O‘zbekiston | 22:00 / 06.09.2025
27837
16 daqiqa o‘qiladi

Kutilmagan o‘zgarish va qamoqdagi hokim - hafta dayjesti

Piskentdagi sinovlar kutilmaganda to‘xtatildi: davlat avtomobil narxlarini “maqbullashtirmoqchi”. AI-80 benzinining ulgurji savdosi tugadi: uning o‘rnini prisadkali 92+ egallaydi. “Dom” qurish uchun 60 ming dollar: O‘zbekistondagi ikkinchi eng katta shahar hokimi pora bilan ushlandi. Avgust imtihonlaridan xulosalar: maktab bitiruvchilarining katta qismi “ikki” baho olgan, qator viloyatlarda ahvol chatoq.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Piskentdagi sinovlar – bekor

Import qilingan avtomobillarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish boshlanganidan 1 yil o‘tmay, kutilmaganda bekor qilindi. 2 sentabr kuni Texnik tartibga solish agentligi sinovlar to‘xtatilganini e’lon qilib, buni dilerlik markazlari soni keskin ko‘paygani bilan izohladi. Agentlikka ko‘ra, xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekistondagi rasmiy dilerlari 2024 yilgacha atigi 3 ta bo‘lgan, hozir esa 21 taga yetgan, shu munosabat bilan jismoniy shaxslar o‘z nomiga olib kirgan mashinalarni qo‘shimcha sinovdan o‘tkazishga go‘yoki zarurat qolmagan.

Albatta, bu izohning yopishmaydigan joylari ko‘p. Katta ehtimol bilan, avtopoligon talabi dilerlar soni oshgani uchun emas, shunchaki yuqoridan topshiriq bo‘lgani uchun bekor qilingan. Shu paytgacha berib kelingan bayonotlardan kelib chiqilsa, davlat bu laboratoriyani qurish uchun millionlab dollar tashqi qarz olayotgan vaqtda: “Dilerlar soni 20 tadan oshsa, to‘xtatamiz” degan maqsadda bo‘lmagani aniq.

Nima bo‘lganda ham, o‘z nomiga avtomobil olib kiradigan jismoniy shaxslarning xarajati biroz bo‘lsa-da kamaydi: Piskentdagi sinov uchun 2 mln 116 ming so‘m to‘lash kerak edi. Eng muhimi, bir necha oy navbat kutish degan ortiqcha boshog‘riq yo‘qoldi. Qolaversa, o‘tgan vaqt davomida avtopoligonda tanish-bilishchilik orqali navbatni aylanib o‘tish va boshqa korrupsiyaviy holatlar borligi rasman o‘z tasdig‘ini topib ulgurgan edi.

Internetda tarqalgan mas’ul komissiya bayonidan ma’lum bo‘lishicha, bu amaliyotni to‘xtatish topshirig‘i Prezident administratsiyasidan kelgan. Va bu topshiriq faqat sinovlarni bekor qilishdan iborat emas. Raqobat qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligiga yuklatilgan vazifaga ko‘ra, 1 oy muddat ichida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, rasmiy va norasmiy dilerlar sotayotgan avtomobil narxlaridagi tafovutlar tahlil qilinib, narxlarni maqbullashtirish va tartibga solish bo‘yicha administratsiyaga taklif kiritilishi kerak.

“Narxlarni maqbullashtirish va tartibga solish” deganda nima nazarda tutilayotgani hozircha tushunarsiz. Agar gap: “Utilizatsiya yig‘imi va boj to‘lamaydigan kompaniyalardagi narxlar qanday qilib hech qanaqa imtiyozi yo‘q, donalab mashina olib kiradiganlarga qaraganda qimmatroq?” degan savol haqida ketayotgan bo‘lsa, bu umidbaxsh topshiriqdek ko‘rinadi. Amalda bozorni nimalar kutayotganini esa, faqat vaqt ko‘rsatadi.

