22:26 / 06.06.2024
2534

Mirziyoyev va Erdo‘g‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Yig‘ilishda har ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish ta’kidlangan.

O‘zbekiston tomonidan tadbirda Global Textile, ProCab, Agromir Group, ERIELL Group, Akfa Holding, Murad Buildings, SAG, BMB Holding, Uzbekistan Hydrogen kompaniyalari ishtirok etgan.

Turkiya tomonidan Çalık, Cengiz, Acibadem, Eczacıbaşı, Anadolu Group, Aksa Energy, Zorlu, Kalyon, Onur Group kabi holding kompaniyalari qatnashgan.

Tadbirkorlar bilan bunday formatdagi muloqot ilk bor o‘tkazilmoqda. Yig‘ilishda O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Ishbilarmonlar kengashining tuzilishi ikki tomonlama munosabatlar rivoji yangi bosqichga ko‘tarilganining ramzi ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston rahbari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik izchil sur’atda rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda turk sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga oshgan va 2 mingtaga yetgan. Investitsiyalar hajmi ikki barobarga ortgan.

Prezidentimiz energetika, qurilish, konchilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida Cengiz Energy, Aksa Energy, Çalık Holding, Eczacıbaşı va Anadolu kabi turk kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyatini ko‘rsatib o‘tgan.

Davlatimiz rahbari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab, eng avvalo, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni taklif etgan.

O‘zbekiston-Turkiya sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston prezidenti davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan. Shu asosda 3 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Kengash uchrashuvida konchilik sanoatida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Turkiyaning yirik kon-geologiya kompaniyalari bilan foydali qazilmalarni o‘rganish va qazib olish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Turkiya O‘zbekiston bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishini bildirgan.

U ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidlagan. Turkiya yetakchisi kengash ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash maqsadida konstruktiv muloqotga chaqirgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari tomonidan ustuvor sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan aniq takliflar bildirilgan.

Davlat rahbarlari tadbirkorlar birgalikda ishlashga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, mas’ul rahbarlarga ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Mavzuga oid
Top