Köpgina mamlakatlarda aviakompaniyalar, şifoxonalar va televideniyeda uzilişlarga olib kelgan Microsoft tizimlaridagi jiddiy nosozlikdan söng vaziyat asta-sekin barqarorlaşmoqda. «Köplab sohalarda vaziyat normal holatga qaytmoqda, biroq köplab kompaniyalar hali ham muammolarni bartaraf etmoqda», — deb xabar berdi Germaniya Axborot texnologiyalari xavfsizligi federal idorasi (BSI). AQŞ va Osiyoning köplab mamlakatlarida havo qatnovi tiklandi. Berlin aeroporti yana muammosiz işlamoqda. 

Microsoft korporatsiyasida global uziliş 19 iyul kuni CrowdStrike kiberxavfsizlik kompaniyasining antivirus dasturiy ta’minotidagi nuqsonli yangilaniş tufayli yuz berdi. Microsoft ma’lumotlariga köra, Windows operatsion tizimida işlaydigan 8,5 million qurilma (kompyuterlarning bir foizdan kamroği) zarar körgan. 

Uziliş Microsoft Azure, Microsoft Defender, Microsoft Intune, Microsoft OneNote, OneDrive for Business, SharePoint Online, Windows 365, Viva Engage, Microsoft Purview, PowerBI, Microsoft Fabric, Microsoft Teams va Microsoft 365 admin center kabi dasturlarga ta’sir körsatdi. 

Köplab mamlakatlarda keng kölamli muammolar

Microsoft Azure’dagi nosozlik tufayli aviakompaniyalar, aeroportlar, banklar, ommaviy axborot vositalari va tibbiy tizimlar işida muammolar yuzaga keldi. Windows 10 operatsion tizimida işlovçi qurilmalar ekranida BSOD (kök ekran) xatosi körindi. Şu fonda Germaniya, AQŞ va boşqa mamlakatlarning aviakompaniyalari parvozlarni töxtatdi, Britaniyaning Sky News telekanali efirda vaqtinça tanaffus oldi, odamlar kasalxonalarga yozila olmadi va hokazo.

Microsoft ta’kidlaşiça, nosozlikdan zarar körgan qurilmalar foizi kiçik bölsa-da, sezilarli iqtisodiy va ijtimoiy ta’sir «CrowdStrike muhim xizmatlarni taqdim etuvçi taşkilotlar tomonidan qöllanişini körsatadi». Kompaniya bayonotida aytilişiça, CrowdStrike Microsoft’ga vaziyatni tezroq hal qilişga yordam beradigan yeçim işlab çiqişda kömak körsatdi.

Rossiyaga uziliş ta’sir körsatmadi, çunki mamlakatda CrowdStrike yeçimlari deyarli yöq, Microsoft esa bir yil oldin Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumidan keyin kiritilgan sanksiyalar tufayli köpçilik rus mijozlarini Azure’dan uzib qöydi.