq bir qator qonunlarda ushbu maqom egasi olishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar mavjud edi. Hukumat tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi ularni bekor qilishi kerak. 

Foto: RIA Novosti

Chet elliklar Rossiyada endi rusiyzabon maqomini ololmaydi va unga bog‘liq imtiyozlarga ega bo‘lolmaydi. Tegishli qonun loyihasi Davlat Dumasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi, deb xabar berdi «Rossiyskaya Gazeta». 

Ilgari, ushbu maqomdagi chet elliklar, yashash uchun ruxsatnoma va Rossiya fuqaroligini olish uchun murojaat qilishi mumkin edi. Chet el fuqarolarini rusiyzabon sifatida tan olish tartibi o‘tgan yili bekor qilingan, biroq bir qator qonunlarda ushbu maqom egasi olishi mumkin bo‘lgan imtiyozlar mavjud edi. Hukumat tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi ularni bekor qilishi kerak. 

Qonunchilikdagi bosqichma-bosqich o‘zgarishlar qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar rusiyzabon maqomini olgan odamlarga yashash uchun ruxsatnoma va Rossiya fuqaroligini olish uchun qonunda nazarda tutilgan imkoniyatlardan foydalanish imkonini berdi. 

Shu bilan birga, qonun loyihasida «qondosh tamoyili» asosidagi ehtimoliy rusiyzabonlarga nisbatan istisnolar ham mavjud. Ya’ni, Rossiya imperiyasi yoki SSSR hududida doimiy yashagan odamlar Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish huquqini saqlab qoladi. Ularga yashash uchun ruxsatnoma berishning soddalashtirilgan tartibini saqlab qolish nazarda tutilgan. 

Ularning yaqin qarindoshlari ham soddalashtirilgan tartibdan foydalanishi mumkin, deb tushuntirdi «Migrant servis» ilovasining ijrochi direktori Andrey Kladov. 

2015 yildan 2023 yilgacha Rossiya Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga 209 mingdan ortiq chet el fuqarolari rusiyzabon maqomini olish uchun ariza bilan murojaat qilgan. Ulardan 49 mingtasiga yashash ruxsatnomasi berilgan, deyiladi qonun loyihasi ilovasida. 

Shu bilan birga, ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, rusiyzabonlar orasidan Rossiya fuqaroligiga da’vogarlarning 70 foizidan ortig‘i boshqa asoslarga ko‘ra yashash uchun ruxsatnoma olgan. 

Shuningdek, qonun loyihasida malakali mutaxassislarga yashash uchun ruxsatnoma olish muddati ham tartibga solinadi. Ilgari, ular 6 oydan so‘ng yashash uchun ruxsatnoma olishga, 1 yildan keyin esa fuqarolik uchun ariza berishi mumkin edi. Endi bunday mutaxassis Rossiyada 1 yil ishlagandan keyin yashash uchun ruxsatnoma olishi mumkin, ammo fuqarolikni olish imkoniyati umuman nazarda tutilmagan. 

Hujjat mualliflari qonunchilikdagi ushbu o‘zgartirishni malakali mutaxassislar Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar sifatida tasniflanmagani bilan izohlaydi. Chunki uning konsepsiyasi Rossiya fuqaroligini rasmiy mezonlar asosida berishni nazarda tutmaydi, shaxs va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida haqiqiy aloqa mavjudligini hisobga olmaganda, albatta. 

Qonun loyihasidagi boshqa me’yorlarga ko‘ra, Rossiya fuqaroligidan ixtiyoriy ravishda voz kechganlar Rossiya hududida 90 kungacha qolishi mumkin bo‘ladi. Ular yashash uchun ruxsatnomani soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin. 

Ammo qalbaki, soxta yoki haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar taqdim etganlar, shuningdek, yolg‘on ma’lumotlar asosida fuqarolik olganlar 15 kun ichida mamlakatni tark etishi shart. Qonunda bunday odamlarning yashash uchun ruxsat olish imkoniyati belgilanmagan.

Mavzuga oid