22:08 / 03.07.2024
7607

Mark Feygin: «Arestovich Kremldan pul olib, uning manfaatiga ishlamoqda»

Rossiyalik huquqchi va jurnalist, «Feygin LIVE» YouTube kanali muallifi Mark Feygin urush boshlangach u bilan birga 1,5 yil efir olib borgan ukrainalik siyosatchi Aleksey Arestovichni Kremlga ishlashda aybladi.

Foto: president.gov.ua

Feygin bu haqda Nino Rosebashviliga bergan intervyusi davomida aytgan. Suhbat davomida o‘z vaqtida Zelenskiy ma’muriyati a’zosi bo‘lgan Aleksey Arestovichning rossiyalik jurnalist Kseniya Sobchakka intervyu bergani muhokama qilingan. Feygin bu savolga javob berar ekan Arestovich Kreml ishongan odamlardan pul olishini aytgan.

«Arestovich antiukrainachi propaganda vakiliga aylandi. Sobchakka intervyu berdi. Endi navbat kimga, Solovev yoki Skabeyevagami?» degan Feygin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Arestovichga Kreml ishongan bir qator odamlar, xususan, Viktor Medvedchuk tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilmoqda. Vositachi sifatida esa go‘yoki jurnalist Aleksey Venediktov ishtirok etgan.

«Biz efirga chiqmay ketganimizdan keyin Arestovichga Ukraina prezidenti bo‘lish istagi paydo bo‘ldi. Albatta, bunga hammaning haqqi bor, unda kerakli bilim, ma’lumotlar ham yo‘q emas, lekin u negadir istagiga har qanday yo‘l bilan erishishga tayyor bo‘lib qoldi. Kreml esa uning bu istagidan foydalana boshladi», degan Feygin.

Ma’lumot uchun, Feygin va Arestovich Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach, har kuni YouTube'da jonli efirlar qilib, frontdagi holatni tahlil qilib borishardi. Efirlardan birida Arestovich Ukrainadagi uylardan biri havo hujumidan mudofaa tizimi urib tushirgan raketa qoldiqdari oqibatida vayronaga aylangani haqida xabar beradi. Kiyev esa uy ruslar raketasi kelib tushishi oqibatida vayron bo‘lganini ma’lum qilgandi.

Shundan keyin urush boshida Zelenskiy ma’muriyatida bo‘lgan Arestovich hukumatdan uzoqlashdi va Feygin bilan efirlarni ham to‘xtatdi. Keyin Ukrainani tark etib, Kiyevni tanqid qilishga o‘tdi. Unga qarshi Ukrainada ham, Rossiyada ham jinoiy ish ochilgan.

Mavzuga oid
Top