O‘zbekiston | 19:00 / 02.08.2024
36920
3 daqiqa o‘qiladi

340 ming abituriyentning “ikki” baho olishi va huquq testlaridagi mojaro - BMBA rasmiylari nima deydi?

Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimbekov, agentlik huzuridagi ilmiy-o‘quv amaliy markazining bo‘lim rahbari Mirshod Ermamatov va O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja joriy yilgi test sinovlarining yakunlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Bu yil 740 mingga yaqin abituriyent kirish imtihonlarida qatnashdi. Bu o‘tgan yilgidan 151 mingga kam. O‘tish balli esa eng yuqori – 189 ballning 30 foizi miqdorida belgilangan, ya’ni 56,7 ball. Ana shu ballni olgan abituriyentning bahosi “1” dan sal yuqori bo‘ladi. Ammo 350 mingga yaqin talabgor savollarning 30 foiziga ham to‘g‘ri javob berolmagan.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘janing fikricha, bu – yoshlarda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqning tobora tushib borishi bilan bog‘liq. Bilimni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Zafarbek Olimbekov esa vaziyatni o‘tgan yilgidan yaxshiroq deb baholadi. Agentlik huzuridagi markaz imtihon va undan keyingi natijalarni har yili tahlil qiladi. Natijalarni umumiy emas, avvalo shu yil bitirgan bitiruvchilar yig‘gan ballar asosida ko‘rib chiqish kerak, deydi Olimbekov.

Shuningdek, bu yilgi kirish imtihonlarida huquqshunoslikdan tushgan savollar oldindan e’lon qilingan manbalardan emasligi aytildi. Abituriyentlar va ularning ota-onalari bundan jiddiy noroziligini bildirdi. Ammo agentlik o‘z pozitsiyasida sobit qolmoqda. Boshqarma boshlig‘iga ko‘ra, savollarning hammasi davlat dasturi asosida bor va avvaldan e’lon qilingan manbalardan olingan. Lekin qonun va kodekslar o‘zgarsa, o‘zgargan variant asos qilinib olinishi abituriyentlar o‘rtasida chalkashlikni keltirib chiqargani haqiqat.

BMVA vakillarining fikricha, o‘tish ballini ham ololmaganlar sonining bu qadar ko‘pligiga ba’zi abituriyentlarning hattoki savolni ko‘rmay javoblarni belgilashi ham ta’sir ko‘rsatgan. O‘z bilimini sinash uchun kelgan ayrim o‘qituvchilar va bu yilgi savollar bilan tanishish maqsadida imtihonga kirgan repetitorlar faqat o‘z fani bo‘yicha testlarni yechadi, qolgan fanlarga qaramaydi, deydi ular.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid