Jahon | 19:27 / 19.07.2024
8134
6 daqiqa o‘qiladi

Microsoft tizimi ishida global uzilish: bu kiberhujummi yoki boshqa narsa?

19 iyul kuni Windows operatsion tizimida ishlovchi qurilmalarning ishida global uzilish ro‘y berdi. Kompyuterni yoqqanda foydalanuvchilar tizim xatosini bildiruvchi “ko‘k o‘lim ekrani” (Blue Screen of Death, BSoD)ga ro‘para kelishdi.

Foto: Harun Ozalp / Anadolu / Reuters

Muammo ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh, Buyuk Britaniya, YeI davlatlari, Hindiston, Yangi Zelandiya va Avstraliyada kuzatilgan. Rossiya va O‘zbekistonda muammo kuzatilmagani xabar qilindi.

Nima bo‘ldi?

Uzilishga sabab CrowdStrike kompaniyasining Falcon Sensor chetki dasturining yangilanishi bo‘lgani aytilmoqda. Servis vakillari bu ma’lumotni jurnalistlarga tasdiqlagan. Kompaniya shuningdek dastur yangilanishini ortga qaytargani va uzilish natijasida jabr ko‘rgan mijozlar bilan ishlashayotganini aytgan. CrowdStrike rahbari Jorj Kursning qayd etishicha, sodir bo‘lgan voqea kiberhujum yoki xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga bog‘liq emas.

Bir vaqtning o‘zida Microsoft 365 servisi va Microsoft Azure bulutli platforma ishlarida ham uzilishlar kuzatilgani xabar qilindi. Bu ma’lumotni Downdetector ma’lumotlari ham tasdiqlamoqda. Kompaniyaning qayd etishicha, tizim ishini qisman tiklashga muvaffaq bo‘lingan, biroq ayrim foydalanuvchilarda hamon muammo kuzatilishi mumkin. Azureʼning ishdan chiqishi ham CrowdStrikeʼning yangilanishi bilan bog‘liq. Microsoft 365ʼdagi muammolar sababi sifatida Azure serverlarining konfiguratsiyasi o‘zgargani keltirilmoqda.

Uzilish qanday oqibatlar keltirib chiqardi?

Uzilish natijasida aviatashuvchilar, banklar, tele va radioeshittiruvchi kompaniyalar, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab ko‘plab tashkilotlarning ish rejimiga ziyon yetdi. Microsoft dasturiy ta’minotidagi muammodan zarar ko‘rgan foydalanuvchilarning aniq soni hozircha noma’lum.

Amerikaning bir necha yirik aviakompaniyalari parvozlarni bekor qilishga yoki kechiktirishga majbur bo‘lgan. Yevropa va Avstraliya aviatashuvchilari yo‘lovchilarni reyslarning kechiktirilishidan ogohlantirgan. Ayrim aeroportlarda reyslarning nomerini doskada markerlar bilan yozishga to‘g‘ri kelgan.

Britaniyaning Sky News telekanali ko‘rsatuvlarni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Yaponiyada McDonaldʼs tez taom tayyorlash restoranlarining 30 foizi kassa apparatlarida muammo kelib chiqqani uchun yopilgan.

Uzilish Isroildagi o‘nlab shifoxonalardagi axborot tizimlarining ishiga ta’sir qilgan. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bu muammo bemorlar bilan ishlashga ta’sir qilmasligini bildirgan.

Dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risidagi xabarlar fonida CrowdStrike aksiyalari 15 foizga tushib ketgan, Microsoft qimmatbaho qog‘ozlari 2 foizga arzonlashgan.

Rossiya va O‘zbekistonda uzilish ta’siri sezilmagan.

Rossiyada Microsoft dasturiy ta’minotidagi uzilish ta’siri haqida xabarlar chiqmagan. RF havo transporti federal agentligi (Rosaviatsiya) Rossiyadagi barcha aeroportlar va aviakompaniyalar shtatli rejimda ishlayotganini qayd etgan. Rossiya Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ham aeroportlar ishida nosozlik kuzatilayotgani haqida xabarlar olinmaganini tasdiqlagan. Uzilish “Rossiya temiryo‘llari” informatsion tizimiga ham daxl qilmagan.

Uzbekistan Airports O‘zbekistondagi barcha aerodromlarda uchish va qo‘nish jarayonlari odatdagidek davom etayotganini ma’lum qildi. Mabodo yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish jarayonida dasturiy nosozliklar kuzatilsa, muqobil ro‘yxatga olish tizimi taklif qilinishi bildirib o‘tildi.

Bu tarixda Microsoft tizimida kuzatilgan eng yirik nosozlikmi?

Hozircha nosozlik oqibatlarining miyoqsini baholash juda qiyin. Muammolar bir necha soat mobaynida kuzatilgan va hanuzgacha to‘liq bartaraf etilmagan. Ayrim OAVlar bu uzilishni allaqachon tarixdagi eng yirik nosozlik deb atamoqda.

CNET jurnalistlarining qayd etishicha, so‘nggi marta bunday miqyosdagi nosozlik 2021 yilning iyunida kuzatilgan. O‘shanda Amazon, Reddit, Spotify, eBay, Twitter, Twitch va Pinterest kabi bir qator internet kompaniyalar va servislarning ishida muammo kelib chiqqan. Nosozlikka sabab qilib Fastly trafikni optimallashtirish bulutli platformasi infratuzilmasidagi uzilish ko‘rsatilgan edi. O‘shanda muammo bor-yo‘g‘i 45 daqiqa davom etgan.

Data Center Knowledge nashrining yozishicha, so‘nggi 10 yil ichida Microsoft Azure bulutli platformasida har biri bir necha soat davom etgan 14 ta yirik nosozlik kuzatilgan. Ularning ayrimlari tashqi ta’sirlar, masalan, noqulay ob-havo sharoitlari tufayli ro‘y bergan.

Kompyuterni bunday vaziyatda qanday himoyalash mumkin?

Afsuski, to‘liq himoyalanishning imkoni yo‘q. Ayrim holatlarda boshqa operatsion tizimga ega kompyuterlardan foydalanish yordam berishi mumkin. CrowdStrike rahbarining bayonotida nosozlik macOS va Linux foydalanuvchilariga tasir qilmagani aytilgan. Muqobil operatsion tizimlarda ishlovchi dublyorlardan foydalanish kompaniyalarga bunday holatlar paydo bo‘lishidan sug‘urtalanish imkonini beradi.

Shuningdek, muammoni avtomatik yangilanishlarni o‘chirib qo‘yish bilan ham bartaraf qilish mumkin. Bu beqaror relizlar va tizimlar o‘rtasida nazarda tutilmagan ziddiyatlar bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lmaslikni ta’minlaydi. Nima bo‘lganda ham, yangilanishlarni avtomatik tarzda emas, dasturiy ta’minotning to‘g‘ri ishlashiga ishonch hosil qilib, qo‘lda o‘rnatish kerak.

Mavzuga oid