AYoQShlarga AI-80 sotuvi to‘xtadi

Bir necha yildan beri ortga surib kelingan rejalardan biri shu hafta amalga oshdi: birjada AI-80 benzini sotuvi to‘xtatildi. “O‘zbekneftgaz” xabariga ko‘ra, avgust oyida tuzilgan bitimlar bo‘yicha shoxobchalarga AI-80 benzini sentabrda ham yetkazib beriladi, lekin yangi bitimlar tuzilmaydi. Shu tariqa, yaqin haftalarda benzinning eng arzon turi shoxobchalarda qolmasligi kutilyapti.

AI-80dan voz kechish – 2025 yilgi davlat dasturida belgilangan vazifa. Bu yoqilg‘i Yevro-4 standartiga javob bermaydi, zamonaviy avtomobillarning dvigateliga ham mos emas. Shu bilan birga, undan voz kechish benzinda yuradigan haydovchilar uchun yoqilg‘i xarajatining oshishini anglatadi. AI-80 va AI-92 narxlari qariyb 20 foizga farq qilsa, AI-92 va metan narxidagi farq undan ham katta. Demak, gaz bo‘lmaydigan qish oylarida aksariyat haydovchilar bunga tayyor turishi kerak.

“O‘zbekneftgaz” xabarida AI-80 to‘xtatilishi munosabati bilan birjada AI-92 taklifi 70 foizga oshirilgani aytilgan. Kompaniya ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati borligini bildirgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik hamkorlar bilan birga AI-92ga prisadka qo‘shgan holda seriyali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi. Bu esa qimmat narxda benzin sotib olayotgan iste’molchilarni tashvishlantirishi tabiiy. Iyul oyida Kun.uz studiyasidagi suhbatda Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davletov 92+ markasi ostida prisadkali benzin ishlab chiqarishga qo‘mita tomonidan e’tiroz bildirilganini aytgandi. “E’tiroz bildirganimiz uchun hozir to‘laqonli AI-92ga o‘tish masalasi ko‘rib chiqilyapti”, degandi iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha vakolatli organ rasmiysi.

Oxirgi paytlarda qurbi yetgan qatlam elektromobil olishga qaror qilayotgani – aynan benzin narxi va sifati bilan ham bog‘liq bo‘lsa ajab emas. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 8 oyida benzinda yuradigan mashinalardan 2,5 barobar ko‘p elektromobil import qilingan. E’tiborlisi, oxirgi 2 oyda elektromobillar importi keskin o‘sgan. Yanvar-iyun oylarida jami 14 355 ta elektromobil olib kirilgan bo‘lsa, iyul-avgust oylarida bundan ham ko‘proq: 14 593 ta elektrokar import qilingan. Birdaniga bunday keskin o‘sishga nima sabab bo‘lgani hozircha ma’lum emas.

Avgustdagi imtihon natijalari

Maktabni shu yil bitirib, oliygohga kirish uchun imtihon topshirgan yoshlarning 29 foizi “ikkichi” ekani ma’lum bo‘ldi. Bilim va malakalarni baholash agentligi ochiqlagan statistikaga ko‘ra, avgust oyidagi testlarda 395 ming nafar joriy yilgi bitiruvchilar qatnashgan bo‘lib, ularning 116 ming nafari, ya’ni 29 foizi minimal o‘tish ballini ham to‘plolmagan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 36 foiz bo‘lganiga qaraganda, ijobiy o‘zgarish borga o‘xshaydi. Shu bilan birga, maktabni endigina tugatgan yoshlarning chorak qismidan ko‘prog‘i maksimal ballning 30 foizini ham yig‘a olmasligi – yo ta’limning, yo testlarning sifatini shubha ostiga qo‘yadi.

Bitiruvchilar to‘plagan o‘rtacha ballarga qaraganda, maktab ta’limining sifati (yoki ota-onalarning farzand ta’limiga e’tibori) bo‘yicha respublikada Buxoro va Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahri yetakchilik qilyapti. Bu yilgi imtihonlarda buxorolik bitiruvchilar o‘rtacha 96 ball, ularning navoiylik tengdoshlari o‘rtacha 90 ball, maktabni shu yil tamomlagan toshkentlik yigit-qizlar esa o‘rtacha 87,5 ball to‘plagan.

