20:36 / 06.06.2024
25021

«Sahifa yopilgan» - Putin O‘zbekiston aholisi soni va Rossiyaning imperiyachilik ambitsiyalari bo‘yicha gaplar mantiqsizligi haqida

Vladimir Putin O‘zbekiston aholisi soni o‘sishi sur’atidan hayratda ekanini yashirmadi va tez orada Fransiyani quvib yetishi mumkinligini aytdi.

Foto: RF prezidenti matbuot xizmati

Rossiyaning bugungi rahbariyatida SSSRni tiklash ambitsiyalari yo‘q. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Putin xalqaro jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida France-Press agentligi bosh muharriri Karim Talbining savoliga javob berish asnosida aytib o‘tdi

AFP bosh muharriri Peterburgdagi «Gazprom» korporatsiyasi qarorgohi joylashgan «Laxta-sentr» binosi oldida ko‘tarilgan uch bayroq – Rossiya, SSSR yoki Rossiya imperiyasi bayroqlaridan qaysi biri Putinga yaqinroq ekani haqida so‘ragan. Putin bunga javoban Rossiya bayrog‘ini aytgan.

— Bu qanchalik g‘alati tuyulmasin, «Gazprom»ning qarori. Albatta, janob Miller menga shunday qilmoqchi ekanini aytgandi. Men nega, axir davlat bayrog‘i bor-ku dedim. U esa shunday javob berdi: bu ham tariximizning bir qismi. Men qarshilik qilmadim.

Barchasining o‘z asosi bor, bor gap shu. Bunda o‘zi yo‘q narsani izlashning hojati yo‘q, qandaydir imperiya ambitsiyalarimizni izlash kerak emas – ular yo‘q. Ular yo‘q, chunki dunyo tez o‘zgarmoqda. Mana, O‘zbekistonni olaylik. U yerda qancha aholi borligini bilasizmi? Bilmaysiz. Fransiyada hozir qancha?

65. O‘zbekistonda – allaqachon 37. Endi e’tiboringizni «ekranga» qarating: har yili bir million qo‘shilmoqda. Million – O‘zbekistonda aholi o‘sishi. Bunday sur’atda ular tez orada Fransiyani quvib o‘tishadi. Agar migrantlarni ham ayirib tashlasak, tez orada Fransiyada ham O‘zbekistondagidek bo‘lib qoladi.

Endi bu gaplarning sababini tushuntiraman. Agar kimdir bizni qandaydir imperiya ambitsiyalarida gumon qilayotgan bo‘lsa, tasavvur qilib ko‘ring: biz sovet ittifoqini tiklaymiz va bizda islom dinidagi aholi ustunlik qiladi. Hech qachon shu tomonini o‘ylab ko‘rmaganmisiz? 

Yo‘q joydan mavjud bo‘lmagan narsani ixtiro qilishning hojati yo‘q. Biz islom dinidagi aholi o‘sishiga qarshi emasmiz – biz, aksincha, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida bo‘layotgan ishlardan mamnunmiz. Bizda islom dinidagi aholi ko‘pchilikni tashkil etadigan ayrim respublikalarda tug‘ilish juda yaxshi – biz juda xursandmiz. Ammo o‘tgan ishning bari o‘tdi, sahifa yopilgan. Biz bugungi reallikdan chiqib kelajakka qaraymiz. Siz ko‘rgan bayroqlar – bizning tarixning bir qismi. Bu fikrlar asosida Rossiya haqida hech narsani o‘ylab topmaslik kerak, Rossiyadan dushman obrazini yasamaslik kerak, bu bilan faqat o‘zingizga zarar keltirasiz, tushunyapsizmi?

Top