11:35 / 05.06.2024
4701

Samarqandda 9-sinf o‘quvchisi Nexia bilan urib yuborgan 6 yoshli qiz vafot etdi

9-sinf o‘quvchisi otasiga tegishli mashinani yuvish uchun ko‘chaga olib chiqqan va katta tezlikda harakatlanib qizchani urib yuborgan.

Foto: Videodan kadrlar

Samarqand viloyati Urgut tumanida 9-sinf o‘quvchisi Nexia-2 mashinasini boshqarib 6 yoshli qizni urib yuborgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 2 iyun kuni sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Urgut tumani Yangihayot mahallasida, shu tumanda yashovchi fuqaroning 9-sinfda o‘qiydigan farzandi Nexia-2 mashinasini haydab ko‘chaga chiqqan.

So‘ng mashinani katta tezlikda boshqarib yo‘lni kesib o‘tayotgan 6 yoshli qizchani urib yuborgan. Oqibatda qizcha og‘ir tan jarohatlari olgan va shifoxonada vafot etgan.

MY5 telekanalining Markaziy studiya dasturida ko‘rsatilgan lavhada o‘quvchining otasi mashina kaliti o‘zida qolgan paytda o‘g‘li undan so‘ramay, mashinani olib chiqib ketganini aytgan.

Qayd etilishicha, hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top