Bitiruvchilarning o‘rtacha ko‘rsatkichi eng past hudud – Surxondaryo (74 ball). Undan keyingi o‘rinlarni bir ballik farq bilan Toshkent va Andijon viloyatlari egallaydi. Respublika bo‘yicha 619 nafar maktab bitiruvchisi maksimal ballni to‘plagan, bu – o‘tgan yilga qaraganda 5 barobarga ko‘p. Umuman olganda, maktabni bu yil tamomlagan yoshlarning 26 foizi talaba bo‘ldi.

Namangan shahri hokimi – qamoqda

Aholi soni bo‘yicha O‘zbekistonning ikkinchi eng katta shahri – Namangan shahar hokimi poraxo‘rlikda ayblanib hibsga olindi. DXX xabariga ko‘ra, Anvar Otaxo‘jayev hokimlik devonxona mudiri orqali 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. U shahardagi 35 sotix yerda joylashgan eski uy-joylar o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berish va moliyalashtirish va’dasi bilan pora olganlikda gumonlanyapti. Otaxo‘jayev avvalroq Namangandagi noqonuniy radarlarni oldirib tashlash talabi bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.

Bu hafta jinoyat ustida ushlangani xabar qilingan mulozimlar ro‘yxatida hokimdan tashqari tergovchi, soliqchi, qurilish va qishloq xo‘jaligi mansabdorlari ham bor. Xususan, Angren shahrida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik uchun 10 ming dollar so‘rab, shundan 5 ming dollarini olgan ichki ishlar tergovchisi qo‘lga olindi. Surxondaryoda Denov tumani soliq inspektori 6 mln so‘m pora olgan vaqtida ushlandi. Farg‘onadagi kichik sanoat zonasi xodimi 15 ming dollarga yer sotayotgan payti to‘xtatib qolindi. Zangiota tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi 20 ming dollar, Toshkent viloyati qurilish boshqarmasi yuristi esa 15 ming dollar bilan qo‘lga tushdi.

Hafta davomida, shuningdek, qurilish sohasidagi korrupsiya ko‘lami haqida gapirgan tadbirkorning so‘zlari muhokamalarga sabab bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda qatnashgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatovning aytishicha, qurilish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish uchun beriladigan poralar miqdori bitta uy uchun Toshkent viloyatida 100 ming dollargacha, Toshkent shahrida 200 ming dollargacha yetishi mumkin.

“Ruxsatnomaga “zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. “Zayavka” tashlayapmiz – “otkaz”. Toki haligi manziliga borib, “assalomu alaykum” bo‘lmaguncha... To‘g‘ri gapni gapirishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti. Misol uchun, bitta uyni 500 ming dollarga ko‘tarayotgan bo‘lsak, kimgadir 50 ming, kimgadir 100 ming, kimgadir 20 ming bo‘lib, u o‘sha joyga minib qolyapti”, dedi u.

Quruvchi asossiz rad javobini berganlik uchun mas’ullarni javobgarlikka tortishni so‘radi. Bunga javoban Qurilish vazirligi hujjatlarni kelishish elektron shaklda bo‘lishi, arizachi va davlat xizmatchisi o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Vazirlik korrupsiyaga duch kelgan fuqarolardan bu haqda xabar berishni so‘ramoqda.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Tashqi ishlar vazirligi Moskvada o‘zbek muhojirini haqoratlagan rus millatchisiga chora ko‘rishni so‘radi. Ma’lum qilinishicha, o‘zbeklarni “ruslarning quli” deb atagan erkakning shaxsini aniqlash va unga nisbatan chora ko‘rish haqida Rossiya tomoniga nota yuborilgan. Rasmiy bayonotda “bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi” degan jumla yo‘q bo‘lsa-da, yuborilgan notaning natijasi nima bo‘lgani haqida tez orada xabar berilishiga umid qilib qolamiz. Eslatib o‘tamiz, biz o‘tgan hafta dayjestimizda o‘zbeklarga qaratilgan qo‘pol haqoratni TIV javobsiz qoldirganini tanqid ostiga olgan edik. Vazirlikning nota yuborilgani haqidagi bayonoti ana shu tanqidlardan keyin, voqea videosi tarqalganidan 9 kun o‘tib yangragani e’tiborga molik.

Toshkentda uy-joy narxlarining arzonlashishi tezlashdi. 2025 yilning birinchi yarmida ham birlamchi, ham ikkilamchi bozordagi kvartiralar narxi Toshkent shahrida 14 foizga, Toshkent viloyatida esa 9 foizga pasaygan. Bu haqda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hisobotida so‘z boradi. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida uy-joy narxlari ko‘tarilishda davom etyapti. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish sohasini soyadan chiqarish uchun birlamchi bozordan uy olgan vatandoshlarga 5-6 foiz keshbek berish masalasi muhokama qilinyapti. Hozir quruvchilar 90 foiz yangi kvartiralarni soliq to‘lamasdan sotyapti, deydi Davron Vahobov.

Avtomobilning davlat raqamida sonlar emas, so‘zlarni yozish imkoniyati O‘zbekistonda ham paydo bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, kelasi yildan e’tiboran 6 tagacha harf va (yoki) raqamlar kombinatsiyasidan iborat “noyob” davlat raqamlari auksionda paydo bo‘ladi. Bu degani, ko‘chalarda “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” deb yozilgan raqamli mashinalarni uchratish mumkin bo‘ladi. Ma’lumot uchun, bunday tartib dunyoning bir qator davlatlarida allaqachon joriy etilgan bo‘lib, u davlat uchun budjetga qo‘shimcha tushum manbayi bo‘lib xizmat qiladi, qiziquvchan vatandoshlarda esa “777”ga o‘xshash “oltin” raqamlarga muqobil, ehtimol ulardan ham qimmat yangi tanlov imkoniyati paydo bo‘ladi.

Soyadan chiqarishga harakat qilinayotgan yana bir soha – qishloq xo‘jaligi. Shu maqsadda, prezident huzuridagi yig‘ilishda ko‘plab turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQSni bekor qilishga qaror qilindi. Bu tartib 1 yanvardan kuchga kiradi va QQSdan ozod qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati har yili e’lon qilib boriladi. Ro‘yxatga meva-sabzavotlar, go‘sht, sut, tuxum va boshqa mahsulotlar kiritiladi, paxta va g‘alla uchun QQS saqlanib qoladi. Respublika bo‘yicha fermerlarning qariyb yarmi bu yangilikdan bevosita manfaatdor bo‘ladi, dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. Iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, mazkur holatda QQS zanjirining uzilishi ko‘zda tutilayotgan manfaatni yo‘qqa chiqarishi mumkin, chunki fermer to‘lamagan QQSni keyingi bosqichda baribir kimdir to‘laydi. Shu sabab ushbu nol stavkali QQS chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasini ham qamrab olishi kerak, deydi boshqa bir iqtisodchi Otabek Bakirov.

Gaz quyish shoxobchalarida kuzatilayotgan ketma-ket favqulodda holatlardan navbatdagisi Andijonda ro‘y berdi. Juma kuni Andijon tumanidagi propan shoxobchasida yuk mashinasi sisternasidan suyultirilgan gazni to‘kish vaqtida yong‘in kelib chiqdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining dastlabki xabariga qaraganda, yong‘in 1 soatdan ortiqroq davom etgan. Jarohat olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda yonilg‘i quyish, saqlash va tashish korxonalarida juda ko‘p yong‘in va portlashlar ro‘y beryapti. O‘tgan oyda FVV bu borada murojaat bilan chiqib, shoxobchalar mas’ullaridan xavfsizlik qoidalariga bee’tibor bo‘lmaslikka chaqirgandi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid